Sport | 12:21 / 16.03.2023
41912
9 daqiqa o‘qiladi

«Liverpul» yana bir sharmandalikdan qutulib qoldi, ammo keyingi bosqichga «Real» o‘tdi. YeChLda kun o‘yinlari

«Real» va «Napoli» javob bahsida ham g‘alaba qozonib, 1/4 finalning so‘nggi ishtirokchilariga aylandi. Bungacha «Bavariya», «Benfika», «Chelsi», «Milan», «Inter» va «Manchester Siti» chorakfinal yo‘llanmasini qo‘lga kiritgandi. 17 mart kuni keyingi bosqichga qur’a tashlanadi.

Foto: AFP

Mo‘jiza ro‘y bermadi, ammo «Santyago Bernabeu»dagi uchrashuv mehmonlar uchun muvaffaqiyatli chiqdi.

YeChL. 1/8 final. 15 mart
Javob o‘yinlari
Real — Liverpul 1:0
Gol:
Benzema (79).
Real – Kurtua, Karvahal (Vaskes, 86), Ryudiger, Militao, Nacho, Modrich (Sebalyos, 82), Kroos (Tchuameni, 84), Kamavinga, Valverde, Benzema (Rodrigo, 82), Vinisius (Asensio, 84).
Liverpul – Alisson, Aleksander-Arnold, van Deyk, Konate, Roberson, Tsimikas, Karvalyu, Milner (Oksleyd-Chemberlen, 73), Fabino, Saloh, Jota (Elliott, 57), Gakpo, Nunes (Firmino, 57).
Ogohlantirish: Tsimikas (90+4).
Birinchi o‘yin — 5:2.

UYeFAda aqlli qarorlar ham qabul qilib turishadi. Safardagi gol qoidasi bekor qilinishi — shunday qarorlardan biri bo‘lgandi. «Safardagi gol ikkitaga o‘tishi» formulasi 60 yil muqaddam, klublarning Yevropa miqyosidagi yirik turnirlari boshlangan mahalda dolzarb edi. O‘shanda begona maydondagi o‘yinlar chindan ham favqulodda voqea bo‘lgan — begona mamlakat, begona shahar, begona stadion va ma’lumotni eng yaxshi holatda matbuotdagi qandaydir materialdan olish mumkin bo‘lgan begona raqib. Bunday sharoitda safarda urilgan golning qiymati chindan ham yuqori bo‘lardi. 2020-yillarda, big data va total videotahlillar davriga kelib bularning bari endi dolzarb bo‘lmay qoldi.

Bundan tashqari, yodda tutish kerakki, UYeFA bu qoidani o‘z vaqtida, ikki uchrashuv yakuniga ko‘ra hisob teng bo‘lib qolib, betaraf maydonda uchinchi uchrashuvni o‘tkazishga to‘g‘ri kelmasligi uchun joriy etgandi (agar ikki uchrashuvda bir xil hisob qayd etilsa, g‘olib uchinchi uchrashuvda aniqlangan). O‘yindan keyingi penaltilar seriyasi keyinroq paydo bo‘lgan.

Nihoyat bir necha yil oldin Liverpul Universiteti vakillari Devid Forrest hamda Xuan de Dios Tena tomonidan yevrokuboklarda safar va uy o‘yinlari borasida qiziqarli tadqiqot o‘tkazilgan va «Yevropa operativ tadqiqotlar jurnali»da chop etilgan. Undagi asosiy xulosalar The Guardian maqolasida keltirilgan.

Olimlar 1960-yillar o‘rtalaridan boshlab 2012/13 yillar mavsumiga qadar bo‘lib o‘tgan ikki o‘yindan iborat 6975 qarama-qarshilikni o‘rganishgan. Ma’lum bo‘lishicha, 1965/66 yillar mavsumidan 1981/82 yillar mavusumiga qadar o‘tgan o‘yinlarda maydon egalari birinchi o‘yinda 56,2 foiz holatda g‘olib chiqishgan. Ammo 1997/98 yillar mavsumidan 2012/13 yillar mavsumiga qadar bo‘lgan oraliqda bu ko‘rsatkich 46,1 foizga qadar tushgan. Bu esa texnologiyalar rivojlanishi bilan jamoalar uchun safar o‘yinlari osonroq bo‘lib borgani haqidagi tezisni tasdiqlaydi.

Gap shundaki, agar safardagi gol qoidasi hozir ham amalda bo‘lganida «Real» va «Liverpul»ning «Enfild»dagi 2:5 hisobidan keyingi javob o‘yini quruq rasmiyatchilikka aylangan bo‘lardi: qizillar chorakfinalga chiqish uchun 4 gol farqi bilan g‘alaba qozonishi talab etilardi (nazariy jihatdan 6:3 yoki 7:4 va hokazolar ham) va bunga erishish juda mushkul vazifa edi. Hozirgi holatda esa Yurgen Klopp jamoasi o‘yinni overtaymlarga o‘tkazib, barchasini qaytadan boshlash uchun 3:0 hisobida g‘alaba qozonishi yetarli edi va bu real ko‘rinadi.

Bir tomondan «3:0 hisobi yetarli» atamasi ancha g‘alati ko‘rinadi — axir gap «Real»ga qarshi safar o‘yini haqida bormoqda. Boshqa tomondan, boshqadan bo‘lmasa ham «Liverpul»dan har narsani kutish mumkin edi: Istanbul-2005, Yevropa ligasida 2015/16 yillar mavsumida «Borussiya»ga qarshi o‘yinda 1:3 hisobi bir bo‘lim ichida 4:3 ko‘rinishiga keltirilgani, 2019 yilda «Barselona»ga qarshi buyuk o‘yinni eslash mumkin. Bundan tashqari, intriga va tomosha istaganlar «Qirollik klubi» 2018 yilda Turinda 3:0 hisobida g‘alaba qozonib qaytgach, uydagi javob o‘yinida «Yuventus»ga javob golini faqat qo‘shimcha daqiqalarda penaltidan urib qutulib qolganini (1:3) yodga olishi mumkin edi. Bir yil muqaddam «Chelsi» ham «Stemford Brij»dagi 1:3 hisobidan keyin Madriddagi o‘yinda kerakli hisobda g‘alaba qozonishiga bir baxya qolgandi (0:3 hisobi o‘yin oxirida 2:3 ko‘rinishiga keltirilgandi).

Qizillar uzoq vaqt davomida intrigani saqlab turishdi. Bu ko‘p jihatdan Alisson xizmati edi, u dastlabki yigirma daqiqalikda ikkita aql bovar qilmas seyv amalga oshirdi, avvaliga Vinisiusning yaqin masofadan yo‘llagan zarbasini qaytardi (bu o‘rinda, katta ehtimol bilan, hujum boshlanishida Toni Kroosda kichik ofsayd bor edi), keyin esa Eduar Kamavinganing zarbasi Jyeyms Milnerga tegib, rikoshet bo‘lib kelganida to‘pni darvoza to‘siniga ko‘tarib yuborishga ulgurdi. Taxminan shu pozitsiyadan Luka Modrich (to‘p biroz yuqoriroqdan o‘tib ketdi) va Kroos ham (Alisson to‘pni ushlab oldi) ham xavfli zarbalar berdi.

Vaqt o‘tgan sayin «Liverpul» maydon markazini boy berayotgani oydinlashdi. Bu Klopp tanlagan sxema bilan izohlanadi: mehmonlar himoyalanishda 4-2-3-1 bo‘yicha saflandi (Milner va Fabino juftligi tayanch himoyasida, Diogo Jota ulardan oldinroqda). Ammo portugaliyalik futbolchi himoyaviy ishlarni uddalay olmasligi ko‘rinib qoldi va qaymoqranglilar ko‘p hollarda to‘pni bu hududda osonlik bilan harakatlantirishdi. Bo‘lim o‘rtalarida mehmonlar himoyalanishda o‘zlariga ancha tanish bo‘lgan 4-3-3 sxemasida tizildi, bunda Kodi Gakpo orqaroqqa qaytdi, Jota esa hujum markazida qoldi.

Qayta joylashuv ish berdi. O‘z darvozasi yaqinidagi xavfli vaziyatlarga qaramay, «Liverpul» startda ham umidsiz ko‘rinmayotgandi, futbolchilar joylashuvini o‘zgartirganidan keyin esa barcha chiziqlarda, jumladan hujumda ham tartibliroq harakatlanishdi. Bu mantiqiy — agar jamoa to‘g‘ri himoyalansa, hujumga chiqish ham osonroq bo‘ladi. Natijada Tibo Kurtua Darvin Nunes va Gakponing xavfli zarbalaridan keyin o‘zini ko‘rsatishiga to‘g‘ri keldi.

Tanaffusga qadar 0:0 hisobi saqlanib qolishi «Liverpul»ni chorakfinalga yaqinlashtira olmasdi, ammo o‘yinning o‘zi alohida holatda yoqimli taassurot qoldirdi: ikki yuqori saviyali jamoa sifatli futbol namoyish etib berishdi.

Bunday taassurot ikkinchi bo‘limda ham yo‘qolib qolmadi. Ha, daqiqa o‘tgan sayin «Liverpul»ning keyingi raundga o‘tish imkoniyatlari kamayib bordi, ammo tomoshabin bu haqda o‘ylagisi kelmasdi. O‘yin turnir kontekstini unuttirgan holda, qiziqarli kechishda davom etdi, ikki tomonda ham muntazam ravishda vaziyatlar paydo bo‘ldi. Bunday vaziyatlar ko‘proq «Real»da bo‘ldi, Fede Valverdening o‘zi ikki yaxshi imkoniyatdan foydalana olmadi. Ulardan biri Trentning qanotidan hujum qilgan Modrich tomonidan tashkillashtirildi, uning to‘pni himoyachidan o‘tkazishining o‘zi — muxlislar yodida qoladigan vaziyat bo‘ldi.

«Real»ning o‘yin oxirida urilgan golli hujumi chiroyini esa rikoshetlar seriyasi buzib qo‘ydi, shu bilan birga, bu rikoshetlar Vinisius va Benzemaning foydasiga bo‘ldi. Lekin bu hujumda Kamavinganing jarima maydoniga kesib tashlagan uzatmasi yaxshi va o‘ylangan harakat edi.

«Liverpul» uch hafta oldingidan yaxshiroq o‘ynadi, ammo baribir mag‘lubiyatga uchradi va bu mavsumni sovrinsiz yakunlashi rasman tasdiqlandi. «Real»ni esa yakshanba kuni «Barselona»ga qarshi klasiko kutmoqda — bu la ligada chempionlik intrigasini jonlantirish uchun so‘nggi imkon bo‘lishi mumkin.

Napoli — Ayntraxt 3:0
Gollar:
Osimhen (45+2, 53), Zelinski (64, penalti).
Napoli – Meret, Di Lorenso, Rrahmani, Kim Min Chje (Jyezus, 66), Ruy, Lobotka, Zelinski (Ndombele, 74), Zambo-Angissa, Politano (Losano, 67), Osimhen (Simeone, 81), Kvaratsxeliya (Elmaz, 74).
Ayntraxt – Trapp, Buta, Ndika, Tuta, Lens (Maks, 67), Gyotse, Rode (Yakich, 74), Sou, Kamada, Borre, Knauff (Alidu, 62).
Ogohlantirishlar: Ndika (26), Lens (32), Gyotse (65), Jyezus (77).
Birinchi o‘yin — 2:0.

Mavzuga oid