Jahon | 14:39 / 03.04.2023
9362
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Tatarskiyning portlatilishi bo‘yicha gumondor qo‘lga olinganini ma’lum qildi

Darya Trepova federal qidiruvga berilganidan bir necha soat o‘tib qo‘lga olingan. Tergov u urush tarafdori bo‘lgan rossiyalik bloger Vladlen Tatarskiyning «ijodiy kechasi»ga bomba olib kelgan deb hisoblamoqda.

Foto: life.ru

Rossiya Tergov qo‘mitasi 3 aprel, dushanba kuni Sankt-Peterburgdagi kafeda sodir bo‘lgan portlashga aloqadorlikda gumon qilinib, Darya Trepova qo‘lga olinganini ma’lum qildi. «Fontanka» nashrining yozishicha, ayol Sankt-Peterburgning Viborg tumanida ijaraga olingan xonadonda ushlangan. Qo‘lga olish Ichki ishlar vazirligi Trepovani federal qidiruvga berganidan bir necha soat o‘tgach sodir bo‘ldi.

2 aprel kuni kechqurun Sankt-Peterburgda Vasileostrovskiy tumanidagi Street Food Bar № 1 kafesida portlash yuz berdi. Shu payt muassasada urush tarafdori bo‘lgan rossiyalik bloger-«harbiy muxbir» Vladlen Tatarskiy tomonidan «ijodiy kecha» o‘tkazilayotgan bo‘lgan. Portlash natijasida Tatarskiy halok bo‘ldi, yana 32 kishi jarohat oldi. Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ulardan 31 nafari kasalxonaga yotqizilgan, o‘n nafarining ahvoli og‘ir.

Portlash fakti bo‘yicha Tergov qo‘mitasi tomonidan qotillik (Jinoyat kodeksi 105-moddasi 2-qismi) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Tergov qasddan «ijtimoiy xavfli yo‘l bilan qotillik sodir etilishi»ni asosiy versiya deb hisoblayapti, deya xabar berdi «Interfaks» axborot agentligi. Jinoyatda gumon qilinuvchi shaxs peterburglik Darya Trepova ekani aniqlandi. Tergovning fikricha, u kafega portlovchi moslama o‘rnatilgan, Tatarskiy byusti solingan quti olib kelgan. 

Dushanba kuni ertalab ayol rasman yashagan kvartira tintuv qilindi, gumonlanuvchi u yerda bo‘lmagan, Trepovaning onasi va o‘gay otasi bo‘limga olib ketildi. Baza Telegram-kanali politsiya Trepovaning turmush o‘rtog‘i, ro‘yxatdan o‘tmagan Rossiya Libertarianlar partiyasi a’zosi Dmitriy Rilovni ham qidirayotgani haqida xabar berdi. U kafedagi portlashda ishtirok etganlikda gumon qilinmoqda. Shu bilan birga, uning o‘zi Tatarskiy bilan uchrashuvda bo‘lmagan, Libertarianlar partiyasi esa Rilov quvg‘inda ekanligini da’vo qilmoqda. 

Sankt-Peterburgdagi «Fontanka» nashrining yozishicha, portlash sodir bo‘lgan kafe «Vagner» XHK egasi Yevgeniy Prigojinga tegishli. Muassasa faqat shanba va yakshanba kunlari ishlagan, u yerda «Kiber Z front» munozara klubining yig‘ilishlari bo‘lib o‘tgan va urush tarafdorlari Donbass, Ukraina hamda dunyoda sodir bo‘layotgan voqealarni muhokama qilish uchun yig‘ilgan. 

Mavzuga oid