Matyoqub Matchonov: «Bir yarim oy Gvardeyskiy degan joyda o‘tirdim. U yerda ko‘rganlarimni dushmanimning dushmanlariga ham ravo ko‘rmayman»
Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida “Konstitutsiya o‘zimizniki” targ‘ibot tadbirida so‘zga chiqqan taniqli aktyor Matyoqub Matchonov qamoqda o‘tkazgan kunlarini yodga olib, u yerdagi kunlarini dushmaniga ham ravo ko‘rmasligini aytdi.
“Inson qadri toptalgan paytlarni ko‘rdik. Boshimizdan o‘tkazdik ham. Bir necha yil ilgari tuhmat bilan qamab qo‘yishdi. Erkin san’atkor bo‘lish uchun ozgina tijorat bilan shug‘ullangan paytim bo‘lgan. Nima uchun qorong‘i “podval”da yotganimning sababini so‘rasam, ular noto‘g‘ri odam bilan sherik bo‘lgansan degan javobni bergan.
Holatni qarang, men sherik bo‘lgan insonning farzandi kimgadir yoqmay qolgan. Uning farzandi mashinasiga 3,5 kg qoradori solib, 19 yoshli bolani 20 yilga qamashdi. Sherigimni esa uning otasi bo‘lgani uchun 8 yilga qamashdi. Meni nima qilishga esa hayron bo‘lib “buni endi nima qilamiz” deb turishgan.
Inson qadri toptalgan vaqtlar esimga tushsa, ko‘zimga yosh keladi. 1,5 oy Gvardeyskiy degan joyda o‘tirdim. U yerda ko‘rgan kunlarimni dushmanimning dushmaniga ham ravo ko‘rmayman. Sababi u yerda sizga inson deb emas, balki hayvon sifatida ham murojaat qilishmasdi. Vaholanki, shaxsning aybdorligini faqat sud hal qiladi. Izolyatorda qanday qilib, aybi isbotlanmagan odamni bunchalar xo‘rlash mumkin.
Xoh ishoning, xoh ishonmang o‘sh vaqtda hatto jonimni qurbon qilishga tayyor edim. Chunki orqamda farzandlarim, akam-ukam — oilamning ahvoli qanday kechyapti deb o‘ylardim. Xo‘rlik manaman degan odamni ham sindirarkan. Shunday narsalarning guvohi bo‘lgandan keyin odam hamma narsaga tayyor bo‘larkan.
Men uzoqq bormasam kerak, sudgacha bo‘lgan vaqtdayoq jon taslim qilsam kerak deb o‘yladim. Lekin bitta savol qiynardi — biz insonmiz-ku, nahotki insonni inson shu darajada tahqirlashi mumkin? U paytda mumkin ekan.
Allohga behisob shukr, 2016 yil prezidentimiz meni ozod qildi. Nohaq qamalganim isbotlandi. Men uchun haqiqiy mustaqillik 2016 yildan boshlangan. Bu gapni istalgan joyda baralla ayta olaman”, dedi Matchonov.
Qayd etish joiz, Guliston shahrida taniqli san’atkorlar va siyosatchilar ishtirokida o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirining asosiy mavzulari — bolalar mehnatining tugatilishi, valuta bozoridagi erkinlashuv, OAV mustaqilligi, oqlovlar kabi islohotlar bo‘ldi.
Avvalroq shunday tadbirlar Farg‘ona va Andijon viloyatlarida o‘tkazilgandi.
Mavzuga oid
18:14 / 11.12.2024
Konstitutsiyaviy sud prokurorlarning ikkita vakolatini bekor qilishga chaqirdi
15:38 / 10.04.2023
“San’atkor uchun “zapret” degan mudhish tushuncha bor edi” - Ozoda Nursaidova
13:04 / 10.04.2023
“Davlatning ko‘magi bilan o‘limdan qoldim” – navoiylik bemor
13:34 / 09.04.2023