O‘zbekiston | 09:20 / 05.04.2023
9947
2 daqiqa o‘qiladi

Darya Trepovaning eri O‘zbekiston chegarasini kesib o‘tmagan - Bosh prokuratura

O‘zbekistonga Vladlen Tatarskiyni o‘ldirishda ayblangan ayol - Darya Trepovaning eri Dmitriy Rilovni hibsga olish bo‘yicha Rossiyadan so‘rov kelib tushmagan. Bu haqda Bosh prokuratura ma’lum qildi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Qayd etilishicha, Dmitriy Rilov O‘zbekiston Respublikasi davlat chegarasini kesib o‘tmagan va shunga ko‘ra mamlakatda bo‘lishi mumkin emas.

Avvalroq Rossiya OAV Rilov ayni vaqtda O‘zbekistonda ekani to‘g‘risida xabar bergandi. 

26 yoshli Darya Trepova 3 aprel kuni Sankt-Peterburgdagi kvartiralardan birida qo‘lga olingan. Qiz Universitetskaya qirg‘og‘idagi kafeda targ‘ibotchi Tatarskiyning «ijodiy kechasi»ga portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan haykalchani olib kelganlikda ayblanmoqda. Trepova haykalchani Tatarskiyga taqdim etganidan ko‘p o‘tmay portlash sodir bo‘lgan. Oqibatda targ‘ibotchi halok bo‘ldi, 30 dan ortiq kishi jarohat oldi. 

Trepova hibsga olinganidan so‘ng haykalchadagi portlovchi moddalar haqida bilmaganini va o‘ziga pand berish uchun shunday qilinganini aytgan. 

Sankt-Peterburgdagi «harbiy muxbir» Vladlen Tatarskiyning o‘limiga sabab bo‘lgan portlash uchun javobgarlikni «Natsionalnaya respublikanskaya armiya» (NRA) o‘z zimmasiga oldi. 

Tashkilot bu haqdagi bayonotni «Rospartizan» telegram-kanalida e’lon qildi, uni Ukrainada yashovchi Rossiya Davlat dumasi sobiq deputati Ilya Ponomaryov ham tarqatdi. 

«Biz 2023 yil 2 aprelda bir guruh Z-faollarga va shaxsan taniqli urush targ‘ibotchisi, harbiy jinoyatchi, Vladlen Tatarskiy nomi bilan tanilgan Maksim Fominga qarshi tadbir tashkil qildik va o‘tkazdik. Bu harakatni biz mustaqil tarzda tayyorladik va amalga oshirdik, bizda hech qanday aloqalar yo‘q va hech qanday xorijiy tuzilmalardan yoki maxsus xizmatlardan yordam olmaganmiz», deyiladi tashkilot xabarida. 

Mavzuga oid