O‘zbekiston | 22:17 / 01.04.2023
46994
9 daqiqa o‘qiladi

Xorazmdagi jinsiy jinoyatlar: Hukm ustidan birorta ham davlat idorasi shikoyat qilmagan

Davlat qaramog‘idagi yosh qizlarning davlat amaldorlari tomonidan jinsiy aloqaga majburlanishi, sud esa aybdorlarga “shunchaki tunda uyingda o‘tirsang bo‘ldi” qabilida jazo tayinlagani rezonansga sabab bo‘lmoqda. Sud hukmi ustidan na prokuratura va na bolalar ombudsmani shikoyat qilgan. Holat yuzasidan oltita davlat idorasi munosabat bildirdi, faqat prokuratura hozircha sukut saqlamoqda.

Xorazm viloyati Urganch shahridagi 1-oilaviy mehribonlik uyining voyaga yetmagan uch nafar tarbiyalanuvchisi oylar davomida jinsiy aloqaga majburlab kelingani va jinoyatchilarga ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangani jamoatchilikni junbishga keltirdi. Rasmiy idoralar hodisa yuzasidan bayonotlar bilan chiqmoqda.

“Oliy sudga kassatsiya tartibida protest yoki shikoyat kelib tushmagan”

Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov avvalroq Kun.uz so‘roviga javoban ish yopiq sudda ko‘rilganini vaj qilib, tafsilotlar ochiqlanmasligi, qonun bunga yo‘l qo‘ymasligini bildirgan edi. Lekin u voqea ijtimoiy tarmoqlarda katta rezonans berishi ortidan rasmiy ma’lumot e’lon qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva tuman sudining 2022 yil 6 sentabrdagi hukmiga ko‘ra:

Yu.X. (1979 yilda Urganch shahrida tug‘ilgan, Xorazm viloyati Xalq ta’lim boshqarmasiga qarashli Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy bolalar uyi rahbari bo‘lgan) Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) 3-qismi “a” bandi, 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 2-qismi “g” bandi va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, unga 1 yilga muayyan huquqdan, ya’ni davlat ishtirokidagi korxona, tashkilot, muassasalarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

A.M. (1979 yilda Nukus shahrida tug‘ilgan, Xorazm viloyati Adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan) va A.Q. (1984 yilda Yangiariq tumanida tug‘ilgan, Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan) Jinoyat kodeksining 128-moddasi (16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismi va Jinoyat kodeksining eski tahrirdagi 128-1-moddasi (16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoxud mulkiy manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, ularning har biriga 1 yil 6 oydan muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, ish bo‘yicha apellyatsiya shikoyati ayblov tomonidan emas, uch nafar ayblanuvchi tomonidan kiritilgan. Xorazm viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2022 yil 27 dekabrdagi ajrimiga ko‘ra, birinchi instansiya sudi tayinlagan jazo o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Aziz Obidov Oliy sudga kassatsiya tartibida protest yoki shikoyat kelib tushmaganini bildirdi.

“Ushbu jinoyat ishi Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida kassatsiya tartibida ko‘rilgandagina yuqoridagi sud qarorining qonuniyligi, adolatliligi va asosliligiga huquqiy baho berilishi ma’lum qilinadi”, – deyiladi oliy mahkama bayonotida.

Bolalar ombudsmani

Oliy sud axborotidan ayon bo‘ladiki, davlat qaramog‘idagi yosh qizlarning jinsiy aloqaga majburlanishi va aybdorlarga jamoatchilik nazdida o‘ta yengil jazo berilgani fakti yuzasidan prokuratura ham, bolalar ombudsmani ham na viloyat sudiga, na Oliy sudga shikoyat qilmagan.

Vaholanki, bolalar ombudsmaniga bolaning buzilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish to‘g‘risidagi arizalar va da’volar bilan sudlarga murojaat qilish, bolaning buzilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda tiklash maqsadida sud jarayonlarida shaxsan yoki o‘z vakili orqali ishtirok etish vakolatlari berilgan.

Bolalar ombudsmani Aliya Yunusovaning matbuot kotibi Fotima Madrahimovaning axborotidan kelib chiqilsa, holat endigina nazoratga olingan.

“Bolalar Ombudsmani bolalarga nisbatan qo‘llanadigan har qanday jinsiy jinoyatlarga og‘ir jazo turlarini qo‘llash kerak degan pozitsiyada.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil holatni nazoratiga oldi va ishga oid barcha hujjatlarni o‘rganmoqda”, – deya ma’lum qildi Madrahimova.

Adliya vazirligi

Adliya vaziri Akbar Toshqulovning matbuot kotibi Sevara O‘rinboyevaning bayonotida tizimdagi rahbar-xodimning jinoiy harakati vazirlikka ma’lum bo‘lgan vaqtidayoq u lavozimidan ozod etilgani aytiladi.

“Adliya vazirligi tizimida ishlayotgan xodimlarning, xususan, rahbarlarning davlat xizmatchisi obro‘yiga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday xatti-harakat sodir etishdan tiyilishi, ularning jamiyatda o‘rnatilgan axloq normalariga rioya qilishi yuzasidan muntazam choralar ko‘rib boradi. Shu bilan birga, ko‘p ming sonli xodimlarning har birining ishdan tashqari vaqtda odob-axloq qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish imkoniyati cheklangan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarda qayd etilgan vazirlik hududiy boshqarmasi rahbarining na qonunlarga, na axloq va qadriyatlarga mos kelmaydigan harakatlari bizni chuqur larzaga soldi. Ushbu jinoiy harakat haqida bizga ma’lum bo‘lgan vaqtidayoq u lavozimidan ozod etilgan. Unga nisbatan tegishli sud hukmi chiqarilib, jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Qonunchilikka ko‘ra, sudlar o‘z faoliyatini davlat organlari va tashkilotlari mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda olib boradi, o‘z hukm-qarorlarini mustaqil ravishda chiqaradi. Shu sababli Adliya vazirligi sobiq xodimga nisbatan sud hukmini sharhlash vakolatiga ega emas”, deyiladi bayonotda.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi

Yangiariq tumani FVBning sobiq boshlig‘i mehribonlik uyida voyaga yetmagan qiz bilan jinsiy aloqada bo‘lgani fakti yuzasidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi munosabatida shunday deyiladi:

“Ta’kidlab o‘tish kerakki, o‘tgan yili tergov ishlari olib borilayotgan vaqtda ushbu xodim egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. Uning keyingi taqdiri bilan vakolatli organlar shug‘ullangan”.

Prezident administratsiyasi

Holatga Prezident administratsiyasi mulozimlari Komil Allamjonov va Saida Mirziyoyeva ham munosabat bildirdi.

“Pedofillarga nisbatan kimyoviy kastratsiya jazosini qo‘llash yuzasidan qonunchilikka o‘zgartirish kiritish vaqti keldi!” – deya yozdi Administratsiya rahbarining o‘rinbosari Komil Allamjonov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kimyoviy kastratsiya jazosi dunyo tajribasida, xususan Qozog‘iston, Ukraina, Germaniya, Norvegiya, Shvetsiya, Daniya, Isroil, Janubiy Koreya, Fransiya, AQSh va boshqa davlatlarda bor. “Ularda bor ekan bu jazo. Xitoy, Lotin Amerikasi davlatlari, Saudiya Arabistoni va Eronda birato‘la o‘ldirib yuborilar ekan”, – dedi u.

Prezident administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha shu’ba mudiri Saida Mirziyoyeva Bosh prokuraturadan holatga huquqiy baho berishni so‘radi.

“Xorazmda yuz bergan fojia jamiyatda keskin muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bu holat qonunchiligimizda jiddiy muammolar borligi va ushbu bo‘shliqdan jirkanch shaxslar foydalanib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Voqea ishtirokchilari orasida huquq idorasi vakillari ham borligi esa nihoyatda xavotirlidir.

Bosh prokuraturadan mazkur holatga alohida e’tibor qaratib, sinchiklab o‘rganishni va huquqiy baho berishni so‘rayman.

Biz mavjud qonunchilikni qayta ko‘rib chiqib, takomillashtirish, turli “lazeyka”larni yopish, oilaviy zo‘ravonlik bo‘yicha qonunni qabul qilishni tezlashtirishimiz zarur. Mazkur qonun loyihasi ayollar va bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan”, dedi Mirziyoyeva.

Senat

Senat raisi Tanzila Norboyeva bunday jinoyatlarga davlat va jamiyatning javobi murosasiz bo‘lishi shartligini bildirdi.

“Voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilgan bunday tuban jinoyatlarga davlatning, jamiyatning qat’iy va murosasiz javobi bo‘lishi shart.

Ayollar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan qonunimizda mazkur toifadagi jinoyatlar uchun jazoning jiddiy kuchaytirilayotganligi aynan shuning uchun ham nihoyatda muhimdir”, – dedi Norboyeva.

Mavzuga oid