O‘zbekiston | 11:17 / 03.04.2023
12215
3 daqiqa o‘qiladi

“3 nafar xodim korrupsiya bilan bog‘liq harakati uchun ishdan bo‘shatilgan” – Toshkent viloyati prokuraturasi

Kun.uz’da Toshkent viloyati prokurori Shavkatjon Rahimov ko‘plab xodimlarni ishdan bo‘shatib, majburan pensiyaga chiqargani yoki quyi lavozimga tushirgani haqida viloyat prokuraturasi xodimlarining murojaati e’lon qilingandi. Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi munosabat bildirdi.

Munosabatda ma’lum qilinishicha, viloyat prokuraturasi organlarida jami 303 nafar xodim xizmat qiladi. Joriy yilning o‘tgan davrida 6 nafar xodim pensiyaga chiqarilgan, 4 nafari o‘z xohishiga ko‘ra bergan arizasiga asosan egallab turgan lavozimidan ozod etilgan, korrupsiya bilan bog‘liq nojo‘ya xatti-harakatlarni sodir etgan 3 nafar xodim prokuratura organlari tizimidan bo‘shatilgan.

“Viloyat prokurorining murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha sobiq yordamchisi A.Mahmudov, agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘limi prokurori X.Turdiboyev, jinoiy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta’minlash bo‘limi prokurori X.Ahmedov 60 yoshga to‘lganligi munosabati bilan; 20 yillik ish stajiga ega bo‘lgan Ohangaron shahar prokurori A.Abdunabiyev, Zangiota tuman prokurorining o‘rinbosari D.Mahmudov, agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘limi prokurori A.Toirov “O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasi organlari va muassasalarida xizmatni o‘tash to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq, o‘z arizalariga asosan pensiyaga chiqishgan.

O‘z xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmagan va yuklatilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlay olmagan xodimlar belgilangan tartib asosida quyi lavozimga o‘tkazilgan.

2023 yilning 1-choragi yakuni bo‘yicha xodimlarning barchasiga to‘liq mukofot pullari to‘lab berilgan. Bundan tashqari, 54 nafar xodimga moddiy yordam pullari ajratilgan.

Maqolada qudasi, deya aytilgan Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i M.Egamberdiyev Shavkatjon Rahimovning qudasi emas. U o‘z ish faoliyatini 1998 yildan buyon prokuratura organlarida turli lavozimlarda halol xizmat qilib kelgani, bilim va kasbiy malakaga ega bo‘lgani sababli bosh prokurorning buyrug‘i bilan mazkur lavozimga tayinlangan (ma’lumot uchun, Sh.Rahimovning ikki qudasi bo‘lib, biri o‘qituvchi va biri ijro hokimiyatida ishlaydi).

Toshkent viloyati prokurorining Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘yicha katta yordamchisi A.Toshpo‘latov xizmatda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun bosh prokurorning 2023 yil 1 apreldagi tegishli buyrug‘i bilan lavozimidan ozod etilgan”, — deyiladi prokuratura munosabatida.

Mavzuga oid