Nuqtayi nazar | 14:13 / 05.04.2023
269461
5 daqiqa o‘qiladi

Qizlarimizni jasur, o‘g‘illarimizni mehribon qilib tarbiyalaylik

“Qizlarimizni o‘qitaylik, mustaqil bo‘lishsin, eriga qaram bo‘lmasin” degan gaplar ko‘paydi. Qo‘shilaman. Ammo o‘qishi, ish va daromadga ega bo‘lishining o‘zi yetmaydi. Qizlarimizni jasur qilib tarbiyalashimiz kerak. Afsuski mustaqil va kuchli ayol jasur ham bo‘lishi kerak. Ayniqsa, bizning jamiyatda...

Foto: Depositphotos

Qanday jasorat kerak?

O‘z taqdirini o‘zi hal qila olish jasorati. “Odamlar nima deydi?” deb o‘ylamaslik jasorati. Biz, shu jumladan men, “qizlarimiz unday qilsin, bunday qilsin”, demasligimiz kerak. Bunga hojat bo‘lmasligi kerak. Ammo ularning jasoratlarini qo‘llab turishimiz kerak.

Albatta, jamiyatdagi an’analar, ijtimoiy rollar, “ramkalar” o‘zgarmasidan, bunday jasoratni osongina ezib tashlaydiganlar yetarli bo‘ladi, deyishingiz mumkin. Xuddi shunday. Ammo dengiz tomchilar yig‘indisi bo‘lganidek, jamiyat – individlar yig‘indisi. Har kim o‘zidan boshlasa, jamiyat o‘zgaradi.

Xo‘p, qizlarni jasur va mustaqil qilib tarbiyalaylik dedik. O‘g‘il bolalar-chi?

O‘g‘il bolani ham yoshlikdan ayollarni hurmat qiladigan qilib tarbiyalashimiz kerak. O‘zi hurmat ko‘rmay umri o‘tgan onalar tarbiyada alamzada bo‘lmay, aksincha, “o‘g‘lim otasi meni ezganidek kelinimni ezmasin”, deyishi kerak.

Otalar o‘g‘illari bilan ochiq, kerak bo‘lsa qattiq gaplasha olishi kerak bu mavzuda. O‘g‘il bola hurmatni otadan o‘rganishi kerak. Afsuski, bizda kamdan kam ota bu haqda o‘g‘liga gap ochadi. Ko‘p gaplar muhokama qilinmaydi, ichga yutiladi, andisha qilinadi. Natijada fojia bilan tugashi mumkin.

Men psixolog emasman, tarixchiman, ammo bolalik davrimiz keyingi umrimizga, fe’limizga qanchalik ta’sir o‘tkazishini yaxshi tushunaman. Tugal mehr va toza idrok bilan o‘sgan farzand mehribon bo‘ladi, o‘ziga ishonadi, birovni kamsitmasdan, to‘kis hayot kechiradi. Kuchli va jasur bo‘ladi.

Bunday insonlar yig‘indisi bo‘lgan jamiyat ulg‘aygan jamiyat bo‘ladi. Undagi eng yuksak qadriyat – inson qadri bo‘ladi. Ulg‘ayishda mukammallikka erishgan jamiyat yo‘q, chunki hamma joyda manfaatlar to‘qnashuvi bo‘ladi. Ammo asosida hurmat va umumiy maqsadlar yotgan to‘qnashuv hamisha yomon narsa emas.

Bu jarayonlar chambarchas bog‘liq va vaqt o‘tishi bilan albatta natija beradi. Bitta yaxshi tarbiya olgan erkak sog‘lom fikrli o‘g‘ilni, o‘z qadrini biladigan qizni katta qiladi. Ayolga buyum yoki jinsiy manba sifatida qaramaydigan odamlar paydo bo‘lishi uchun avlodlar ketar, ammo bu imkonsiz emas.

Behbudiy aytgan, adashmasam: haq berilmas, olinur, deb. Hozirda ba’zi konservativ vatandoshlarimiz nihoyatda hayiqadigan, tinimsiz yomonlaydigan haq-huquqlar, ayollarning haq va erkinliklari aslida asrlar davom etgan kurash mevalaridir. Bularga erishish uchun ko‘p ayol-u erkak jonini bergan.

Asosan g‘arbda berilgan bu qurbonlar bizga tegishli emas, bu huquqlar bizga kerak emas, deydiganlarga ishonmang. Chunki bu qadriyatlar umuminsoniy qadriyatlardir. Bularga ishonmagan odamlar bilan hech qachon demokratiya haqida jiddiy suhbat qurib bo‘lmaydi, konsensusga kelib bo‘lmaydi.

Tarixdan yana bir narsa ma’lum: jamiyatda kuch va mavqega ega guruh uni osonlikcha topshirib qo‘ymaydi, u xoh zamindor sinf bo‘lsin, yo yerlik aholi, yo viloyatdan kelganlarni yoqtirmaydigan poytaxtliklar, yo ERKAKLAR bo‘lsin. O‘zi uchun foydali vaziyatni o‘zgartirmaydi, o‘zgarishiga to‘sqin bo‘ladi.

Bu tabiiy holdir. Jamiyatda hamma bir-birining fikriga qo‘shilib yashashi kerak, degani emas. Bunday bo‘lishi imkonsiz ham. Ammo oxir-oqibatda har bir inson o‘zi xohlagan muomalani boshqalarga qilsa, o‘zi adolat istab boshqalarga odil bo‘lsa, ijtimoiy ishonch degan ko‘rsatkich orta boradi.

Bu ko‘rsatkichni mehr-oqibat yo din-u diyonatga bog‘lash mumkindir, ammo aslida uning negizida oddiy “o‘zaro manfaat” yotadi. Jamiyatda boshqalarni hurmat qilsangiz, sizni hurmat qiladiganlar ko‘payadi. Hamma hurmat qilmaydi, albatta. Ammo ishonch ishonchsizlikdan ko‘proq bo‘ladi.

Qisqasi, men bu bosqichdan o‘tishimizga ishonaman, chunki ortga tortuvchi kuchlar borligiga qaramasdan aksar yoshlarimizning insoniyligiga ishonaman. Insonga jinsi va boshqa belgilaridan qat’iy nazar “inson” deb muomala qilsak, hammasi yaxshi bo‘lib ketadi.

Sherzod Mo‘minov,

tarixchi, Sharqiy Angliya universiteti dotsenti

Mavzuga oid