O‘zbekiston | 17:18 / 28.03.2023
4601
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda aholi maskanlarining 75 foizi 4G aloqa bilan qamrab olingan – Raqamli texnologiyalar vazirligi

Qayd etilishicha, 2022 yilda aholi maskanlarini 2G aloqa bilan qamrab olish 99 foizga, 3G aloqa qamrovi esa 87 foizga yetkazilgan.

2020 yildagi statistikaga ko‘ra, mamlakatda internetdan foydalanuvchilarning umumiy soni 2020 yilda 22,5 millionni (shundan mobil internetdan foydalanuvchilar soni esa 21,4 millionni) tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 27,9 millionga (mobil internet foydalanuvchilari soni 26,4 millionga) yetgan.

2022 yilga kelib O‘zbekiston bo‘yicha internet foydalanuvchilarining umumiy soni 31,1 millionga (shundan mobil internet foydalanuvchilari soni 29,5 millionga) yetgan.

2022 yilda 4,6 millionta uy xo‘jaligida internetga ulanish imkoniyati yaratilgan. Xususan, o‘tgan yili aholi maskanlarining 99 foizi 2G, 87 foizi 3G, 75 foizi 4G aloqa qamrovi bilan qoplangan. 2022 yil mobaynida 170 ming km optik tolali aloqa liniyalari tortilib, qamrov 80 foizga yetkazilgan.

Qayd etilishicha, axborot-kommunikatsiya xizmatlari (aloqa va axborotlashtirish hamda kompyuter xizmatlari) hajmi 2021 yilda 17,8 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 22,9 trln so‘mga yetgan. Raqamli iqtisodiyot sohasining YaIMdagi ulushi o‘tgan yili 2,77 foizni tashkil qildi.

2020 yilda 1 gb Mobil internet narxi 1.34 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilda narx 37 sentga tushgan. Mos ravishda O‘zbekiston ayni yo‘nalish bo‘yicha xalqaro reytinglarda 55-o‘rindan 15-o‘ringa ko‘tarilgan.

2020 yilda simli internet narxi 16 dollar bo‘lgan (25-o‘rin), 2022 yilda esa narx 14,38 dollarni tashkil etgan (19-o‘rin).

2020 yilda mamlakatimizda mobil internet tezligi 10,07 Mbit/s (133-o‘rin), 2022 yilda esa 13,95 Mbit/s (122-o‘rin) natija ko‘rsatgan.

Simli internet tezligi: 2020 yilda 29,92 Mbit/s (95-o‘rin), 2022 yilda 45,03 Mbit/s (89-o‘rin).

Mavzuga oid