Gvardiola – Klopp to‘qnashuvi, Tuxel debyutida «Borussiya»ga qarshi, «MYu» va «Napoli» uchun jiddiy sinov. Hafta o‘yinlari anonsi
Nihoyat, milliy jamoalar bilan bog‘liq yig‘inlar ushbu mavsum uchun yakunlandi va klublar futboli o‘zining eng qizg‘in pallasiga kirib bormoqda. Ispaniya va Italiyada chempion nomi deyarli savol qoldirmayotgan bo‘lsa-da, Angliya va Germaniyada vaziyat juda qaltis va albatta, chempionlik masalalaridan tashqari, klublar yevrokuboklar uchun yo‘llanmalar, ligada jon saqlash kabi vazifalar bizni kutib turgan ikki oylik marafonda hal qilib olishlari kerak. Marafonga esa eng zo‘ri, Pep Gvardiola va Yurgen Kloppning navbatdagi dueli bilan start beriladi.
APL. 1 aprel (shanba)
MANCheSTeR SITI – LIVeRPUL
O‘yin boshlanish vaqti: 16:30
APL birato‘la turning markaziy uchrashuvi bilan boshlanadi. Ham chempionlik poygasida, ham Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashda hal qiluvchi bahslardan biri.
Pep Gvardiola jamoasi shunday pallaga yetib keldiki, endi xatolar kechirilmaydi. «Siti» o‘zi uchun tanish bo‘lgan rejimga qaytishga majbur – boshqa ochko yo‘qotilmasligi kerak. «Arsenal» avvalgidan ham kuchliroq bo‘lishi tabiiy, zero «finish»ni ko‘rganda londonliklar o‘z darajasidan ham yuqoriroq harakat qilishi turgan gap. Buning ustiga «Arsenal» yevrokuboklardan chiqib ketdi, «Manchester Siti» esa chempionatdan tashqari, Chempionlar ligasi va Angliya kubogi uchun ham kurashishi kerak.
«Liverpul» qat’iyat sinovi uchun mukammal nomzod. Klopp shogirdlari bu hafta «Manchester Siti», kelasi dam olish kunlari esa «Arsenal» bilan o‘ynaydi. Jamoa chempionlik duelida muhim rollardan birini o‘ynash bilan birgalikda, o‘z maqsadiga ham yetishi kerak. «Liverpul» yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha «Nyukasl»dan 5, «MYu»dan 8 ochko ortda bormoqda. Bu turda shu raqiblar o‘zaro o‘ynashidan foydalanib, liverpulliklarda yaqinlashib olish imkoniyati bor. Yakunda hech bo‘lmasa, ikkovidan birini quvib o‘tish uchun jamoa o‘ta yuqori saviyadagi o‘yinni namoyish qilishi shart. «Siti» va «Arsenal»ga qarshi o‘yinlar orasida, seshanba kuni «Liverpul» «Chelsi» mehmoni bo‘lishini ham unutmaslik kerak. Hal qiluvchi palla.
Tarkiblarga kelsak, «Liverpul» jarohatlar muammosi bilan kurashishda davom etyapti. Alkantara hali qaytgani yo‘q, Bayjyetich mavsum oxirigacha safdan chiqqan. Bular yetmagandek, Nunez, Henderson, Tsimikas, Dias kabi futbolchilarning maydonga tushishi so‘roq ostida turibdi. Mayli, Klopp bunday muammolarga o‘rganib ham qoldi, doim kimnidir o‘rnini to‘ldirish muammosi bilan kurashib kelmoqda, ammo «shaharliklar»ning muammosi son jihatdan kamroq bo‘lsa-da, ta’sir doirasi kattaroq bo‘lishi mumkin. Erling Holand so‘nggi mashg‘ulotlarni o‘tkazib yubordi va uning «Liverpul»ga qarshi o‘yinda maydonga tusha olmasligi mumkinligi haqidagi xabarlar paydo bo‘ldi. «Manchester Siti» urgan gollarining 40 foizidan ortig‘ining muallifi bo‘lgan hujumchining o‘rnini to‘ldirish oson bo‘lmaydi, albatta. Shuningdek, Fil Foden ham jaroxati tufayli sheriklariga yordam bera olmaydi.
O‘zaro o‘yinlarda «Liverpul» so‘nggi yillarda ustunlikka ega, ammo aynan «Etihad»dagi uchrashuvlarga e’tibor qaratsak, 2015 yil, ya’ni Kloppning eng birinchi tashrifidagi (4:1) g‘alabadan buyon «Liverpul» bu stadionda yutgani yo‘q. To‘g‘ri, kubok va YeChL o‘yinlarida mehmonlarning g‘alabasiga guvoh bo‘lganmiz, ammo aynan APL doirasidagi bahslarda manchesterliklarning ustunligi yaqqol kuzatiladi.
Bundesliga. 1 aprel (shanba)
BAVARIYa – BORUSSIYa DORTMUND
O‘yin boshlanish vaqti:21:30
Bir qator jamoalar navbati bilan «Bavariya»ga chempionlik poygasida qarshilik qilib turishsa-da, aprel oyiga kelib mana shunday intrigali vaziyat anchadan beri kuzatilmagandi. Dortmundliklar Myunxenga bir ochkolik farq bilan turnir peshqadami sifatida tashrif buyuradilar va agar kamida farq saqlanib qolsa, «Borussiya»ning ambitsiyasi yanada jiddiylashishi tabiiy. Birinchidan, jamoa keyingi 8 uchrashuvning 5 tasini o‘z maydonida o‘tkazadi, safar o‘yinlari ham turnir jadvalining ikkinchi yarmidagi jamoalardan (Boxum, Shtutgart, Austburg) iborat. Ikkinchidan, «Bavariya»dan farqli ravishda, dortmundliklar Chempionlar ligasida ishtirok etishmayapti. Ya’ni, Terzich mana shu o‘yindan omonlikda o‘tib olsa, keyingi barcha uchrashuvlarni o‘z foydasiga hal qilish imkoniyatiga ega. Bu o‘yin esa chempionlik masalasiga ta’sir qiluvchi emas, bemalol, bu masalani hal qiluvchi bahs sifatida ta’riflanishi mumkin.
Yana bir e’tiborga molik voqea – bu safar myunxenliklar maydonga Tomas Tuxel qo‘l ostida tushishadi. O‘z vaqtida, mazkur azaliy bahslarda «Borussiya»ni boshqargan murabbiy «Bavariya»dagi debyutini sobiq jamoasiga qarshi amalga oshiradi. Klub «PSJ» ustidan qozonilgan ikki g‘alabadan so‘ng ham Nagelsmanni bo‘shatib yubordimi, demak Bundesligadagi vaziyat ham ularni jiddiy o‘ylashga majbur qilmoqda. Bundan tashqari, Tuxel boshqa klubga, masalan «Tottenhem»ga o‘tib ketmasligi uchun ham «Bavariya» bosslari shoshilinch taklif bilan chiqishgani aytilmoqda. Bu ham aynan mana shu uchrashuvda murabbiy faktori katta ahamiyat kasb etishini bildiradi.
Tarkiblar borasida mezbonlar safida Jamol Musialaning yo‘qligi eng katta yo‘qotish sifatida baholanishi mumkin. Yosh futbolchi so‘nggi o‘yinlarda jamoa yetakchisiga aylanib qolayotgandi. Mehmonlar tarkibida esa Karim Adeyyemi hali qaytgani yo‘q, Yulian Brandt ham aprelning o‘rtalariga safga qaytishi kerak. Shunday bo‘lsa-da, shu kuni maydonga tushadiganlarga ko‘proq e’tibor qaratgan ma’qulroq, zero Kimmix – Bellinhem qarama-qarshiligi nafaqat Bundesliga, balki Yevropa miqyosda ham katta to‘qnashuv sifatida tilga olinishga loyiq.
O‘zaro o‘yinlarda «Bavariya» tabiiyki, ustun, hatto agar faqat Myunxendagi uchrashuvlarga e’tibor qaratsak, umuman, Bundesligada mezbonlar qatorasiga 10 o‘yindan beri faqat g‘alaba qozonib kelmoqdalar. Bu g‘alabalar ichida beshtasi yirik hisobda bo‘lgani, hatto bir marotaba 6:0 hisobi qayd etilgani ham «Bavariya»ga qo‘shimcha ishonch berishi turgan gap. Dortmundliklarning bu stadiondagi so‘nggi g‘alabasi 2014 yilda ro‘y bergani va o‘shanda tomonlarni Gvardiola va Yurgen Klopp boshqarganini aytsak, eh-he... Bu seriyani buzilish vaqti kelibdi, qizig‘i, xuddi shu kuni Gvardiola va Klopp Angliyada o‘zaro to‘qnash kelib turgan payt bo‘lsa...
APL. 2 aprel (yakshanba)
NYuKASL – MANCheSTeR YuNAYTeD
O‘yin boshlanish vaqti: 20:30
Yuqori o‘rinlar uchun da’vogar bo‘lgan ikki jamoaning to‘qnashuvi ayniqsa, Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashda katta ahamiyat kasb etadi. «Manchester Yunayted» APL doirasidagi so‘nggi ikki o‘yinda g‘alaba qozona olmay, o‘rtadagi farqni qisqartirib qo‘ygani ham o‘yinga qo‘shimcha intriga yuklaydi – mezbonlar agar g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, ochkolar bo‘yicha «MYu»ga yetib olib, to‘plar nisbati bo‘yicha quvib ham o‘tadilar. Yaxshi imkoniyat.
Bu ikki jamoa yaqinda Angliya Liga kubogi finalida ham to‘qnash kelgandilar. O‘shanda «qizillar» 2:0 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lishsa-da, o‘yin borasida, ayniqsa, 2-taymda «Nyukasl» raqibidan kam ko‘rinmaganini aytish lozim. Buning ustiga bu safargi o‘yin «Nyukasl» maydonida bo‘lib o‘tadi, finalda ilk golni urib, o‘yinda burilish yasagan Kazemiro esa diskvalifikatsiya tufayli sheriklariga yordam bera olmaydi.
Tarkiblar borasida yo‘qotish faqat Kazemiro emas, har ikki jamoa ham ushbu o‘yinda qatnashish bo‘yicha katta yo kichik muammosi bor ismlarga to‘la. Kazemirodan tashqari, Garnacho, Varan va Marsiyal tayyor emas. Markus Reshford jarohati tufayli milliy jamoa yig‘inlarini o‘tkazib yubordi. Hujumchi mashg‘ulotlarga qaytgani aytilayotgan bo‘lsa-da, o‘yinga qay darajada tayyor bo‘lishi shubha ostida. Shuningdek, Marsel Zabitser Avstriya milliy jamoasi yig‘inida kichik jarohat oldi va ikkinchi o‘yinda maydonga tusha olmadi. Eddi Hauga ham xavas qilib bo‘lmaydi. Allan Sen-Maksimen va Entoni Gordonlar yig‘inlar oldidan jarohat olishgandi va ushbu uchrashuvda asosiy tarkibda bo‘lishlari shubha ostida qolmoqda. Darvozabon Nik Poup haqida ham shunday xabarlar bor. Jamoa yetakchilaridan biri Migel Almiron aprel oyining oxirida safga qaytishi mumkin xolos. Asosiy himoyachilardan biri Sven Botman virus yuqtirib olgani haqida ma’lumotlar tarqalgan.
Jamoalarning birinchi davradagi «Old Trafford»dagi to‘qnashuvida hisob ochilmagandi. O‘tgan mavsumda «Sent Jyeyms Park»da bo‘lib o‘tgan bahsda ham tomonlar durangga rozi bo‘lishgandi – 1:1. Umuman barcha musobaqalar bo‘yicha «Nyukasl»ning «MYu» ustidan g‘alaba qozona olmayotgan o‘yinlari seriyasi 7taga yetdi.
A Seriya. 2 aprel (yakshanba)
NAPOLI – MILAN
O‘yin boshlanish vaqti: 23:55
«Napoli»ning chempion bo‘lishiga hech kim shubha qilmay qo‘ygan bo‘lsa kerak, zero hozirda jamoa eng yaqin ta’qibchisi «Latsio»dan 19 ochkoga ilgarilab ketgan. Atigi bir necha turdan so‘ng, katta ehtimol bilan kuchli beshlikda birinchi bo‘lib «Napoli» rasman chempionlikni nishonlaydi, ungacha esa bir qator jiddiy sinovlar bor.
Masalan, «Milan»ga qarshi o‘yin. Ha, bu o‘yindagi yo‘qotish hech narsani hal qilmasligi mumkin, ammo xuddi shu raqiblar o‘n kun o‘tib Chempionlar ligasi chorakfinalida ham to‘qnash kelishlari masalani boshqa o‘lchamga olib chiqadi. A Seriya o‘yinidagi g‘alaba YeChL bahslari oldida qo‘shimcha ishonch berishi turgan gap. Birinchi davrada Milanda bo‘lib o‘tgan o‘yinda «Napoli» 2:1 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, o‘shanda «Milan» katta ustunlik bilan o‘ynagan va ko‘p jihatdan «Napoli»dan yaxshiroq ko‘ringandi. Hozir ahvol biroz boshqacha.
«Milan» uchun esa bu o‘yin ochko jihatidan juda zarur. Mamlakat chempionlari bu mavsumda kuchli to‘rtlik uchun kurashishmoqda va bu o‘yindagi mag‘lubiyat biroto‘la ikki jamoaning ortdan quvib o‘tishiga sabab bo‘lishi, milanliklarni 6-o‘ringa tushirib yuborishi mumkin. Mavsum oxirlab borayotgan bo‘lsa-da, «Milan» keyingi uchrashuvlarda barcha asosiy raqiblari – «Latsio», «Roma» va «Yuventus» bilan o‘zaro kuch sinashadi. Ya’ni, «Milan» uchun mavsum eng qizg‘in va shiddatli pallasiga kirib bormoqda.
Yana bir qiziq jihat. «Milan»ning safarda o‘ynayotganini inobatga olsak, imkoniyat kamdek ko‘rinsa-da, aslida, o‘zaro o‘yinlarda boshqa tendensiya kuzatilmoqda. Bu jamoalar o‘rtasidagi so‘nggi besh o‘yinda faqat mehmonlar g‘alaba qozonayotgani qiziq fakt. Jumladan, Neapolda o‘tgan oxirgi 2 o‘yinda «Milan» g‘alaba qozongan, undan oldingi uchrashuvda ham mag‘lubiyatga uchramagan – 2:2.
1 aprel (shanba)
UNION BeRLIN – Shtutgart (18:30), ARSeNAL – Lids Yunayted (19:00), INTeR – Fiorentina (21:00), CheLSI – Aston Villa (21:30), YuVeNTUS – Verona (23:45), Elche – BARSeLONA (23:55)
2 aprel (yakshanba)
Monsa – LATsIO (18:00), ReAL MADRID – Valyadolid (19:15), ROMA – Sampdoriya (21:00), PSJ – Lion (23:45), ATLeTIKO – Betis (23:55)
3 aprel (dushanba)
Everton – TOTTeNHEM (23:55).
Mavzuga oid
13:54 / 30.11.2024
Noxush seriyadagi «Siti» «Enfild»ga boradi, Germaniyada Der Klasiker, «Inter» «Fiorentina»ga qarshi - hafta o‘yinlari anonsi
14:31 / 02.11.2024
«Arsenal»da yana jiddiy raqib, Husanov «PSJ»ga qarshi, «Chelsi» «Old Trafford»ga boradi - uikend anonsi
15:13 / 05.10.2024
«Real» noqulay raqibga qarshi, ten Hagning taqdiri tikilgan o‘yin, Bundesligada peshqadamlar to‘qnashuvi. Hafta o‘yinlari anonsi
15:09 / 31.08.2024