O‘zbekiston | 16:36 / 13.03.2023
14517
3 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda oltita yangi korxona ishga tushirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Termiz tumani Yangiobod mahallasidagi Termez National Carpets mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Korxona yiliga 2,2 million kvadrat metr gilam ishlab chiqarish quvvatiga ega. Buning uchun Germaniya, Belgiya, Turkiyadan zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatilgan. 150 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Mahsulotlarning qariyb yarmini eksport qilish rejalashtirilgan. Xomashyoning 80 foizi mahalliylashtirilgan. Korxona ishga tushirilgan qisqa vaqtda Ozarboyjon va Qirg‘iziston davlatlariga 255 ming dollarlik gilam va gilam mahsulotlari eksport qilindi. Joriy yilda 4 million dollarlik mahsulotni xorijlik buyurtmachilariga yetkazib berish mo‘ljallamoqda.

Davlat rahbari ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi. Viloyatda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirdi. Shu yerda 6 ta yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish marosimi bo‘ldi. 

Termiz shahridagi Indenim Cluster, Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Fabullo stroy servis”, Angor tumanidagi “Angor Baraka”, Termiz tumanidagi Termiz agro impeks korxonalari, Sariosiyo tumanidagi qurilish materiallari kichik sanoat zonasi va To‘palang gidro elektr stansiyasi vakillari videoaloqa orqali majmualar salohiyati haqida axborot berdi.

Termiz shahridagi Indenim Cluster mas’uliyati cheklangan jamiyati paxta tolasidan tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. 400 ta yangi ish o‘rni tashkil etilgan.

Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Fabullo stroy servis” korxonasida yiliga 75 ming kub metr avtoklav gazoblok ishlab chiqarish o‘zlashtirilib, 80 ta yangi ish o‘rni tashkil etildi.

Angor tumanidagi “Angor Baraka” mas’uliyati cheklangan jamiyati savdo majmuasida milliy hunarmandchilik markazi tashkil etilgan. U yerda yiliga qariyb 125 ming dona tayyor tikuvchilik, 50 turdagi milliy liboslar va hunarmandchilik mahsulotlari tayyorlanib, ming nafarga yaqin xotin-qizning bandligi ta’minlanadi.

Sariosiyo tumanidagi kichik sanoat zonasida zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqariladi. 

Termiz agro impeks mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Termiz tumanida 3 ming tonna sig‘imga ega muzlatgichli omborxona, zamonaviy issiqxona barpo etilib, 220 kishining bandligini ta’minlagan.

To‘palang gidro elektr stansiyasini modernizatsiya qilish loyihasi doirasida uning umumiy quvvati 175 megavattga yetmoqda. Bu yiliga 467 million kilovatt soat elektr ishlab chiqarish imkonini beradi.

Mazkur 6 ta korxona 2 mingta yangi ish o‘rni yaratadi, ularning faoliyati tufayli viloyat ishlab chiqarishiga 370 milliard so‘m, eksportiga 20 million dollar qo‘shiladi. Davlat rahbari ramziy tugmani bosib, yangi korxonalarni ishga tushirdi.

Mavzuga oid