O‘zbekiston | 12:40 / 20.03.2023
15626
10 daqiqa o‘qiladi

“Hayot va haqiqiylik aks etgan asar” – kitobxon “Martin Iden” romani haqida

Foto: Kun.uz

Inson hayotda o‘z oldiga biror maqsad qo‘yar ekan, shunga yarasha sa’y-harakat ham ko‘rsatmog‘i kerak. Maqsad qanchalar katta bo‘lsa, harakat ham shuncha salmoqli bo‘lishi talab etiladi. Bu yo‘lda eng asosiysi iroda mustahkamligi. Maqsad yuksak, orzu beqiyos, umid tuganmas bo‘lsa-yu, iroda sust bo‘lsa barcha harakat nolga teng. Kutilgan natijalaringizga erisholmadingiz, rejangiz amalga oshmadi, muvaffaqiyatsizlikka uchradingiz. Xo‘sh, nima qilish kerak? Hammasini yig‘ishtirishmi? Tushkunlikka tushishmi? Qilgan mehnatlaringizga achinib, vaqtni zoye ketkazishdir? Yo‘q! Davom etish kerak! Qayta-qayta urinib ko‘rish, reja va amal ustida qayta ishlash kerak. Biz bilgan muvaffaqiyatli insonlarning qay biri omadsizlikka uchramabdi? Shu joyda iroda kuchga keladi. Iroda, sabr-bardosh, uziliksiz mehnat deyilsa, “Martin Iden” asarini o‘qiganlarning ko‘z oldiga asar qahramoni Martin kelishi aniq. Uning o‘z maqsadiga yetish yo‘lidagi mashaqqatlari, qat’iyati har bir kitobxon uchun ibrat vazifasini o‘taydi.

Syujyet:

Bir kuni Martin Iden ismli matros yigit aslzoda xonadonga mehmonga borib qoladi. Xonadon egalarining bir-biriga nisbatan go‘zal muomalasi, so‘zlashuv madaniyati, ilm-fan bo‘yicha suhbatlari, yashash tarzidagi nazokati, shu bilan birgalikda, Ruf ismli latofatli qizi Martini o‘ziga shaydo qiladi. Xonadonga bir necha bor tashrifi va sohibjamol bilan suhbatlari qahramonimizning hayotida keskin burilish yasaydi. Endi Martinda bilim olish, ilm cho‘qqisiga yetishish, aslzodalar xonadoniga arzirli bo‘lish, eng muhimi, Rufga yetishish istagi paydo bo‘la boshlaydi. U turli xil kitoblarni o‘qiy boshlaydi. Kutubxonaga paydar-pay qatnab turadi. Matroslik safariga ham faqatgina pul zarur mahali chiqadigan bo‘ladi. Idenda yana bir g‘aroyib orzu — yozuvchi bo‘lish istagi paydo bo‘ladi. Bir qancha hikoya va qissalar yozib, gazeta va jurnallarga tarqatadi. Vaqt o‘tgan sari uning yozgan, ammo hech bir nashrga qabul qilinmagan materiallarining sanog‘iga yetib bo‘lmay qoladi. Bu orada u Rufning qalbini zabt etadi, dengizdagi safarlarga ham chiqmay qo‘yadi. Oqibatda o‘ta nochor holatga tushib qoladi, hayotini faqat moddiy manfaat ipiga bog‘lagan pochchasi sabab opasining uyidan ketib, 7 farzandli ayolning ijara uyida ijarachi bo‘lib yashay boshlaydi. Uning holi shu darajaga yetadiki, kunlab och yuradi, bor-budini garovga beradi va hamma baqqoldan qarzdor bo‘lib ketadi. Ammo Martin o‘zining maqsadidan bir soniya bo‘lsin kechishni xayoliga ham keltirmaydi. Muvaffaqiyatsizlik ketidan muvaffaqiyatsizliklarga parvo ham qilmaydi. Yozaveradi. Yozaveradi. Ruf uni tashlab ketadi, pochchalarining tazyiqi bilan opalari ham yuz o‘giradi. Iden butunlay yolg‘izlanib qoldi. Nihoyat unga omad kulib boqadi va bitta asari judayam mashhur bo‘lib ketadi. Bu muvaffaqiyatdan so‘ng ilgari Martinning asarlarini rad qilib yuborgan gazeta va jurnallar endi turli iltimosnomalar yuborib, katta mablag‘ evaziga uning materiallarini so‘ray boshlashadi. Martin endi badavlat, mashhur va obro‘li shaxsga aylanib qoladi. Asarning kulminatsiyasi ham ayni shu joyda boshlanadi. Undan yuz o‘girgan, doim kamsitgan, haqorat qilgan insonlar, hatto Rufning oilasi ham mashhur yozuvchiga nisbatan munosabatini keskin o‘zgartiradi. Uni ovqatlanishga, ziyofatlarga, bazmlarga taklif qila boshlashadi. Aynan shu narsa Idenning ko‘ngliga og‘ir botadi va u bu jamiyatdan, soxta insonlardan bezib qoladi. Og‘ir kunida qo‘lidan kelgan darajada yordami tekkan sanoqli insonlarning orzusini amalga oshiradi va bu orqali yaxshilik javobsiz qolmasligini isbotlaydi. Uning taqdiri fojiali yakun topadi. Yuragi soxtaliklarga bardosh berolmaydi va bu ahmoqona jamiyat va yuzakilik asosiga qurilgan hayotni tark etishga qaror qiladi. O‘zini dengizga cho‘ktiradi...

Tahlil:

Martinning harakatlaridan, mehnatkashligi va irodasidan kitobxon yaxshigina o‘rnak olishi mumkin. Masalan, u olti soatgina uyquni odat qiladi. Uxlab qolmaslik uchun hatto yotog‘iga mix tirab chiqadi. Har bir daqiqasini qadrlaydi. O‘rganishga, o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqidan kishi zavqlanadi. Bir-ikki mag‘lubiyat uning ruhini sindirolmaydi. Chunki u qachondir yutishiga, g‘alaba qozonishiga ishonadi, umid qiladi. Aynan shu umid va ishonch uning olg‘a intilishiga turtki bo‘lib turadi.

Asarda yana bir ajoyib fikr ilgari suriladi: Martin allaqanday mehmonxonaning kirxonasida kir yuvuvchi bo‘lib ishlaydi. 16-17 soatlab davom etadigan ish uning sillasini quritib tashlaydi va istasa ham kitob o‘qiyolmay qoladi. Tushunib yetadiki, agar inson uzu-kun jismoniy mehnat bilan mashg‘ul bo‘ladigan bo‘lsa, bu borada me’yordan oshsa, uning hayvondan farqi qolmaydi. O‘ta og‘ir va ko‘p jismoniy mehnat insonning insonligidan ayirib qo‘yadi, odam o‘ziga ma’naviy ozuqa ololmay qoladi. Inson tan uchun ozuqaga qanchalik muhtoj bo‘lsa, ruh uchun ham shunchalik ozuqaga muhtoj. Ruhiy ozuqa yig‘ishga ketadigan energiyani jismoniy mehnatga sarf qilib yuborilsa, muvozanat buziladi va hayot rangsizlasha boshlaydi.

Martinning Rufga nisbatan tuyg‘ulari samimiy edi. Shu bilan birgalikda Ruf ham Martinni chindan yoqtirardi. Ammo qizning olgan tarbiyasi, ijtimoiy holati va yoshlikdan miyasiga singdirilgan fikrlari uning muhabbati bemanfaat bo‘lishiga to‘sqinlik qilar edi. Bu narsalarni Martin keyinchalik tushunib yetadi. Turli san’at asarlari, yoki badiiy va ilmiy asarlardagi kamchiliklarni ko‘rgan Martin tanqid qila boshlaydi. Ammo bu tanqidlarga Ruf e’tiroz bildiradi. Shunda Martin anglaydiki, Ruf va Rufning tabaqasidagi ko‘plab insonlar shu paytgacha o‘zlari yoxud jamiyatning o‘sishi uchun emas, obro‘-e’tibor, avomdan yuqoriroq turish uchun bilim olibdi. Shu sabab oliygohlarda o‘qibdi. Ammo aslida o‘zlarining shaxsiy fikrlari yo‘q, hamma olqishlagan narsani olqishlashadi, tanqid qilingan narsani yutuqlariga-da ko‘z yumib piypaydi. Bu xuddiki diplom uchun, “o‘qigan” degan unvon uchun ta’lim olgandek gap. O‘taketgan yuzakilik edi.

Martin arosatga tushib qoladi. O‘zi intilgan, havas qilgan aslzoda, o‘qimishli va madaniyatli jamiyat u istagandek, tasavvur qilgandek bo‘lib chiqmadi. Bu jamiyatga Martin qo‘shilib ketolmasligini anglab turardi. Ammo u endi o‘zining quyi tabaqasiga ham qaytolmasdi. Chunki ilmning pillapoyalarini bir-bir bosib ancha yuqoriga ko‘tarilib qolgandi. Matroslik vaqtidagi hayot, do‘stlari endi unga begonadek. Endi u aqlli, mashhur, badavlat. Istagan odamiga, istagan narsasiga, umuman, hamma narsaga qo‘l cho‘zsa yetoladi. Ammo u qo‘l cho‘zishni istamaydi. Och-nahor, chorasiz yotgan chog‘ida bir burda non bermagan, uning va yozuvchilik orzusining ustidan kulgan, eshiklarini yuziga yopgan kimsalarning endigi mehribonchiliklari, tavozelari tobora uni bo‘g‘ib boradi.

U o‘ziga savol beradi: “Nega ular menga endi hurmat ko‘rsatishyapti, ziyofatlariga taklif qilishyapti? Axir, meni mashhur qilgan asarlarimni men ochlikda, g‘ariblikda, kasal holatda o‘sha kulbada yozgandim-ku. Axir, bu mehribonchiliklari, bu g‘amxo‘rliklari menga o‘sha paytda kerak edi-ku. O‘shanda och, pulsiz edim. Endi esa istaganimcha pulim bor, qornim to‘q. Mashhurman. Bularning mehmondorchiligi menga endi kerakmas. Insonlar nahotki shunchalik tuban bo‘lsa?!”

Aynan shu fikrlar uni bezovta qilardi. Ayniqsa, Rufning qaytishi, aynan ota-onasining Martinning yoniga yuborishi unga qattiq ta’sir qiladi. (Chunki Rufning ota-onasi Rufni Martindan aynitishib, orani uzdirishgandi. Idenning kelajagi yo‘q deb o‘ylashardi.) Bunday dil og‘riqlari, ruhiy sinishlar Martinni hayotdan bezdiradi va u o‘zini o‘ldiradi.

Hayotning shunday qora tomonlari, odamlarning shunday tubanliklari hamisha Martin kabi toza qalbli insonlarni yo tubanlashtiradi yoki hayotdan ketishga majbur etadi. Har qanday vaziyatda ham yaxshilik javobsiz qolmaydi. Inson insonni g‘aribligida ham sevishi, qadrlashi — oliyjanoblik. Ammo bu oliyjanoblikni har doim ham uchratavermaymiz. Ertaga nima bo‘lishini hech kim bilmaydi. Bu asar kitobxonga manfaatli bo‘lishiga ishonaman va tavsiya qilaman. Asar o‘zbek tiliga Qodir Mirmuhammedov tomonidan tarjima qilingan.

Gulasal Qodirova, kitobxon

Mavzuga oid