Jamiyat | 17:49 / 03.04.2023
21900
11 daqiqa o‘qiladi

Makedonskiy tangalaridan Buxoro amiri qog‘oz pullarigacha – O‘zbekistondagi yagona arxeologiya muzeyidan fotoreportaj

O‘z tarixida xitoy, hind, yunon, islom madaniyatini uyg‘unlashtirgan Surxondaryo, 3500 yil oldin yashagan ayol qabri, 15 asr oldin tikilgan paxta ko‘ylak, Aleksandar Makedonskiydan qolgan shahar, Termiz shahri fuqarosiga aylangan yapon olimi... Kun.uz 100 mingdan ortiq eksponat va artefaktlarni o‘zida jamlagan, O‘zbekistondagi yagona Termiz arxeologiya muzeyidan fotojamlanmani taqdim qiladi.

Muzey haqida

Termiz arxeologiya muzeyi 2002 yil 2 aprelda Termiz shahrining 2500 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan. U o‘ziga xos arxeologik yo‘nalishga ega muzey bo‘lib, fondi juda yirik: u yerda 116 mingta artefaktlar bo‘lsa, shulardan 55 mingtasi muzey namoyishiga qo‘yilgan.

2 qavatli muzeyni bir nafasda aylanib chiqib bo‘lmaydi. Qadimgi va yaqin o‘tmish tarixidan ma’lumot beruvchi artefaktlarni ko‘zdan kechirib chiqish uchun kamida 2 soat vaqtingizni sarflaysiz. Bizga eksponatlar haqida ma’lumot berish uchun muzey xodimi Feruza Xurramova hamrohlik qildi.

Bugun u taqdim etgan ma’lumotlar asosida muzeyga virtual sayohat qilamiz.

Shri-Lankaning bodxi daraxti Surxondaryoda

2017 yilda Termiz shahrining Qizil Sharq ko‘chasidagi uylarning biridan bodxi daraxti barglari shakli bilan ishlov berilgan kapitel (bu ustunlarning toj bezak qismi) topiladi.

Kapitel. Milodiy I-III asrlar. Eski Termiz

Bodxi buddaviylik dinida muqaddas sanalgan daraxt bo‘lib, uning ostida Budda o‘tirgan.

Uzlatga ketgan Budda haykali. Milodiy II asr. Eski Termiz

Muzeyda bodxi shakli tushirilgan ko‘plab artefaktlarni uchratish mumkin. Bu daraxt Shri-Lankaning Anuradxapura shahrida hozirgacha saqlanib qolgan. Ma’lumot uchun, O‘zbekiston–Shri-Lanka orasidagi masofa qariyb 4 ming kmni tashkil qiladi.

Kapitel shakli tushirilgan artefaktlar. Milodiy I-III asrlar.

Feruza Xurramovaning ma’lumotiga ko‘ra, eramizning ilk asrlarida bu hududlarga buddaviylik dini Hindiston tarafdan kirib keladi va keyinchalik bu yerdan Xitoy tarafga qarab yoyiladi. Shu sababli muzey artefaktlari orasida kichik o‘yinchoq kattaligidan 2-2,1 metrgacha bo‘lgan ko‘plab Budda haykallari bo‘laklarini ko‘rasiz.

Budda haykali tana a’zolari

Arab istilosi davrida barcha Budda ibodatxonalari va haykallarining boshlari buzib tashlangan. Shu sababli ular boshsiz holatda saqlanib qolgan.

Termiz shahridan unchalik uzoq bo‘lmagan manzilda Fayoztepa yodgorligi bor. Qadimgi ibodatxona vazifasini o‘tagan maskanda mahalliy o‘troq aholi diniy urf-odatlarini amalga oshirgan. Arxeologlar qazishma ishlar chog‘ida maskandan o‘rta hajmli Budda haykali (eramizning I-III asrlariga oid), uy anjomlari va oshxona jihozlari, kundalik turmushda kerak bo‘ladigan ashyolar topishgan. Quyidagi tosh hovuz ham Fayoztepadan topilgan bo‘lib, bu hovuz suvga to‘ldirilib, uning atrofida diniy marosimlar o‘tkazilgan.

Hovuz. Milodiy I-III asrlar. Fayoztepa

Fayoztepa yodgorligi buddistlar uchun ziyorat qiladigan muqaddas joy bo‘lgan. Hatto hozirgacha tibetliklar Fayoztepani ziyorat qilish uchun kelib turishadi.

Hududdagi madaniyatlar qorishuvini shundan ham bilsa bo‘ladiki, tosh hovuz buddaviylarniki bo‘lsa-da, unda tasvirlangan afsonaviy qush Grifon esa yunon mifologiyasidan olingan. Grifon – boshi sher, tanasi esa qushniki kabi tasvirlangan.

Afsonaviy qush (Grifon) tasvirlangan karniz. Milodiy II-III asrlar

Termizning yapon fuqarosi

Kato Kyudzo 1922 yilda Koreyaning Tegu shahrida tug‘iladi. U 2-jahon urushi davrida asirga tushib, Sibirda 5 yil yashagan. Shu sababli rus tilini yaxshi bilgan. U asirlikdan keyin arxeologiya sohasiga qiziqib qoladi va 1989 yilda O‘zbekistonga kelib 27 yil mobaynida qidiruv ishlarida qatnashadi. O‘zbekiston arxeologiya qo‘shgan ulkan hissasi uchun 2002 yilda Termiz shahri hokimining qarori bilan unga Termiz shahrining faxriy fuqarosi unvoni berilgan.

Kato Kyudzo

Muzeyda uning xotirasiga alohida ko‘rgazmalar zali tashkil etilgan.

Kato Kyudzo ko‘rgazma zali

2020 yilda Kyudzoning yaqinlari O‘zbekiston hukumatiga xat bilan murojaat qilishib, uning xotirasiga haykal, mehmonxona va yapon bog‘i qurish taklifi bilan chiqishgan va bu loyiha uchun 7,5 mln AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratadigan bo‘lishgan. Koronavirus pandemiyasi sababli to‘xtab qolgan qurilish ishlari endi boshlanish arafasida. Bu loyiha uchun Termiz shahrida joy ham ajratilgan”, deydi Feruza Xurramova.

Osiyodagi birinchi neandertal va 3000 yil oldingi ayol qabri

Yetakchi arxeologlarning fikricha, hozirgi O‘zbekiston hududida zamonaviy qiyofadagi odamlar Boysun tumanining Teshiktosh g‘orida topilgan. Bu mil. avv. 100-40 ming yilliklarni o‘z ichiga oladi. 8-9 yoshli neandertal bolaning bosh suyagi 1938 yilda topilgan. Bu suyak Osiyoda topilgan birinchi neandertal qoldig‘idir. 1939 yilda antropolog Mixail Gerasimov tomonidan uning byusti yaratilgan. Muzeydagi byust haykalning nusxasi bo‘lib, uning asl nusxasi sobiq ittifoq davrida mamlakatdan olib chiqib ketilgan, hozirda Sankt-Peterburgdagi Ermitaj muzeyida saqlanadi, deydi Feruza Xurramova.

Neandertal bola byusti

Sheroboddagi 100 gektar yerda mil. avv. 15-14 asrga tegishli Jarqo‘ton shahar qoldiqlari topilgan. Muzey xodimiga ko‘ra, bu Surxondaryo vohasida paydo bo‘lgan ilk shahar bo‘lgan. Shaharning 20 ga yerida topilgan 3000 ta qabr arxeologlar tomonidan ochib o‘rganilganda, bronza davrida odamlar ona qanday g‘ujanak holatda yotsa, xuddi shunday holatda erkaklarni o‘ng, ayollarni esa chap tarafga yotqizib, shaxsiy buyumlari, ovqatlar bilan dafn qilishgan.

35-40 yoshli ayol qabri. Mil. avv. XV-X asrlar

Tarixiy shaharlar

Navbatdagi eksponat miloddan avvalgi 17-15 asrga oid Sopollitepa yodgorligidan 8 ta mahalla va ko‘plab labirintlar topilgan. Shaharga kirishdagi bu labirintlar ayrim arxeologlar tomonidan dushmanlarni chalg‘itish uchun barpo qilingan deyilsa, boshqalar ulardan don saqlash ombori sifatida foydalanilgan, deyishadi.

Sopollitepa maketi. Mil. avv. XVII-XV asrlar

Hozir ham ayrim marosimlarda saqlanib qolgan olov ishtirokidagi marosimlar bundan 3500-3000 yillar oldingi udumlardan qolib ketgan.

Jarqo‘tondagi olov ibodatxonasi maketi. XV-X asrlar

Makedonskiy Surxondaryo hududida

Miloddan avvalgi 329 yilda yunon sarkardasi Aleksandr Makedonskiy bu hududlarga bostirib kiradi va Baqtriya hokimining qizi Roksanaga uylanadi. U shimoliy-g‘arbiy Hindistonga yurish qiladi va 33 yoshida kasallikka chalinib, vafot etadi. Vafotidan so‘ng uning tansoqchisi Salavka Salavkiylar imperiyasiga asos soladi va bu imperiya ushbu hududlarda 70 yil hukmronlik qiladi”, deydi Feruza Xurramova.

Aleksandr Makedonskiy va yunon sarkardalari byustlari

Undan keyin esa Diodot Yunon-Baqtriya imperiyasiga asos soladi va bu imperiya voha hududlarida 115 yil hukmronlik qiladi.

Quyidagi suratda esa Kampirtepa me’moriy yodgorligidagi o‘sha davrga tegishli zodagon oila hovlisi aks etgan.

Zodagon oila hovlisi. Miloddan avvalgi III-II asr

1933 yilda chegarachilar tomonidan Amudaryo suvlari ichidan ushbu Ayritom frizning (milodiy 1-3-asrlar) asl nusxasi topib olinadi. Va o‘sha yili bu friz arxeolog Mixail Masson tomonidan Leningradga (hozirgi Sankt-Peterburg) olib ketiladi va shu bilan o‘sha yerda qolib ketadi.

Ayritom frizi. Milodiy I-III asrlar

Hozirda uning asl nusxasi ham Sankt-Peterburdagi Ermitaj muzeyida saqlanadi. Bu eksponat esa uning nusxasi. Unda bodxi daraxtlari orasidagi musiqachilar tasvirlangan.

Bir haykal yuzida yunon, kushon va hind qiyofasi

Erkak haykalining boshi. Milodiy II-III asrlar. Dalvarzintepa. Sho‘rchi tumani

Yunon erkagi haykalining bosh qismi. Agar unga yaxshilab e’tibor qilinsa, dinlar va madaniyatlar uyg‘unligini farqlash mumkin bo‘ladi. Soch turmagi yunoncha, ko‘zlari kushonliklarniki, mo‘ylovi esa hindlarnikidek. Bir haykal misolida uch turga mansub erkak timsolini ko‘rishimiz mumkin”, deydi muzey xodimi.

Kushon hukmdorlari

Yuechji qabilalari bu hududlarga kirib kelib, Yunon-Baqtriya saltanatini o‘zlariga bo‘ysundirishadi.

Kushon hukmdorlari byustlari

Ularning kirib kelishi bilan diniy va madaniy hayot o‘zgarib, diniy qarashlarda yunon buddizmi paydo bo‘ladi.

Suratda aks etgan, Xolchayondan topilgan Afina ma’budasi haykali ham Buddaga o‘xshab ketadi.

Afina ma’budasi. Miloddan avvalgi I asr
Xolchayon saroyi maketi. Miloddan avvalgi I asr

15 asr avvalgi paxta ko‘ylak

Eski Termizdan topilgan paxtadan tikilgan ayol ko‘ylagi. V asr

Arxeologlarning aytishicha, bu ko‘ylak yelvizakli joyda asrlar davomida qolib ketgan. Shu sababli chirib qolmagan.

Zodagon hovlisi maketi. Dalvarzintepa. Mil. avv. I asr – milodiy III asr

Islom davrning boshlanishi

8-asr boshlarida barcha Markaziy Osiyo hududlari qatorida hozirgi Surxondaryo viloyati manzillarida ham yangi davr boshlanadi. Shundan so‘ng islom madaniyati, urf-odatlari, me’morchiligi jamiyat hayotida aks eta boshlaydi.

Termizshohlar saroyi me’moriy bezaklari. XI-XII asrlar

Payg‘ambarlar oroli

Surxondaryoning Afg‘oniston bilan chegarasida, Amudaryo daryosidagi orolda Payg‘ambarlar oroli bor. U yerda Qur’onda nomi zikr etilgan Zulkifl payg‘ambari maqbarasi bor. Maqbara daryo o‘zanlari orasidagi kichik orolda joylashgani uchun shunday nomlanadi.

Payg‘ambarlar orolidagi Zulkifl maqbarasi maketi. XI-XII asrlar

Bu orol qo‘riqlanadigan chegara hududida joylashgani uchun sayohlik maqsadida uni ziyorat qilish imkoni hozircha mavjud emas. Maqbara Surxondaryo viloyatining madaniy meros obekti hisoblanadi.

Makedonskiy Surxondaryoda ko‘prik qurgan(mi?)

Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida Iskandar (xalq tilida Makedon) nomli ko‘prik bor. Uning yonidagi qishloqqa Makedon nomi berilgan. Ko‘prik 16-asrda qurilgan bo‘lsa-da, mahalliy aholi uni mil.avv. 4-asrda yashagan Aleksandr Makedonskiy nomi bilan bog‘lashadi.

Iskandar (Makedon) ko‘prigi maketi. XVI asr

Makedonskiydan tortib Buxoro amiri tangalari va pullarigacha

Muzeyning eng qiziqarli va qattiq qo‘riqlanadigan bo‘limlaridan biri bu kumush va oltin tangalar saqlanadigan qismidir. U yerda miloddan avvalgi asrlardan to Buxoro amirining qog‘oz banknotalarigacha bo‘lgan pullaridan iborat eksponatlar saqlanadi.

Aleksandr tangalari. Kumush
Yunon-Baqtriya tangalari podsholari Demitriy, Evkradit. Antalkid tangalari. Kumush, bronza. Miloddan avvalgi II asr
Xitoy tangalari. Mis. VI-VII asrlar
Qoraxoniylar tangalari. Mis. XI asr
Xorazmshohlar tangalari. Mis. XIII asr
Buxoro tangalari. Mis. XVI asr.
Buxoro tangalari. Kumush . XIX asr
Georg IV tangalari. Kumush, oltin. XX asr
Buxoro qog‘oz pullari. XX asr.

Sardorbek Usmoniy

Mavzuga oid