Jahon | 09:18 / 06.03.2023
5558
2 daqiqa o‘qiladi

Afina: temiryo‘l halokatidan noroziliklar to‘qnashuvlarga aylanib ketdi

Parlament binosi oldida 12 mingga yaqin odam to‘plangan. Ba’zilar chiqindi qutilariga o‘t qo‘yib, Molotov kokteyli uloqtirishdi, politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va shovqin granatalari bilan javob berdi.

Foto: Reuters

5 mart, yakshanba kuni Afinada Gretsiya parlamenti oldida mamlakatdagi jiddiy temiryo‘l halokati bilan bog‘liq norozilik namoyishida ishtirok etganlar va politsiya o‘rtasida shiddatli to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tdi. Ayrim namoyishchilar chiqindi qutilariga o‘t qo‘yib, Molotov kokteyllarini uloqtirgan, politsiya ularga ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va shovqin granatalari bilan javob qaytargan, deb xabar beradi AFP.

Parlament binosi oldida 12 mingga yaqin odam to‘plangan, deyiladi politsiya ma’lumotida. Ular Larisa shahri yaqinidagi baxtsiz hodisada halok bo‘lganlar xotirasiga yuzlab qora sharlarni osmonga uchirdilar.

Avvalroq Gretsiya bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis halokat qurbonlarining yaqinlaridan kechirim so‘ragan edi. «2023 yilda Gretsiyada ikkita poyezdning bir yo‘lda bir-biriga qarab harakatlanishi va hech kim buni sezmasligini qabul qilib bo‘lmaydi», dedi hukumat rahbari Facebook'da xalqqa murojaatida.

28 fevral kuni yarim tunda Larisa shahri yaqinida Afina va Saloniki port shahri o‘rtasidagi yo‘nalishda yo‘lovchi va yuk poyezdlarining to‘qnashuvi sodir bo‘ldi. Hellenic Train operatoriga ko‘ra, yo‘lovchi poyezdida kamida 350 kishi bo‘lgan. 57 kishi halok bo‘ldi. Bu mamlakat tarixidagi eng yirik temiryo‘l halokatiga aylandi va keng ko‘lamli noroziliklarni keltirib chiqardi. Minglab odamlar hukumatning Gretsiya temiryo‘l tarmog‘ini modernizatsiya qilmaganini qoraladi.

Mavzuga oid