O‘zbekiston | 14:24 / 24.03.2023
38339
9 daqiqa o‘qiladi

Mehnat migratsiyasi sohasida hamon “eski tos, eski tog‘ora”. Yashirin o‘yinlar mamlakat zarariga ishlayapti

Har yili minglab o‘zbekistonliklar Janubiy Koreyada mehnat qilish imkoniyatini beruvchi imtihondan o‘tadi. 2022 yilda imtihonlarda 15 mingga yaqin kishi ishtirok etgan. Bunday katta tadbir qanday o‘tyapti? Korrupsiyaning oldini olish qay darajada ta’minlangan? Mehnat migratsiyasini tashkillashtirishga mas’ul tashkilotlar o‘z vazifalarini qay darajada uddalayaptilar?

Soha bo‘yicha yangi surishtiruvni boshlagandanoq bir narsa ko‘zga tashlandi – 2022 yilda Janubiy Koreyaga ishga yuborish uchun jami 4 ta imtihon o‘tkazilgan bo‘lib, ularning ikkitasi ommaga e’lon qilinmay o‘tkazib yuborilgan.

 

Agentlikning matbuot kotibiga izoh so‘rab murojaat qildik. U 2022 yilda faqat ikkita imtihon bo‘lib o‘tgani, qolgan ikkitasidan bexabar ekani, ammo aniqlashtirishini aytdi. Keyin haqiqatdan ham yana ikkita imtihon bo‘lib o‘tganini, faqat ular e’lon qilinmasdan o‘tkazilganini, hozirda holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotganini ma’lum qildi.

Janubiy Koreyaga ishga borishga oshiqayotgan vatandoshlarimiz ko‘pligi va bu sohada korrupsiya borligi inkor etilmagani bois, shu holatning o‘zi gumonlarni uyg‘otish uchun yetarli.

Endi bu yilgi vaziyat haqida.

Kun.uz'ga bir guruh fuqarolar murojaat qilib, Migratsiya agentligi Janubiy Koreyada mehnat qilish imkoniyatini beruvchi imtihon kunlarini juda kech e’lon qilayotganidan shikoyat qildi. Holatga aniqlik kiritish maqsadida vaziyatni o‘rgandik.

Agentlikning rasmiy kanalida 9 mart kuni “imtihon yaqinda o‘tadi” degan ma’nodagi qisqa e’lon joylashtirilgan.

Ammo Janubiy Koreya tomonining rasmiy saytida qayd etilishicha, bu yilgi imtihonlar 14 martdan 7 aprelgacha bo‘lib o‘tishi kerak. Ya’ni imtihonlar boshlanishiga sanoqli kunlar qolganiga qaramasdan, adadi 10 mingga yaqinlashadigan odam ishtirok etadigan imtihonlar imtihon o‘tadigan mamlakatning o‘zida e’lon qilinmagan edi.

Kun.uz muxbiri 10 mart kuni soat 16:13 da agentlik matbuot xizmati xodimi Ortiqxo‘ja Norov bilan bog‘landi va nega haligacha talabgorlar imtihon kunlari haqida ogohlantirilmagani sabablarini so‘radi. “Tasodif”ni qarangki, matbuot kotibi bilan bo‘lgan suhbatdan ikki daqiqa o‘tar-o‘tmas agentlikning Telegram kanalida imtihonlar 14 martdan 7 aprelgacha oraliqda bo‘lib o‘tishi haqida xabar paydo bo‘ldi.

Vaziyatning ichida bo‘lgan, holatdan xabardor bir necha manbalarning aytishicha, agentlik tomonidan imtihon sanalari oxirgi kunlarda e’lon qilinishi bejiz emas. Imtihon kunlarining imkon qadar kech e’lon qilinishi tuman va shaharlarda “faoliyat” yurituvchi, talabgorlardan pul olib, ishga yuborishni va’da beruvchi korchalonlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ko‘plab talabgorlar bexabar qolib, imtihonlarga ulgurmaydi va bunday vaziyatda korchalonlar o‘zlarining odamlarini “o‘tkazib olishlari” oson bo‘ladi.

Bu imtihondan maqsad – ishchilarning koreys tilini bilish darajasini tekshirish. Imtihon o‘tkazilishi haqidagi xabar O‘zbekistonning asosiy kunlik nashrlarida berilishi kerak. Bu Janubiy Koreya tomonidan talab qilingan.

Lekin agentlik kunlik nashrlar tugul, o‘zining matbuot bo‘limi orqali ham xalqqa ertaroq axborot bermay kelmoqda.

EPS TOPIK imtihonlari Janubiy Koreya inson resurslari xizmati tomonidan ishlab chiqiladigan testlar asosida o‘tkaziladi. Testga tayyorgarlik ko‘rish uchun HRD Korea tashkiloti tomonidan 2 qismdan iborat kitob ishlab chiqilgan. Bu kitoblar 30 ta mavzudan tashkil topgan, umumiy 60 ta darsdan iborat. Imtihon topshiradiganlar soni ko‘p bo‘lsa-da, kitob haqida o‘quv markaziga boribgina ma’lumot olish mumkin.

Hozirda Koreya Respublikasining kichik va o‘rta biznes korxonalarida 230 ming bo‘sh ish o‘rni mavjud bo‘lib, 2023 yilda Koreya korxonalari 16 ta xorijiy davlatdan 110 ming ishchi yollashni rejalashtirgan.

110 ming ishchini yuborishda 16 ta davlatda ham imkoniyatlar bir xil: qaysi davlat ko‘proq odamlarni imtihondan o‘tkazib, Koreyaning SPAS bazasiga kiritib bersa va ishchilarni tezroq uchirib yuborsa, shu davlat fuqarolari ko‘proq ishlash uchun ketadi. Nepal, Komboja, Indoneziya kabi davlatlar bu imkoniyatdan unumli foydalanib kelyapti. Ammo O‘zbekistondan Koreyaga borib ishlaydiganlar soni nisbatan kam. Buning sababi yuqoridagi kabi “o‘yinlar” bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Test olish uchun alohida tashkilot bo‘lishi, ta’lim bilan esa xususiy sektor shug‘ullanishi kerak. Ammo...

2018 yilda qabul qilingan 3839-sonli prezident qarorida tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasini rivojlantirish asnosida tartibsiz, noqonuniy mehnat migratsiyasi hajmini kamaytirish ko‘zda tutilgan edi. Bunga agentlik mas’ul etib tayinlangan, faoliyati uchun pul ajratilgan edi (2018 yilda 115 mlrd so‘m).

Biroq tashkillashtirilmagan mehnat migratsiyasi hajmi kamaygani yo‘q. Qaror chiqqandan keyin ochilgan xususiy bandlik agentliklarining ko‘pi “sirli” ravishda yopilib ketdi – ularning faoliyatini tartiblash sohasi go‘yo atay “bo‘sh qo‘yilgani” sabab, noxush holatlar yuz berdi va... xususiy bandlik agentliklari “firibgar”ga chiqdi.

Ochiq manbalarda e’lon qilingan xabarlarga nazar tashlaymiz.

Turli manbalarga ko‘ra 2,5 milliondan 3,5 milliongacha o‘zbekistonlik – aynan tashkillashtirilmagan mehnat migratsiya ishtirokchisi. Tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga mas’ul qilingan tashkilotlarning urinishi esa vaziyatni sezilarni o‘zgartirgani yo‘q – tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi hajmi ko‘p yillardan beri o‘zgargani yo‘q.

Korrupsiya uchun sudlangan shaxs – agentlik rahbari

Ayni damda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rahbari bo‘lib turgan Ermatov Afzal Hikmatillayevich avval ham, aniqrog‘i 2010 yildan 2013 yilgacha Tashqi mehnat migratsiyasi agentligida rahbar bo‘lib ishlagan.

Kun.uz'da mavjud hujjatdan ko‘rinishicha Afzal Ermatov 2018 yilda Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) uchinchi qismi “a” bandi va 211-moddasi 3-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda pora berish) bilan ayblanib, jarima jazosiga hukm qilingan (agentlik matbuot kotibi Ortiqxo‘ja Norov ushbu ma’lumotga aniqlik kiritib bera olmasligini ma’lum qildi).

Ermatov 2022 yil 17 martdan agentlik boshlig‘i v.b. etib tayinlangan va 2022 yil 1 noyabrdan rasman agentlikning to‘laqonli boshlig‘i hisoblanadi. Bu ma’lumotni ochiq manbalardan emas, agentlik matbuot kotibi Ortiqxo‘ja Norovdan bilib oldik.

Boisi Afzal Ermatovni agentlik direktori etib tayinlangani birorta nashr tugul, hatto agentlikning rasmiy sahifalarida ham e’lon qilinmagan.

Ma’lumki, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunning 28-moddasiga ko‘ra, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda sud tomonidan aybdor deb topilgan shaxslar davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilinishi mumkin emas deb belgilab qo‘yilgan. 2022 yil 8 avgustda imzolangan bu qonun 3 oy o‘tib kuchga kirgan.

Afzal Ermatovning to‘laqonli direktorlikni qabul qilib olgani haqidagi ma’lumot balki shuning uchun ham hech qayerda ochiq e’lon qilinmagandir.

Ta’kidlash kerak, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi – eng korrupsiyalashgan tashkilotlardan bo‘lgani – fakt.

2017 yil mart va aprel oylarida Janubiy Koreyada ishlashni istovchilarni ro‘yxatga olish bo‘yicha o‘tkazilgan test sinovlarida tushunmovchiliklar ro‘y berishi hamda buning ortidan jamoatchilikning noroziligi kelib chiqishi fonida agentlikning o‘sha paytdagi rahbari Ulug‘bek Nazarov o‘z lavozimini tark etgandi.

Ko‘p o‘tmay agentlikning o‘sha paytda o‘tkazgan – ro‘yxatga olish va test sinovi natijalari bekor qilingandi.

Oradan bir yil o‘tib o‘tmay, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi direktori Ravshan Ibragimov, agentlik direktori o‘rinbosari Ulug‘bek Nazarov, shuningdek, agentlikning Chet elda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lganlarni topish va ro‘yxatga olish bo‘limining sobiq boshlig‘i Alijon Abdullayev va Jo‘nab ketishdan oldingi moslashtirish va o‘qitish markazining direktori Ozod Maxsudovlar yirik korrupsiya ishida ayblanib, 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingandi.

Savol tug‘iladi – mehnat migratsiyasi sohasining peshonasi shu darajada sho‘rmi, yoki bu – sohaga atay qilinayotgan diversiyami?

Mavzuni o‘rganishda davom etamiz.

Shokir Sharipov

Mavzuga oid