«Lotoklar katta suv oqimini qabul qilishga mo‘ljallanmagan» - Toshkentni suv bosganiga shahar hokimligi izoh berdi
2 aprel kungi yog‘ingarchilik tufayli Toshkent ko‘chalarini suv bosdi, metro bekatlariga suv kirib ketdi, aviareyslar esa Samarqandga yo‘naltirildi.
Poytaxtda 2 aprel, yakshanba kuni kuchli momaqaldiroqlar kuzatilib, kuchli yomg‘ir yog‘di. Buning oqibatida ko‘chalarni suv bosdi, tunnellar va metro bekatlariga suv kirib ketdi. Toshkent shahar hokimiyati suv toshishi sabablarini izohladi.
Qayd etilishicha, poytaxtda yotqizilgan lotoklar katta oqimni qabul qilishga mo‘ljallanmaganligi bois shunday holat yuzaga kelgan.
«2 aprel kuni 2 soat davomida kuzatilgan kuchli yog‘ingarchilik natijasida 20 mm yomg‘ir yog‘di va bu aprel oyi uchun belgilangan umumiy me’yorning, ya’ni 60 mmning uchdan bir qismiga teng. Lotoklar bir paytning o‘zida bunday katta oqimni qabul qilishga mo‘ljallanmagani bois, shahrimizdagi bir necha manzilgohlarda suv to‘planishi kuzatildi», — deyiladi rasmiy bayonotda.
Hokimlik holatni bartaraf etish uchun Toshkent shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasi va uning tuman boshqarmalari, kommunal soha tizimlari, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Ichki ishlar bosh boshqarmasining 500 dan ortiq xodimlari va 100 dan ortiq maxsus texnikalari jalb etilgani va 2 aprel 23:00 gacha suv toshgan manzillardagi holatlarga barham berilganini qayd etgan.
Ta’kidlash joiz, «Toshkent metropoliteni» suv ketish yo‘llari (ariqlar)ning to‘lib qolgani uchun metro bekatlari suvga to‘lganini ma’lum qilgandi.
Mavzuga oid
16:35 / 23.12.2024
1 yanvarga o‘tar kechasi Toshkent metropoliteni ish jadvali 2 soatga uzaytiriladi
18:02 / 21.12.2024
Faoliyatda qonun buzilishi, sertifikatsiz o‘qituvchilar va norozi ota-onalar – “NEWTON ACADEMY” o‘quv markazi haqida nimalar ma’lum?
18:36 / 20.12.2024
Toshkentdagi elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini demontaj qilish buyurildi
18:05 / 20.12.2024