Sport | 12:32 / 19.03.2023
33633
2 daqiqa o‘qiladi

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar jamoasi - Osiyo chempioni (fotoreportaj)

O‘zbekiston mezbonligida o‘tgan Osiyo Kubogi U-20 musobaqasi yakuniga yetdi. 

Foto: tribuna.uz

Finalda mezbonlar Iroq yoshlariga qarshi maydonga tushib, xuddi guruh bosqichida bo‘lgani kabi 1:0 hisobida g‘alaba qozonishdi. Ikkinchi bo‘limda Abbos Fayzullayev ishlagan penaltini Umarali Rahmonaliyev golga aylantirdi.

Bellashuv davomida Asad Jo‘raboyev, Abbos Fayzullayev va Nodirbek Abdurazzoqovda ham gol urish uchun imkoniyatlar yuzaga keldi. Mehmonlarning birga bir vaziyatida esa Otabek Boymurodov super seyvi bilan jamoasi joniga ora kirdi.

Shu tariqa O‘zbekiston turli yoshlar toifasida 3-bor, bosh murabbiy Ravshan Haydarov esa 2-marta chempionlikni qo‘lga kiritdi. Bungacha U-17 va U-23 milliy jamoalari ham Osiyoda tengsiz deb topilgandi.

Muhimi — ushbu qit’a chempionatidagi muvaffaqiyatli ishtirok evaziga U-20 jamoasi 2 oydan so‘ng Indoneziyada bo‘lib o‘tadigan yoshlar o‘rtasidagi mundialga yo‘llanma oldi.

Chempionlar medallar va kubokni shaxsan prezident Shavkat Mirziyoyevdan qabul qilib olishdi. 

E’tiborlisi, O‘zbekiston yoshlar jamoasi sardori Umarali Rahmonaliyev finalning, qanot yarimhimoyachisi Abbos Fayzullayev turnirning eng yaxshi o‘yinchisi deb topildi. Otabek Boymurodov esa eng yaxshi darvozabonga aylandi.

Taqdirlash marosimi va undan keyingi hissiyotli lahzalar Tribuna.uz fotomuxbiri obektiviga muhrlandi.

Suratlar muallifi — A’zamjon Izzatillayev

Mavzuga oid