O‘zbekiston | 17:11 / 04.03.2023
10138
4 daqiqa o‘qiladi
Reklama

Oliy ta’lim vaziri Ibrohim Abdurahmonovning “COVID-19” vaksinalari - hozirgi holat va istiqbollari” kitobi tahlil qilindi

Tibbiyot akademiyasi mutaxassislari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri, Jahon Fanlar Akademiyasi a’zosi Ibrohim Abdurahmonovning “Covid-19 Vaccines - Currrent state and perspectives” (“COVID-19” vaksinalari - hozirgi holat va istiqbollari” nomli kitobiga o‘z munosabatlarini bildirishdi.

2020 yilning 11 mart kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan dunyoda koronavirus pandemiyasi boshlangani rasman e’lon qilingan edi. Pandemiya boshlangandan buyon dunyoda qariyb 680 milliondan ortiq kishi COVID-19 infeksiyasi bilan kasallangan va 6,8 milliondan ziyod odam vafot etdi.

Hozir dunyo bo‘ylab kasallanish va o‘lim holatlari kamayib borayotgan bo‘lsada, JSST rahbari ma’lumotiga ko‘ra, pandemiya hali tugamagan. Hozirda koronavirus pandemiyasiga chalinganlar soni bo‘yicha AQSh (105 384 017), Hindiston (44 687 162), Fransiya (39 630 952), Germaniya (38 202 571),  Braziliya (37 066 791), Yaponiya (33 230 544), Shimoliy Koreya (30 543 981), Italiya (25 576 852) va Buyuk Britaniya (24 341 615) kabi davlatlar yetakchilik qilmoqda.

Afsuski, ushbu ofat bizning yurtimizni ham chetlab o‘tmadi. Shu kunga qadar O‘zbekiston Respublikasida COVID-19 infeksiyasi bilan kasallanganlar soni 251 071  nafar kishini, vafot etganlar soni esa 1 637 nafar kishini tashkil etdi. Shu vaziyatda davlatimiz rahbari tomonidan olib borilgan oqilona davlat siyosati natijasida pandemiya davrini katta iqtisodiy-ijtimoiy yo‘qotishlarsiz o‘tkazdi.

Bugun Yer yuzidagi epidemiologik holat uch yil avvalgiga nisbatan yaxshiroq. Biroq COVID-19ʼga beparvo bo‘lish yaramaydi, chunki bu virus insoniyat uchun misli ko‘rilmagan muammolarni keltirib chiqardi, jahon iqtisodiyotini vayron qildi, inson salomatligiga putur yetkazdi va ko‘plab odamlarning hayotiga zomin bo‘ldi.

JSST xulosasiga ko‘ra,  kasallikka qarshi maksimal samaradorlikka erishish uchun odamlar to‘liq bosqichda va buster dozada emlanishlari zarur. COVID-19 vaksinalarini ishlab chiqish bo‘yicha global tadqiqot ishlari olib borildi.

Dunyo bo‘ylab yetakchi farmatsevtika kompaniyalari, ilmiy tadqiqot markazlari va yetakchi tashkilotlar COVID-19 vaksinalarini ishlab chiqara boshladi. Ushbu sa’y-harakatlar natijasida an’anaviy ravishda zaiflashtirilgan, inaktivatsiyalangan virus, rekombinant adenovirus va mRNKga asoslangan yangi platformalardan foydalangan holda COVID-19 vaksinasi 2020 yil oxirigacha ishlab chiqildi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xulosasiga ko‘ra, gibrid immunitet egalari (kasallikdan so‘ng vaksina olganlar)ga koronavirus yuqish ehtimoli emlanmagan va SOVID-19ga chalinmaganlarga nisbatan kamida 95 foiz past bo‘ladi. Shu sababli mutaxassislar barcha aholi qatlami to‘liq bosqichda va buster dozada vaksina olishi zarur, deb hisoblaydi. Ilmiy-tadqiqot natijalari emlash vositalari kasallikning og‘ir o‘tishi va o‘lim xavfini keskin kamaytirishi yana bir bor tasdiqladi. Shu bilan birga, vaksinalar virusni yuqtirgan bemorlarda infarkt va insult yuzaga kelishining oldini oladi. Bu esa bugungi kungacha millionlab odamlarning hayotini saqlab qoldi va "vaksinatsiya"ning iqtisodiyot, sog‘liq va inson hayotini ta’minlashdagi muhim ahamiyatini ko‘rsatdi.

O‘zbekiston COVID-19 vaksinasini ishlab chiqish, klinik sinovlar, sotib olish va ommaviy emlash jarayonida ma’lum tajribaga ega bo‘ldi va ushbu kitobda natijalar aks ettirilgan.

Ushbu kitob COVID-19ʼning oldini olish, vaksinatsiya amaliyotiga asoslangan bo‘lib, ayni damda juda dolzarb hisoblanadi. Tibbiyot xodimlari: epidemiologlar, infeksionistlar, virusologlar, tibbiyot oliygohi professor-o‘qituvchilari, talabalari, magistrlari, klinik ordinatorlari va ilmiy izlanuvchilar, shuningdek sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassislari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, koronavirusga qarshi samarali vaksinani ishlab chiqishning hozirgi va kelajakdagi tendensiyalarini aniqlashga yordam beradi.

F.Salomova, tibbiyot fanlari dotsenti, Toshkent tibbiyot akademiyasi Tibbiy profilaktika va jamoat salomatligi fakulteti dekani. G.Matnazarova, tibbiyot fanlari dotsenti, Toshkent tibbiyot akademiyasi Epidemiologiya kafedrasi mudiri.

Reklama

Mavzuga oid