“Yurtimiz kelajagiga befarq emasmiz” – chirchiqliklar yangilanayotgan Konstitutsiyaga munosabat bildirdi
Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida «Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki. Konstitutsiya o‘zimizniki!» shiori ostida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. Unda sportchilar, faxriy harbiylar va tadbirkorlar ishtirok etib, barchani referendumda faol bo‘lishga chaqirdi.
Tadbirda Mudofaa vazirligi ofitserlari, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti kursantlari, o‘qituvchi va professorlar, harbiy xizmatchilar, hokimiyat va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Sportchilar, faxriy harbiylar, tadbirkor va huquqshunoslar so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni 30 aprelda bo‘lib o‘tadigan referendumda faol ishtirok etishga chaqirdi.
Jumladan, “Heavenʼs garden” mehmonxonasi ta’sischisi, tadbirkor Abdurasul Abuxalilov konstitutsiyaviy o‘zgarishlarning ishbilarmonlik muhitini rivojlantirishdagi ahamiyati haqida to‘xtaldi:
“Zaxiradagi ofitserman. Hozirda tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman, “Heavenʼs garden” mehmonxonasi ta’sischisiman. Boshida 10 ta odam bilan ish boshlaganman, hozir esa ishchilar soni 1 500 nafarga yetgan.
Bugun bizneslarimizni kengaytirishga qo‘rqayotganimiz yo‘q. Aksincha, davlat tomonidan berilayotgan imkoniyatlar, kafolatlar bizni yanada ruhlantiryapti. Yangi tahrirdagi konstitutsiyaning 67-moddasida davlat qulay investitsion va ishbilarmonlik muhitini ta’minlaydi, deb belgilangan. Bu narsa bizni va chet ellik investorlarni yana ham ko‘proq investitsiya qilishga, yangi ish o‘rinlari yaratishga chorlaydi. Men va menga o‘xshagan tadbirkorlar referendumda qatnashamiz. Bir narsani aniq ko‘ryapman: yangi konstitutsiya biz kabi tadbirkorlarning qalqoni bo‘ladi”.
Shuningdek, targ‘ibot tadbirida sportning armrestling turi bo‘yicha O‘zbekiston va 6 karra Osiyo chempioni Aziz Tojiyev ishtirok etib, tengdoshlarini konstitutsiyaviy qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlashga chorladi.
“Yangilanayotgan Konstitutsiyaning 48-moddasi ko‘pchilik sportchilar qatori meni ham xursand qildi. Bu moddada davlat jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratishi belgilab qo‘yildi. Yaqinda Dubay shahrida o‘tkaziladigan Osiyo chempionatida ishtirok etaman. Mazkur musobaqada ham g‘olib bo‘lib, yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytaman hamda 30 aprel kuni referendumda qatnashaman. O‘zimning kelajagimga befarq emasman”, — dedi Aziz Tojiyev.
Targ‘ibot tadbiri davomida san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi ham namoyish etildi.
Mavzuga oid
18:14 / 11.12.2024
Konstitutsiyaviy sud prokurorlarning ikkita vakolatini bekor qilishga chaqirdi
15:38 / 10.04.2023
“San’atkor uchun “zapret” degan mudhish tushuncha bor edi” - Ozoda Nursaidova
13:04 / 10.04.2023
“Davlatning ko‘magi bilan o‘limdan qoldim” – navoiylik bemor
13:34 / 09.04.2023