Shols Yevropa Ittifoqi davlatlarini Ukrainani o‘q-dorilar bilan ta’minlashga chaqirdi
Germaniya kansleri bo‘lajak YeI sammitidan Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha keyingi qadamlarni kutmoqda. Germaniya Ukrainaga o‘q-dorilar yetkazib berishni boshqa Yevropa davlatlari bilan muvofiqlashtirishga tayyor, dedi Olaf Shols.
Germaniya kansleri Olaf Shols kelasi hafta bo‘lib o‘tadigan Yevropa Ittifoqi sammitida Ukrainani Rossiyaga qarshi urushda o‘q-dorilar bilan ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilishini kutmoqda. «Ukrainani zarur o‘q-dorilar bilan tezkorlik bilan ta’minlash alohida ahamiyatga ega», — dedi u 16 mart, payshanba kuni Bundestagda.
Sholsning so‘zlariga ko‘ra, maqsad «yana samaraliroq, uzluksiz ta’minotga erishish» bo‘lishi kerak va shu maqsadda Germaniya Ukrainaga o‘q-dorilar yetkazib berishni Yevropa Ittifoqiga a’zo boshqa davlatlar bilan muvofiqlashtirishga tayyor. «Yevropalik hamkorlarimiz bilan birgalikda Ukraina omon qolishi va o‘zini himoya qilishi uchun qurol va jihozlar olishini ta’minlashda davom etamiz. Germaniya Ukrainani siyosiy, moliyaviy, humanitar sohada va kerak bo‘lganda qurol bilan qo‘llab-quvvatlaydi», - deya va’da berdi Germaniya kansleri.
Shu bilan birga, Shols Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalar kursini davom ettirishini aytdi. «Yaqinda kelishilgan o‘ninchi sanksiyalar paketi Rossiyaning bosqinchilik urushini davom ettirish imkoniyatini yanada cheklaydi. Biz sanksiyalar bosimini saqlab qolamiz. Shu bilan birga, birgalikda sanksiyalarimiz uchinchi davlatlar orqali chetlab o‘tilmasligiga ishonch hosil qilamiz», - deydi Olaf Shols.
Mavzuga oid
11:53
Zelenskiy Ukrainaning Germaniyadagi elchisini almashtirishga qaror qildi
08:05
Bayden Pentagonga Ukrainaga qurol yetkazib berishni tezlashtirishni buyurdi
21:53 / 25.12.2024
Ukraina Rossiya bilan iqtisodiy urushda g‘alaba qozonmoqda - The Economist
21:15 / 25.12.2024