O‘zbekiston | 13:48 / 19.03.2023
46891
5 daqiqa o‘qiladi

“COVID-19 asorati – koksartroz kasalligi keskin ko‘paymoqda” – mutaxassis

Koronavirus infeksiyasi o‘pka to‘qimalarining zararlanishi bilan kechgan bo‘lsada, uning asorati butun organizmda o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. COVID bilan kasallanib davolangan bemorlar avvaliga ta’m, hid bilish sezgilarini yo‘qolgan bo‘lsa, endilikda ularning ko‘pchiligi koksartroz (son suyagi boshchasi yemirilishi) kasalligidan aziyat chekmoqda.

Foto: dmclinic.uz

O‘pka to‘qimalarining suyak-son to‘qimalari bilan qanday bog‘liqligi bor? Nega boshqa a’zoda kechgan kasallik boshqa bir a’zoda asoratini ko‘rsatmoqda? Ushbu savollarga Kun.uz travmatolog-ortoped shifokor Nu’monjon Sidikovdan javob oldi.

COVID’dan keyin koksartroz kasalligi ko‘payib ketmoqda. Bunday kasalliklar COVID’dan avvalgi yillarga nisbatan 3-4 barobarga oshdi.

“Son suyagi boshchasi yemirilishi kasalligining uch turi farqlanadi. Displastik koksartroz, travmatik koksartroz hamda idiopatik koksartroz. Displastik turi asosan tug‘ma chiqishlar natijasida vujudga kelgan bo‘lsa, travmatik turi jarohat olish natijasida rivojlanadi. Koronavirus infeksiyasi tarqalgunga qadar displastik koksartroz ko‘p uchrardi va u asosan ayollarda kuzatilardi.

Idiopatik koksartroz turli kasalliklar fonida paydo bo‘ladi. COVID’dan so‘ng idiopatik turi keskin oshdi, uning asosiy bemorlari esa erkaklarni tashkil etadi”, deydi Nu’mon Sidikov.

“Son suyagining boshchasiga qon aylanishining buzilishi hisobiga qon yetib bormasligi natijasida son suyagidagi to‘qimalar nekrozga uchrashni boshlaydi. Asosiy manbaa — qon yaxshi yetib kelmasligi hisobiga nekrozga uchraydi va yemiriladi.

COVIDdan keyin son suyagi yemirilishi kasalligi ko‘proq erkaklarda kuzatilyapti. Bu kasallik yosh tanlamaydi. Ammo koviddan so‘ng 20-60 yosh erkaklar orasida ko‘p uchramoqda.

Ayollarda ham uchraydi. Ammo aynan koviddan so‘ng bunday bemorlarning asosiy sonini erkaklar tashkil etmoqda”.

COVID-19 asosan pnevmoniyaning o‘tkir ko‘rinishi bilan kechgan bo‘lsa, tayanch harakatlanish sistemasiga qanday ta’sir ko‘rsatgani haqida doktor Sidikov asosiy sabab sifatida quyidagilarni ko‘rsatdi: 

“To‘g‘ri, koronavirus natijasida ko‘proq o‘pka to‘qimasi zararlanadi. Lekin COVID sabab qon quyilish holatlari ko‘paydi. Qon quyilishi organizmda qon aylanishining buzilishiga olib keladi. Alal oqibat son suyagi boshchasiga qon yetib borish mexanizmi ishdan chiqadi.

COVID-19 da tomir o‘zgarishlariga endoteliolit, qon tomirining torayishi va yorilishi, trombotik mikroangiopatiya, kapillyar funksiyasining yetishmovchiligi va to‘qimalarda kislorod tanqisligi kabilar kiradi.

Giperyallig‘lanish va giperkoagulatsiya kombinatsiyasi birgalikda keng tarqalgan tomir funksiyasi yetishmovchiligiga olib keladi. Uzoq tomir yallig‘lanish holati tomir devori qattiqligini oshiradi, tomirlarda qarish jarayonini tezlashtiradi.

Son suyagi boshchasini oziqlantiruvchi qon tomirlardan o‘tayotgan qonning quyuqlashib qolishi va kam o‘tishi natijasida son suyagi boshchasi oziqlanishi buziladi.

Bundan tashqari, COVID-19 kasalligining erta davrida kortikosteroid(gormon) qo‘llashning klinik afzalliklari va nojo‘ya ta’sirlari haqida ma’lumotlar yetarli emasligiga qaramasdan, kortikosteroid terapiya kasallikning yengil yoki o‘rta darajalarida ham keng qo‘llanilmoqda.

Son suyagi boshchasining steroid sababli rivojlangan yemirilishi son suyagi boshchasining atravmatik osteonekrozining 47.4% dan ortig‘ini tashkil qiladi. Steroid sababli rivojlangan osteonekrozning yuzaga kelishi kortikosteroid kumulyativ xususiyati, maksimal dozasi va kasallik holatiga bog‘liq, ammo yondosh kasallik, masalan, qandli diabet mavjud holatlarda kichik dozalarda ham yuzaga kelishi mumkinligini ko‘rish mumkin.

Mazkur preparatlar D vitamini va kalsiyning suyakka yetib borishiga to‘sqinlik qiladi. Natijada u mo‘rtlashib, yemirilishga olib keladi.

Foto: dmclinic.uz
Foto: dmclinic.uz

Og‘riq asosiy simptomlardan bo‘lib, u avvaliga yurganda, og‘ir yuk ko‘targanda, bosim tushgandan keyin kuzatiladi. Kasallik og‘irlashib borgan sari, bemor hatto tinch holatda ham og‘riqni his qiladi. Hatto erkin holatda yurolmay qoladi.

Bu kasallikning oldini olish uchun COVIDni boshdan o‘tkazgan bemorlar ko‘proq suyuqlik ichishi, qonni suyuqlashtiruvchi preparatlar ichib turishi kerak. Kalsiyga boy bo‘lgan taomlardan ko‘proq iste’mol qilish maqsadga muvofiq.

Shuningdek, kalsiy, vitamin D preparatlarini qabul qilish, quyoshda sayr, tayanch harakatlanish sistemasiga bosim tushirmasligi kerak. 

Oyoq bo‘g‘imlarda, chanoq sohasida og‘riq his qilganda zudlik bilan shifokorga murojaat qilish xastalikning oldini olishga, vaqtida aniqlab, davo choralarini ko‘rishga yordam beradi.

Koksartrozni davolash uning bosqichiga qarab elektroforez, lokal baroterapiya, metabolik terapiya kabi usullardan foydalanib amalga oshiriladi. So‘nggi bosqichlarda operatsiya qilinadi”.

Charos Mannonova suhbatlashdi.

Mavzuga oid