O‘zbekiston | 22:11 / 08.04.2023
21683
4 daqiqa o‘qiladi

“20–30 foiz drenajlarni fuqarolarning o‘zi uy qurish jarayonida yopib yuborgan” – Shavkat Umrzoqov

Toshkentga yangi tayinlangan hokim Shavkat Umrzoqov poytaxtning drenaj tizimi o‘rganib chiqilgani, ko‘chalarni nima sababdan suv bosgani haqida gapirdi. Kun.uz muxbirining xabar berishicha, hokim yerosti suv ketish tizimi ishdan chiqishiga aholining tartibsiz qurilishlari ham sabab bo‘lganini qayd etgan.

Toshkent shahriga Xitoydan elektr va tabiiy gazda harakatlanadigan jami 268 ta avtobus keltirildi. Poytaxtda vujudga kelayotgan tirbandliklarga yechim bo‘lishi kutilayotgan avtobuslar taqdimoti 8 aprel kuni o‘tkazildi. Unda Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umrzoqov ham qatnashib, Kun.uz muxbirining avtoturargohlar va drenaj tizimi muammolari haqidagi savollariga javob qaytardi.

Hokimga ko‘ra, Toshkentdagi avtoturargohlar tizimi tartibga solinmagan, buning uchun avvalo yo‘llarni to‘g‘rilash lozim.

“Bu faqat hokimiyatning emas, balki o‘zimizning, insonlarning ham yo‘lda yurish madaniyati hisoblanadi. Birinchidan, yo‘lda harakatlanuvchi har bitta “avtomobilchi”ning transport qo‘yishini inobatga olgan holda avtoturargohlar tashkil qilish, kerak bo‘lsa, ularni pulli qilib, undan orttirilgan mablag‘ mazkur tizimni rivojlantirishga sarflanadi.

Avtoturargohlarning hammasi bozorga yaqin hududlarda joylashadi. Bir narsani tushuninglar, ishlab chiqarishdami – umuman hamma narsada “bottleneck” degan narsa bor. Oldin 10 talik quvurlarda suv yurgan bo‘lsa, hozir rivojlanish shunchalik tez bo‘lganidan 20-30 talik quvurlarda suv yurgandek tirbandlik paydo bo‘ladi. Demak, biz nima qilamiz? Suvning harakatlanishini har qayerga oqizib-oqizib yuborishimiz kerak. Bu – tez bo‘ladigan narsa emas. Tez bo‘lgan narsaning umri qisqa bo‘ladi.

Bir yilda Toshkentdagi aholi soni deyarli 100 mingga oshyapti. Ichki migratsiya bor. Hajm o‘sishidan kelib chiqib, kelgusidagi hisob-kitoblarni ham olyapmiz. Bu yildan joriy qilishni boshlaymiz, muammo birdaniga yechilmaydi. Koridor deyilganda, birinchi bitta ko‘chadagi muammo, keyin ikkinchi va uchinchilarning – shu tarzda bosqichma-bosqich boshqa masalalarni yechamiz”, – deydi u.

Shavkat Umrzoqov Kun.uz muxbirining shahar drenaj tizimida yuzaga kelayotgan muammolar borasidagi savoliga quyidagicha javob berdi.

“Drenaj tizimini o‘rgandim. O‘zimizdan ham ayb qidiraylik, 20-30 foiz drenajlarni fuqarolarning o‘zi uy qurish jarayonida yopib yuborgan. Biz bu narsalarni o‘rganib, aniqlab bo‘ldik. Hozir mazkur tizimni endi qanday tiklaymiz, qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan insonlarga qanday chora ko‘riladi? Bu – davlat mulki. Nimaga suv toshdi? Birinchidan, asfalt bo‘lib yotibdi, suv shimilmadi. Odamlar uy quryapti, qurmasa ham to‘sqinlik bo‘layotganini yozadi. Sharoit qilib berilishini talab qilishadi. Lekin aholimiz qurilish madaniyatiga rioya qilgan holda qurishi kerak-ku, yerning ostidan o‘tgan narsalarni yopib tashlashi kerakmas-ku. Bu borada tadbirkorlarning ham, aholining ham sonini aniqlab, ma’lum qilamiz”, – deya qayd etadi Umrzoqov.

Ma’lumot uchun, ko‘p yillar prokuratura tizimida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan Umrzoqov 2018 yildan buyon “O‘zavtosanoat”ga rahbarlik qilib kelayotgandi. Shu yilning 23 mart sanasida esa Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi.

Avvalroq Kun.uz’ga intervyu bergan mutaxassislar poytaxtdagi yo‘llar, yo‘laklar betonlashtirilayotgani, yer o‘zlashtirilishi ortidan ariqlar besabab yopib tashlanayotgani, palapartish qurilish – umuman shahar bosh rejasiz qolayotgani sabab yengil yomg‘irda ham talafotli suv toshqinlari yuzaga kelayotgani haqida gapirgandi.

Aprel oyi boshidagi yomg‘irlar sabab yana toshqinlar kelib chiqqach, 5 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Qurilish vazirligi va Toshkent shahar hokimligiga drenaj tizimi bo‘yicha yechim topish vazifasini yukladi.

Mavzuga oid