Jamiyat | 10:14 / 01.04.2023
29411
8 daqiqa o‘qiladi

Dalaning og‘ir mehnatidan ilmiy ishgacha. Sinovlarni bilim bilan yenggan qiz hikoyasi

“Bolaligimda qishloqda qizlar orasida faqat men dalaga velosipedda qatnardim. O‘shanda ustimdan kulishgan, lekin menga buning ahamiyati yo‘q edi. Hayotim imkon qadar osonroq bo‘lishiga harakat qilganman. Buning uchun menga faqat va faqat o‘qish yordam beradi deb ishonganman va adashmagan ekanman”, deydi “Mikrofon qizlarda” loyihasining navbatdagi qahramoni Sohibjamol Bozorova.

Chiqish yo‘li

Ayni paytda 29 yoshdaman. Qashqadaryo viloyati, Nishon tumani Talimarjon shaharchasida katta bo‘lganman. Oddiy oila farzandiman, dadam televizor ustasi, onam rahmatli muhandis edi. Bolaligim chiroyli o‘tgan, oilada 3 nafar qiz farzandmiz. Biroq keyinchalik qiyinchilik paytlari yuzaga kelgan, o‘gay ona qo‘lida qoldik, nonga zor kunlarimiz bo‘lgan. O‘sha paytlari 10-12 ming so‘m uchun kun bo‘yi, sovuq-issiq demay dalada ishlagan paytlarim bo‘lgan.

Ayni mana shu vaziyatda bu qiyinchiliklardan o‘qish orqali chiqib ketaman deb ishonganman. Sababi onam rahmatli o‘qimishli, davlat ishida ishlagani uchun mahalladagi ziyoli, eng yaxshi sharoitlarga ega ayol bo‘lgan. Vafotidan keyin ham hamma onamni chiroyli so‘zlar bilan eslardi. Shundan bilganmanki, ta’lim orqali yaxshi imkoniyatlarga ega bo‘lish mumkin.

Biroq dadam bizga boshqalarni o‘rnak qilib ko‘rsatardi. Dehqonchilik qilgan paytimiz yonimizdagi dalada ishlaydigan ayolning bolalarini namuna qilardi: “Mana, qaranglar, shu ayolning bolalari pomidor hosilini 1 mln so‘mga sotdi”, deb. Lekin ular 1 mln so‘m uchun yil bo‘yi ishlashlariga to‘g‘ri kelardi. Menga bu ish og‘ir tuyulgan, shuning uchun o‘qishga yo‘l izlaganman.

Bolaligimdan o‘zimni qat’iyatli bo‘lganman deb hisoblayman. Mahallada qizlar orasida faqat men dalaga velosipedda qatnardim. O‘zim tengi bolalar esa “o‘g‘il bolaga o‘xshaysan” deb ustimdan kulishgan. Menga buning ahamiyati yo‘q edi, hayotimni yaxshilashga harakat qilardim. Dalada ham tushlik payti issiqda emas, kechki payt salqinda ishlashni ma’qul ko‘rardim. Keng dalada bir o‘zim qolib ishlasam ham qo‘rqmasdim.

“Kontraktim uchun pul topishim kerak edi”

2012 yil kollejni tugatib hisobchilik yo‘nalishiga hujjat topshirganman, lekin kirolmagandim. Keyingi yil esa Qarshi muhandislik iqtisodiyot institutining oziq-ovqat texnologiyasi yo‘nalishiga shartnoma asosida kirganman. O‘shanda hamma ustimdan kulgan: “bu yo‘nalishni bitirib, hech qayerda ishlolmaysan, kontrakt puliniyam to‘lolmaysan”, deyishgan. Haqiqatan, o‘shanda bir yillik shartnoma puli 4,6 mln so‘m – men uchun fantastik miqdor edi. U payti buncha pul tugul, avtobusga yo‘lkira puli ham yo‘q edi. Boshida dadam shartnoma pulimga yordam bermoqchi bo‘lgan, lekin mening talaba bo‘lishim opamning o‘qishni bitirishiga ( u ham shartnoma asosida o‘qigan) to‘g‘ri kelgan, ham onamning ta’siri ostida dadam fikridan qaytgan. Shunda ham xafa bo‘lmasdan o‘zim harakat qilaman deb uydan chiqib ketganman.

Kollejda o‘qigan paytlarim a’lochi va faol bo‘lganim uchun tuman hokimi meni tanirdi. Shuning uchun hokimdan yordam so‘rab borganman, u “Kamolot” yoshlar tashkilotiga yuborgan, lekin yordam ololmaganman. Shu tashkilot eshigi tagida yig‘lab turganimda qorovul amaki “O‘qishni shunchalik xohlasang, faqatgina viloyat hokimi senga yordam bera olishi mumkin”, degandi. Shundan so‘ng ertasiga viloyat hokimligi binosi oldida hokimni kutib kechgacha o‘tirganman. Kun botgandan so‘ng oxiri hokim o‘rinbosari qabuliga kirishga rozi bo‘lganman. Hokimlik vaziyatimni tushunib, menga 2 mln so‘m shartnomamga o‘tkazib berishgandi. Shartnomaning qolgan 300 ming so‘mini ham topishim kerak edi. Shuning uchun o‘qish boshlanib ketgan bo‘lsa ham, bir kishining o‘rniga paxtaga chiqib, “bir sezon” paxta terib, o‘sha 300 ming so‘m pulni topib kelganman.

Poytaxtga yo‘l

Shunday qilib o‘qish boshlandi. O‘qish uchun bor imkoniyatlarimni ishga solganman. O‘qish payti 5-6 talab kurs ishi, diplom ishlari yozardim. Oxirgi kursda 6 ta diplom ishi olganman, o‘zimniki bilan 7 ta ishni tugatishim kerak. O‘sha payt qo‘limni it tishlab olgandi, og‘riqdan emas, qanday qilib shuncha narsani tayyorlayman, deb yig‘laganman.

Yoz oylari shaharda tikuvchilik sexlarida, qishloqda dalada ishladim, nima qilib bo‘lsa ham pul topish uchun imkoniyat qidirganman. Yangi yil arafasida bozorda tovuq go‘shti sotib ko‘rganman.

2017 yil o‘qishni bitirib tumanga qaytsam, dadam men uchun ish topibdi: oyligi 450 ming so‘m edi. Lekin bu oylik men uchun yetarli emasdi. Shuning uchun poytaxtga magistraturaga o‘qish uchun ketishim kerak degan qarorga kelganman va Toshkent kimyo-texnologiyalar institutiga magistraturaga grant asosida kirganman.

Boshida shaharni yaxshi bilmaganim uchun o‘qishimiz yaqinidagi kafeda idish yuvganman, boshqa ish qilsam kursdoshlarim ko‘rib qolishi mumkin deb o‘ylagandim. Sal poytaxtga moslashgach, ham o‘qib, ham Turizm kollejida ishlay boshlaganman. Bo‘sh kunlarim bir oilaning uy ishlariga yordamlashardim. Magistraturani tugatayotgan yilim talabalar uchun mo‘ljallangan dastur orqali Germaniyada 2 oy ishlab kelganman. Ham nemis tilimni yaxshilab, ketkizgan xarajatlarimdan tashqari ham yetarlicha pul ishlab qaytgandim. So‘ng o‘sha yili Toshkent davlat agrar universitetiga doktoranturaga kirdim, ham ishladim. Hali ilmiy ishimni himoya qilganim yo‘q, lekin himoyaga tayyorgarlik ko‘ryapman. Turmushga chiqqanim sababli kelinlik xizmatlariga ham vaqt ajratdim.

Moliyaviy erkinlik

Ilmning ortidan, kurashuvchanligim sabab hamma qatlamlarni ko‘rdim, oq-qorani ajratishni o‘rgandim. Ota-onamning uyini ta’mirlab berdim, tumanimizdan bir xonali uy sotib oldim. Dadam ham hozir men bilan faxrlanadi, menga suyanadi.

Boshida menga ishonmagan, eplay olmaydi deb o‘ylaganlar endi bolalarini olib kelib “shuni ham o‘qishga qiziqtir”, deb aytishadi.

Hozirgi vaqtda nafaqat qizlarning, balki yigitlarning ham moliyaviy mustaqillikka erishishi oson emas. Shuning ortidan ko‘p yosh oilalarda ota-onalar bolalariga ko‘proq ishonishlari, bolalarini qiyinchiliklarga bardoshli bo‘lishlariga yordam berishlari keyinchalik tezroq oyoqqa turishiga yordam beradi deb o‘ylayman. 

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.

Mavzuga oid