Iqtisodiyot | 15:46 / 23.03.2023
30084
7 daqiqa o‘qiladi

«Bermasning oshi pishmas». Xususiy sektordagi ayollar «dekret puli»ni olish bilan bog‘liq muammoga duch kelyapti

Xususiy sektorda band ayollarga dekret pulining qariyb 2 million so‘mi budjetdan to‘lanadigan bo‘lgan. Biroq Kun.uz'ga murojaat qilgan ayollar dekret puli to‘lab berilmayotgani, bu muammoni hal qiluvchi mas’ul idoralar bilan esa bog‘lanib bo‘lmayotganini aytishdi. Tegishli “ishonch telefonlari” o‘zgargan, lekin vazirlik bu haqda hech qayerda ma’lumot bermagan.

Foto: Getty Images

2022 yil 1 sentabrdan xususiy sektorda band ayollarning homiladorlik va tug‘ish nafaqasining bir qismi – 1 mln 992 ming so‘mi budjetdan kompensatsiya qilina boshlandi.

Buning uchun ma’lum talablar bor:

  • Nafaqaga talabgor ayol kamida uzluksiz 6 oy davomida o‘sha korxonada ishlagan bo‘lishi kerak;
  • Yagona milliy mehnat tizimida rasman band bo‘lgani, korxona tomonidan mehnat daftarchasi ochilgani hamda uning buyruqlari korxona tomonidan kiritilgani hisobga olinadi;
  • 6 oy davomida ayolning Davlat soliq qo‘mitasi ma’lumotlar bazasida daromadlari va soliq to‘lovlari aks ettirilgan bo‘lishi kerak;
  • Nafaqa faqatgina 2022 yilning 1 sentabridan boshlab “dekret”ga chiqqan ayollarga to‘lab beriladi.

“Bor otangga, bor onangga”

Kun.uz'ga kelib tushgan murojaatga ko‘ra, xususiy sektorda band bo‘lgan ayrim ayollar dekret pulini ololmayapti.

“Xususiy korxonada ishlayman. 11 fevral kuni dekretga chiqdim. Tibbiyot muassasasida ochilgan “bolnichniy list”imga barcha ma’lumotlar to‘g‘ri kiritilganiga qaramay, bir oydan ortiq vaqtdan beri menga dekret puli to‘lab berilmayapti. Qayerga murojaat qilishni bilmay, Yagona darcha va hududiy pensiya jamg‘armasiga murojaat qildim. Ular bu masala bilan shug‘ullanmasligini, bunday tartibdan xabarlari ham yo‘qligini va ko‘plab ayollar dekret pulini so‘rab ularga murojaat qilayotganini aytishdi”, – deydi murojaatchi.

Ayol ishlaydigan korxona (xususiy maktab) kadrlar bo‘limi boshlig‘i esa biz bilan suhbatda yaqinda yana 2 nafar ayol dekretga chiqishi kerakligi va ular bilan ham shunday muammo yuzaga kelishi mumkinligidan xavotirda.

“Biz murojaat qilish uchun kontakt topa olmadik. Xodimimiz bog‘langan idoralar bu masala ularning vazifasiga kirmasligini aytyapti”, – deydi u.

O‘zi qayerga murojaat qilish kerak edi?

Yangi tartib ishga tushishidan oldin Kun.uz bilan suhbatda Moliya vazirligi mas’uli Gulnora Murodova dekret pulini tayinlash uchun hech qayerga murojaat qilish shart emasligi, jarayon pro-aktiv (elektron ko‘rsatiladigan xizmat) tarzda amalga oshirilishini aytgandi.

“Ayollarimiz “dekret”ga chiqishdan oldin xohlaydimi-yo‘qmi, tibbiyot muassasalariga murojaat qilib, “bolnichniy list” olishadi. Tibbiyot muassasalarida ayti hamshiralar bor, ular byulleten berishdan oldin ayolimizni yagona ijtimoiy himoya reyestriga alohida ro‘yxatdan o‘tkazishadi. Bitta iltimosimiz bo‘lardi, ayollarimiz ayti hamshiralar ism-familiya va telefon raqamlarini so‘rab ro‘yxatga olganda, to‘g‘ri ma’lumot berishlari lozim”, – degandi u.

Demak, ayolning ishtirokisiz yuz beradigan nafaqa tayinlash jarayoni quyidagicha kechadi:

  • Ayol tibbiyot muassasasiga murojaat qilganda, uning ma’lumotlari "Tibbiyot" axborot tizimiga jismoniy shaxsdan ariza talab qilmasdan kiritiladi;
  • Shundan keyin mehnatga layoqatsizlik to‘g‘risidagi elektron ma’lumotlar avtomatik ravishda "Ijtimoiy himoya yagona reyestri" axborot tizimiga kelib tushadi;
  • Uning ish staji va ish haqi to‘g‘risidagi kerakli ma’lumotlar “Ijtimoiy himoya yagona reyestri" axborot tizimidan avtomatik ravishda olinadi.

Nega fuqarolarning to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilish imkoni yo‘q?

Holat yuzasidan izoh olish maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati bilan bog‘landik. Matbuot xizmati taqdim etgan raqam – +99871-203-19-93; ichki raqam – 20304ga bog‘langanimizda, murojaatlar bilan ishlash bo‘limi xodimi vaziyatni quyidagicha tushuntirdi.

“Agar ayollarga dekret puli tayinlanmasa, ushbu raqam +99871-203-19-93 (ichki raqam – 20304) ga qo‘ng‘iroq qilishsa, vaziyatni o‘rganamiz. Dekret puli tayinlash uchun ham ayrim talablar bor. Agar ayolning ish staji yetmasa (kamida uzluksiz 6 oy davomida o‘sha korxonada ishlagan bo‘lishi kerak) ham dekret puli tayinlash rad etilishi mumkin. Ilgari Moliya vazirligi tuzilmasida 1946 qisqa raqamimiz bor edi. O‘sha raqamga savollar yuzasidan telefon qilib javob olishar edi. Moliya va iqtisodiyot vazirligi birlashgach, telefon raqamlar o‘zgaryapti”, – dedi vazirlik xodimi.

Agar belgilangan muddatda dekret puli to‘lab berilmasa, Iqtisodiyot va moliya vazirligining +99871-203-19-93 (ichki raqam – 20304) raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, ma’lumot olish so‘ralyapti.

Aytish kerakki, raqamlar o‘zgargani yoki dekret puli masalasida qayerga murojaat qilish lozimligi haqidagi ma’lumotlar vazirlikning rasmiy sahifalarida e’lon qilinmagan.

Ishonch telefoni jurnalistlar izoh so‘ragandan keyingina taqdim etildi.

Qonunchilikka muvofiq, “Yagona milliy mehnat tizimi”da nafaqa oluvchining daromadlari mavjud bo‘lib, ish staji haqida ma’lumot bo‘lmasa, “Yagona reyester” tomonidan 2 ish kunida nafaqa oluvchiga sms va DSQ bazasidagi shaxsiy kabinetiga xabar yuborilishi nazarda tutilgan. Agar xodimning ish staji bilan bog‘liq muammo bo‘lsa, bunda ham xabar berilishi kerak edi.

Nafaqaga talabgorga hech qanday xabarnoma kelmasa va u muammo nimadaligini bilmasa, kimga murojaat qilishi kerakligini bilishi kerak emasmi?

O‘tgan yil 200 mlrd, bu yil – 665 mlrd so‘m

2022 yil sentabrdan joriy qilingan xususiy sektorda band ayollarning homiladorlik va tug‘ish nafaqasini to‘lab berish uchun budjetdan 200 mlrd so‘m ajratilgandi. 2023 yilda esa bu maqsad uchun budjetdan 665 mlrd so‘m yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil sentabr va noyabr oylarida 3500 nafardan ko‘p ayollarga jami 7 mlrd so‘m homiladorlik va tug‘ish nafaqasi tayinlangan.

Mavzuga oid