O‘zbekiston | 22:08 / 07.03.2023
42253
3 daqiqa o‘qiladi

Elektrni o‘chiruvchi, aloqani uzuvchi, hisoblagichlarni buzuvchi magnit bo‘ronlari kutilyaptimi?

Internetda 8 mart kunidan magnit bo‘ronlari boshlanishi, 25 martga qadar 3-4 ball atrofida kuzatiladigan geomagnit tebranishlari 26 mart kuniga kelib, xavfli 7 ballga yetishi mumkinligi haqidagi xabarlar tarqalmoqda. Kun.uz bu xabarlarning haqiqatga qanchalik yaqinligi va magnit bo‘ronlarining oqibatlari bilan qiziqdi. 

Bu fikrlar qanchalik asosli?

"O‘zgidromet" xodimi Erkin Abdulahadovning Kun.uz'ga ma’lumot berishicha, magnit bo‘roni prognozi teleskoplar va kosmik yo‘ldosh ma’lumotlarini tahlil qilishga asoslangan. Shu bilan birga, quyosh tojining mavjud paytdagi real holati, quyosh fotosferasidagi jarayonlar chuqur tahlil qilinadi. Eng aniq prognozlar keyingi ikki kunlik davr uchun ishlab chiqiladi.

Magnit bo‘ronlari haqida ma’lumot beruvchi xalqaro platformalarda ham faqat 3 kunlik taxminiy ko‘rsatkichlar berilayotganini ko‘rish mumkin.

Bundan xulosalash mumkinki, magnit tebranishlari o‘zgarishlari bo‘yicha oylik prognozlar o‘zini oqlamaydi va haqiqatdan uzoqroq bo‘lishi mumkin.

Magnit bo‘ronlarining salbiy ta’sirlari

Magnit bo‘ronlarining 5-6 balldan yuqori bo‘lgan va xavfli sanaladigan darajalari nimalarga olib keladi? Erkin Abdulahadovga ko‘ra, inson salomatligidagi salbiy o‘zgarishlardan tashqari, yuqori kuchga ega magnit maydonlari elektr ta’minoti, telefon aloqasi, televideniye, internet, GPS-navigator tizimlaridagi uzilishlarga ham sabab bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, tez o‘zgaruvchan magnit maydonlar suv va gaz hisoblagichlarining noto‘g‘ri ishlashiga, quvurlarning tez korroziyaga uchrashiga va hatto insonlar hamda sutemizuvchilarning radiatsiyadan zararlanishiga ham olib kelishi ehtimoli ham yo‘q emas.

Tavsiyalar

Magnit tebranishlari kuzatiladigan kunlarda mutaxassislar kunlik 7-8 soatli uyqu, sutkalik eng kamida 2 litr suv ichish va faol jismoniy harakat yoki sport mashqlarini bajarish, dush qabul qilish, ochiq havoda sayr qilishni tavsiya etadi.

Ovqat ratsionidan esa yog‘li va achchiq ovqatlarni olib tashlash, qahva miqdorini kamaytirib, o‘simliklardan tayyorlangan choy iste’mol qilish lozim.

Mavzuga oid