Jamiyat | 17:33 / 28.03.2023
13532
9 daqiqa o‘qiladi

Samodagi sarguzasht yoxud tibbiyot oliygohini tamomlagan jurnalistning qanday qilib “shifokorlikka qaytib qolgani” haqida hikoya 

Foto: Getty Images

“– Samolyotni boshqa davlat hududiga qo‘ndirishga majburman, – dedi styuard yigit ayolning og‘riqdan olayib ketgan ko‘zlariga qarab.

– U qaysi davlat?

– Ayni paytda Iroq ustidamiz.

Butun samolyotda sarosima kuzatildi. Iroqda O‘zbekistonning elchixonasi yoki rasmiy vakolatxonasi yo‘q. Bemorga kim ko‘mak beradi? Qolaversa, samolyotdagi 180 yo‘lovchining butun safar rejasi o‘zgarib ketadi”. 

Alloh yetkazib, ota-onam, ammam va ayolim bilan Umra ziyoratiga otlandik. Samolyot Toshkentdan Boku orqali Jiddaga uchishi kerak. Bokuda yoqilg‘i quyilishi va yeguliklar olinishi rejalashtirilgandi.

Bokudan ko‘tarilishimiz bilan issiq ovqat tarqatildi. Ovqatlanib bo‘lib, gigiyenik xonaga bordim. Qaytishimda eng oxirgi o‘rindiqda o‘tirgan ayol e’tiborimni tortdi. U yaltiroq qilib qadoqlangan va usti ochilmagan issiq taom ustiga yuzi bilan yotib qolgandi. O‘rtadagi o‘rindiq bo‘sh, undan keyingisida o‘tirgan ayoldan so‘radim:

– Sherigingiz nega bunday yotibdi?

– Bilmadim, shunday uxlab qolibdi shekilli.

– Yo‘g‘ye, issiq ustidaya, xola, turing, turing – sekin ayolning ro‘molidan tortib ko‘rdim. Ammo ayol javob bermadi. O‘rindiq stolchasidagi o‘ng qo‘li shalpayib pastga tushib osilib qoldi. Shunda uning hushini yo‘qotganini bildim va darhol boshini ko‘tardim hamda o‘rindiqqa suyadim.

Oltmishlardan oshgan ayol ko‘zlarini ochmas, nafas olishi ham sezilmasdi. Ich-ichimdan kuchli titroq o‘yg‘ondi va qovog‘ini ko‘tarib qaradim. Qorachiq pastga tushib ketgan, nigoh yo‘q. Bilagini ushladim, puls bilinar-bilinmas (ipsimon).

Xayolimda bundan yigirma yil avval o‘zim tahsil olgan dargoh – tibbiyot instituti, o‘tgan shuncha vaqtda biror marta ish bermagan shifokorlik diplomim esga tushdi. Chindan ham oliy ma’lumotli shifokor bo‘lsamda biror kun tibbiyot bilan bevosita shug‘ullanmaganman, bemor davolamaganman, bu murakkab sohaning sarhadsiz bilimlarini o‘sha payt ham durust egallay olmaganman. Umumiy tushunchalar ham xotiraning bir chetida uxlab yotardi.

Tezlik bilan ayolning yana qiyshayib ketayotgan boshini to‘g‘rilab, yuzini, nafas yo‘llarini to‘sib turgan ro‘molini ochdim. Birinchi navbatda qon bosimini o‘lchash kerak. Soniyalar ichida rafiqam yodimga tushdi. U bilan birga o‘qiganmiz, doimiy faoliyat yuritmasada, harqalay tibbiyotga mendan ancha yaqin. Turgan joyimda baqirdim:

– Shahlo, tanometrni olib kel!

Yaxshiki moslamani yukxonaga topshirib yubormagan ekan. Hayron bo‘lganicha shoshilib yugurib keldi. Vaziyatni qisqa tushuntirdim. Bu paytga kelib styurdessa qiz ham bizni ko‘rib qoldi va zudlik bilan sherigini chaqirib keldi. Ko‘kragiga “Xolid” deb yozib qo‘yilgan arab styuard yigit bizni bemor yonidan hayday boshladi. “Doktor, doktor” deb tushuntirgan bo‘ldim. Bu paytda Shahlo ayolning qon bosimini tezkor o‘lchadi va menga qarab bosh chayqadi – “juda past”. Biroz turib qayta o‘lchadi va shunday dedi: “Pastkisi (diastolik) sezilmayapti hatto”.

Ayolning yuzlariga urib, o‘ziga keltirishga urindik. Og‘zini ochib, suv ichirdik. Yutinish refleksi biroz saqlanib qolgan. Bortkuzatuvchi Xolid yonimga kelib inglizchalab tinimsiz nimalardir deb turibdi. Tushunganim “Oksijyen” ya’ni kislorod bo‘ldi. Shu payt til bilmasligim chindan alam qildi. Bugungi kunda ingliz tilini elementar darajada bilmaslik shunchaki uyatligi ayon bo‘ldi qoldi.

Salonga qarab baqirdim: “Kim ingliz tilini biladi?”. Ro‘molini chiroyli qilib o‘ragan qiz yonimizga yugurib keldi va Xolidning so‘zlarini tarjima qilib berdi:

– Agar zarur bo‘lsa, kislorod berishimiz mumkin, deyapti.

– Kislorod bera olsak yaxshi bo‘lardi, – dedimu, umrimda biror marta bu amaliyotni bajarmaganim esimga tushdi. Ayolning ikki yelkasidan ko‘tarib styuardessalar bo‘lmasiga olib o‘tdik va o‘tqazdik. Xolid kislorod ballonini ko‘tarib kelib, qo‘limga tutqazdi. Hayron bo‘lib turganimni ko‘rib, o‘zi ballonga yopishtirilgan paketni ochdi, niqobni ayolga kiygizdi va murvatni buradi. O‘rtadagi pufak shishib, bo‘shashishi bemorning kislorodga boyitilgan nafas olayotganini ko‘rsatardi. Tez orada yuziga qon yugurdi, qorachiqlari joyiga keldi. Shahlo uning yuzlarini siypalab dedi:

– Xolajon, hushingizni yo‘qotdingiz. O‘zingizni qo‘lga oling. Hozir sizga kislorod beryapmiz. Chuqur-chuqur nafas oling.

Biroz kislorod berganimizdan keyin niqobni yechdik va shirin choy ichirishga harakat qildik. Ayol ko‘zlarini ochib, hammamizga bir-bir qaradi.

– Xola, oldin samolyotda uchganmisiz?

Ayol sekin bosh chayqadi. Birinchi parvozi, orqa tomonda havo yetishmagani va ochlik o‘z ishini qilgani ayon bo‘ldi. Zudlik bilan oldinroqqa, bahavo joyga o‘tkazish kerak. Ammo bu payt samolyot chuqur turbulentlik hududiga tushib, titray boshlagan, bemalol yurishning iloji yo‘q edi.

Xolid ingliz tilini biladigan qizni yetaklab kelib, nimalardir dedi:

– Sizning shifokorlik litsenziyangiz bor-yo‘qligini so‘rayapti.

– Qanaqa litsenziya? Bizda unaqa hujjat asosida ishlashmaydi. Qolaversa, men diplomga ega bo‘lsamda, tibbiy faoliyat yuritmayman.

Hammasi tushunarli edi, kislorod ulashdagi uquvsizligim Xolidda shubha o‘yg‘otgan. Aksiga olib bu paytda xola yana hushini yo‘qotdi va boshi bilan devorga suyanib qoldi.

Xolid shosha-pisha so‘zlay boshladi:

– Samolyotni boshqa davlat hududiga qo‘ndirishga majburman, – dedi u ayolning olayib ketgan ko‘zlariga qarab.

– U qaysi davlat?

– Ayni paytda Iroq ustidamiz. Men har bir inson hayotiga mas’ulman.

Bizni kuzatib turgan samolyotdagi boshqa yo‘lovchilarda sarosima kuzatildi, odamlar bezovta bo‘la boshlashdi. Iroqda O‘zbekistonning elchixonasi yoki rasmiy vakolatxonasi yo‘q. Bemorga kim ko‘mak beradi? Qolaversa, samolyotdagi 180 yo‘lovchining butun safar rejasi o‘zgarib ketadi.

Tarjimon orqali Xoliddan shoshmaslikni iltimos qildim. Yaxshiki bu paytga kelib havo chuqurliklaridan o‘tdik va samolyot silkinmay qoldi. Ayolni old o‘rindiqlardan biriga o‘tkazdik va qon bosimini o‘lchadik. 100/70, ancha ko‘tarilgan va barqarorlashgan. Xolaning o‘zi ham ko‘zlarini ochdi va atrofga qaray boshladi. Darhol sharbatlar ichirdik. Atrofdagilar turli shirinliklar uzata boshlashdi.

– Xola, ismingiz nima, qayerdansiz?

– Samarqandlikman, ismim Zebo, – sekin javob berdi ayol.

Oppoq ro‘mollari ostida oppoq ko‘rinayotgan yuzi qirmizi tusga kirdi. Bir maromda nafas ola boshladi va atrofdagilarga bir-bir qarab chiqdi.

– Ozroq mazangiz bo‘lmadi. Lekin qo‘rqmang, birinchi marta samolyotda uchganlarda bu holat kuzatiladi. Yana ovqat ham yemagan ekansiz. Yaxshilab taomlanib oling. Xudo xohlasa manzilga yaqinlashyapmiz. Mana bu yigit Xolid, sizni o‘zim aylantirib umra qildiraman deyapti, – hazillashgan bo‘ldim.

Lekin Xolid buni jiddiy qabul qildi va shunday dedi:

– Men o‘zim makkalikman. Xola tuzalib ketsalar bas, uyimda mehmon qilaman, ziyoratlarga ham birga olib boraman.

Atrofdagilar uning gapidan zavqlanib kulib yuborishdi. Zebo xola Xolidning yuzidan silab duo qildi, Shahloni quchib ko‘ziga yosh oldi.

– Bolalarim yaxshi niyatda jo‘natishgandi, umrimda samolyotda uchmaganman. Qattiq qo‘rqdim, ishqilib umid bilan kutayotgan yaqinlarim yoniga qaytay.

Old o‘rindiqdagi oqsoqol duoga qo‘l ochdi, barcha yo‘lovchilar qo‘llarini birlashtirdilar:

– Alloh bu singlimizga o‘zi komil shifo bersin, Umra amallarini chiroyli bajarib, eson-omon bola-chaqasi yoniga qaytsin. Omin, Allohu akbar!

Samolyotdan tushar chog‘imizda Zebo xola, Xolid va men butun umr esdalik qolishga arzigulik suratga tushdik.

Abror Zohidov

Mavzuga oid