Jahon | 13:45 / 08.04.2023
23695
18 daqiqa o‘qiladi

Dunyo iqtisodiyotining qon tomiri: Yevropa va Osiyoni bog‘laydigan Suvaysh eramizdan avval ham bo‘lganmi?

2021 yil 23 mart kuni Malayziyadan Gollandiyaga yuk olib ketayotgan Tayvanning Evergreen Marine kompaniyasiga qarashli Ever Given supertankeri Suvaysh kanalida tiqilib qoldi. Kanal vaqtincha yopildi, kemalar uzoq yo‘l bosib, Afrika janubidan aylanib o‘tishga majbur bo‘ldi. Bir necha kun davomida kemaning atrofi qumdan tozalanib, uni harakatga keltirishdi. O‘shanda Suvayshning bir haftaga yopilishi jahon iqtisodiyotiga bir necha yuz milliard dollar zarar keltirdi. Kema egasi bo‘lgan kompaniya esa Misrga qariyb 1 mlrd dollar tovon puli to‘ladi.

O‘rta Yer dengizini Qizil dengiz bilan bog‘laydigan Suvaysh kanalining dunyo iqtisodiyotida tutgan o‘rni judayam katta. Yevropadan Osiyo, Afrika va Avstraliyaga yuborilayotgan yoki aksincha yo‘nalishda tashilayotgan yuklarning asosiy qismi shu kanal orqali o‘tadi.

Tarixchilar kanal qadimgi Misr davrida ham bo‘lganini aytishadi. Bu qanchalik haqiqat? Quyida kanal tarixi va uning jahon iqtisodiy aloqalaridagi ahamiyati haqida so‘z yuritamiz.

Suvaysh kanali jahon savdo aloqalarida eng muhim yo‘l hisoblanadi. Mazkur kanalning ahamiyati XX asrning ikkinchi yarmidan so‘ng Fors ko‘rfazida yirik neft konlarining topilishi va XXI asrda Xitoyning keskin iqtisodiy rivojlanishi ortidan yanada oshdi.

Bugun dengiz orqali tashilayotgan neftning katta qismi va Janubiy-Sharqiy Osiyodan Yevropaga yuborilayotgan yukning barchasi shu kanal orqali o‘tadi.

XIX asrning birinchi yarmida O‘rta Yer dengizi va Qizil dengizni o‘zaro bog‘laydigan kanal qurilishi loyihasi qilinayotganda aksariyat olimlar mazkur kanal hudud ekologiyasiga juda katta salbiy ta’sir ko‘rsatishini aytishgan.

Amalda esa teskarisi bo‘ldi. Cho‘llarni kesib o‘tayotgan kanalda dengizning sho‘r suvi oqsa-da hudud ekologiyasi qayta tiklandi. Shuningdek, O‘rta Yer va Qizil dengizning flora va faunasi o‘zaro almashib, boyidi.

Qadimgi Misrda qazilgan birinchi kanal tarixi

Misrda Nil daryosini Qizil dengiz bilan tutashtirish uchun kanal qazish tarixi eramizdan avvalgi 2 ming yilga borib taqaladi. O‘sha paytda Nil daryosidan sahro bo‘ylab Qizil dengiz tomonga kanal qazila boshlangan. U «Fir’avnlar kanali» deb nomlangan.

Aristotel bu kanalni Sesostris deb atagan. Kanal qurilishi bir necha asr davom etgan va oz-ozdan sahrolar orqali Qizil dengiz tomonga qarab siljiyvergan. Eramizdan avvalgi 7-asrga kelib u qariyb bitgan.

Shundan so‘ng Qizil dengizdagi kemalar kanal orqali O‘rta Yer dengiziga ham chiqa olgan. Ushbu kanal haqida Aristoteldan tashqari, Gerodot, Diodor, Strabon ham ma’lumotlar yozib qoldirgan.

Qadimgi Misrda qazilgan kanal tasvirlangan xarita

Eramizdan avvalgi 1-asrda Misr rimliklar tomonidan egallanadi. 98-117 yillarda Rim imperiyasini boshqargan Trayan kanalni kengaytiradi va qum bilan to‘lib qolgan joylarini qaytadan qazdiradi. Shu sababli u «Trayan kanali» deb nom oladi. Biroq kanal yana qarovsiz holda qolib ketadi va aksariyat joylarini qum bosadi.

Misr arablar hukmronligiga o‘tgach uning bir qismi qayta tiklanadi. Abbosiy xalifalardan bo‘lgan Mansur davrida kanal yana yopilib, qumga to‘ladi. O‘shanda xalifa savdo markazlari Misrga ko‘chishini xohlamagan deyiladi.

Keyinchalik, Usmoniylar imperiyasi vaziri bo‘lgan Mahmet Poshsho Sokollu kanalni qayta ochish rejalarini tuzadi, ammo bu ish amalga oshmaydi.

Kanalning qayta tiklanishi

1798 yilda Misrga borgan Napoleon Bonapart O‘rta Yer dengizi va Qizil dengizni o‘zaro bog‘laydigan kanalni tiklash masalasini ham ko‘rib chiqadi. U fransuz muhandisi Leper boshchilik qilgan komissiyaga bu haqda maxsus topshiriq beradi.

Komissiya esa Qizil dengiz suvlari O‘rta Yer dengizi suvlaridan 9,9 metr balandlikda, shu sababli kanalni tiklab bo‘lmaydi degan noto‘g‘ri xulosaga keladi.

Shu sababli Leper kanalni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikkita dengiz o‘rtasida emas, balki eski o‘zani bo‘ylab Nil daryosiga qarab tortish rejasini tuzadi. Loyihaga ko‘ra kanal qurilishiga 30-40 million frank sarflanishi lozim edi. Napoleonning shoshilinch tarzda Fransiyaga qaytishi, keyinchalik taxtdan quvilishi bu loyihaning to‘xtatilishiga sabab bo‘ladi.

1841 yilda Britaniya armiyasi zobitlari Leper hisobda adashganini ko‘rsatib berishadi. Shundan so‘ng fransiyalik Talabo, angliyalik Stefenson va avstriyalik Luiji Negrelli yangi loyiha ishlab chiqishadi. Fransiyalik diplomat Ferdinand Lesseps ularni qo‘llab- quvvatlaydi.

1855 yilda Lesseps Usmoniylar imperiyasi tomonidan tayinlangan Misr hukmdori Muhammad Said Poshshodan kanal qazish uchun ruxsatnoma oladi. Said Poshsho kanalni qazish uchun Misrda kompaniya tashkil etilishiga ruxsat beradi.

Shuningdek, tomonlar kanal tayyor bo‘lgach uning boshqaruvi masalasida ham kelishuvga erishishadi. Kanal loyihasi fransiyalik muhandis Linan ded Belfonga topshiriladi.

1855 yilda Lesseps kanal qazish uchun Usmoniylar imperiyasi hukmdorining farmonini olishga ham erishadi. 1859 yilga kelib Parijda Suvaysh kanalini tiklash bo‘yicha kompaniya tashkil etiladi. O‘sha yili Lesseps boshchiligida kanal qurilishi boshlanadi.

Tashkil etilgan kompaniyaning 44 foiz aksiyasi Misr hukumatiga, 53 foizi Fransiyaga, 3 foizi boshqa mamlakat vakillariga tegadi. O‘zaro kelishuvga ko‘ra kanal bitgach undan tushadigan foydaning 74 foizini aksionerlar, 15 foizini Misr hukumati, 10 foizini kompaniya asoschilari olishi belgilanadi.

Kanal qurilishi

Kanal Leper ishlab chiqqan ilk loyihada ko‘rsatilganday Qizil dengizdan Nil daryosiga emas, daryoning O‘rta Yer dengizi quyiladigan deltasi tomonga qarab qazila boshlanadi.

Sahroda ish nihoyatda qiyin kechadi. Toza ichimlik suv tanqisligi va issiq havo kanal qurilishida ishlayotgan ishchilarning tinkasini quritib yuboradi. Og‘ir sharoitda ko‘plab insonlar halok bo‘ladi.

Garchi bu yerda ishlayotganlarga arzimagan ish haqi to‘lansa ham, ishsizlik sababli kanal qurilishiga odamlar oqib keladi. O‘sha paytda kanal qazishda bir paytning o‘zida 20 mingdan 40 ming nafargacha bo‘lgan odam ishlaydi. Kanal o‘rnidan chiqayotgan qum to‘liq qo‘lda tashib chiqiladi.

Kanal ilk qazila boshlagan kunlarda kompaniya sahroda ishlayotgan ishchilarga ichimlik suvi yetkazib berish uchun 1 600 ta tuyadan foydalangan.

1863 yilga kelib 4 yillik og‘ir mehnatdan so‘ng, kanalning bir qismi bitadi. Nil daryosi suvi kanal qazilayotgan joygacha oqib kela boshlaydi. Shu tariqa ichimlik suvi muammosi bartaraf bo‘ladi va ishlar tezlashib ketadi.

Umumiy hisobda kanal qurilishi 10 yil davom etadi va u yerda og‘ir sharoitlarda ishlagan 120 ming odam halok bo‘lgani aytiladi.

Kanalning ochilishi

1869 yil 17 noyabrda 161 kilometr uzunlikdagi kanal katta tantanalar bilan ochiladi. Ochilish marosimiga Napoleon III ning rafiqasi imperatritsa Yevgeniya, Avstriya-Vengriya imperatori Frans Iosif I, Vengriya bosh vaziri, Gollandiya shahzodasi, Prussiya shahzodasi kabi nufuzli mehmonlar tashrif buyurishadi. Bayram tantanalari yetti kun davom etadi.

Kanalga Qizil dengiz bo‘yida joylashgan Suvaysh qishlog‘i nomi beriladi. Kanal administratsiyasi Port Said shahri yaqinidagi Port Fuad shaharchasida joylashadi.

Kanalni boshqarish huquqi 100 yilga, 1969 yil 17 noyabrgacha «Umumiy Suvaysh kanali kompaniyasi»ga beriladi. Bu kompaniyani Britaniya va Fransiya nazorat qilardi.

Kanal ochilganidan so‘ng Osiyodan Yevropaga yuklarni yetkazib borish masofasi va vaqti keskin qisqaradi. Bu esa turli mahsulotlar tannarxini tushirish bilan birga iqtisodiy rivojlanishni ham tezlashtirib yuboradi.

Osiyo va Afrika sharqidan Yevropaga xomashyo tashish ko‘payadi. Yevropadan Osiyoga turli dastgohlar olib borish osonlashadi va shu tariqa kanalning ochilishi barchaga birday manfaatli bo‘ladi.

1875 yilda Said Poshshodan so‘ng Misr hukmdori bo‘lgan Ismoil Poshsho Misr hukumatiga tegishli aksiyalarni Buyuk Britaniyaga sotadi. Shundan so‘ng Suvaysh kanali to‘lig‘icha Fransiya va Britaniya egaligiga o‘tadi.

1888 yilda Istanbulda Suvaysh kanaliga doir xalqaro konvensiya imzolanadi. Unga ko‘ra kanaldan barcha mamlakatlarga tegishli kemalar haqini to‘lagan holda erkin o‘tib qaytishi mumkinligi belgilab qo‘yiladi.

1 va 2- jahon urushlari davrida ham kanal Britaniya va Fransiya nazoratida bo‘ladi. 1956 yilda Misr prezidenti Jamol Abdul Nosir Suvaysh kanalini natsionalizatsiya qiladi va u Misr ixtiyoriga o‘tganini e’lon qiladi.

Shundan so‘ng kanaldan foyda olib turgan Britaniya va Fransiya Misrga bostirib kiradi. Ularga Isroil harbiylari qo‘shiladi. O‘shanda BMTning aralashuvi bilan Britaniya, Fransiya va Isroil Misrdan qo‘shinlarini olib chiqadi va Suvaysh to‘laqonli Misr ixtiyoriga o‘tadi.

Uch marta yopilgan kanal

Suvaysh kanali o‘z tarixida uch marta yopilgan:

1. Jamol Abdul Nosir kanal Misr ixtiyoriga o‘tganini e’lon qilganda

1956 yilda Misr prezidenti Jamol Abdul Nosir kanal nazorati davlat tasarrufiga olinganini e’lon qiladi. Tabiiyki, uning bu qarori kanaldan katta daromad olib turgan Britaniya va Fransiya manfaatlariga zid edi.

Shundan so‘ng har ikki davlat Misrga qarshi urush e’lon qiladi va uning hududiga bostirib kiradi. Urushga Isroil ham qo‘shiladi. Bosqinchilar Suvaysh kanalini bosib olishadi. Unda qurilgan turli inshootlarni vayron qilishadi. Kemalarni cho‘ktirishadi.

Misrning bir o‘zi bosqinchilarga qarshilik ko‘rsata olmasligi ayon edi. Shu sababli unga SSSR boshchiligidagi sotsialistik lagerga kiruvchi davlatlar harbiy yordam jo‘nata boshlashadi.

Jumladan, SSSR harbiy samolyotlar va kemalar, Chexoslovakiya esa zirhli texnikalar yuboradi. O‘sha paytda SSSR rahbari bo‘lgan Nikita Xrushchev Britaniya, Fransiya va Isroil hukumatlariga agar Misrdagi urushni to‘xtatishmasa bu davlatlarga termoyadro zarbalari berishini aytib po‘pisa ham qiladi.

1956 yil 2 noyabr kuni BMT Bosh assambleyasi favqulodda sessiyasi o‘tkaziladi va unda Britaniya, Fransiya va Isroil darhol Misrdan o‘z harbiylarini olib chiqishi lozimligi haqida qaror qabul qiladi.

1956 yil 15 noyabr kuni Misrga tinchlikparvar kuchlar kiritiladi. Bu BMT tashkil etilgandan buyon urush maydoniga yuborilgan ilk tinchlikparvar kuchlar edi.

1956 yil dekabrda bosqinchilar Misrdan qo‘shinlarini olib chiqib ketadi. Vayron qilingan inshootlar tiklangach kanal 1957 yil mart oyida qayta ochiladi. Shu tariqa Suvaysh Misrning o‘ziga tegishli bo‘lib qoladi.

2. 1967 yilda bo‘lib o‘tgan Arab-Isroil urushi paytida

1967 yilda arab-isroil urushi bo‘lib o‘tadi va u tarixda «Olti kunlik urush» nomini olgan. Ana shu urushda bir qator arab davlatlari Isroilga qarshi urush olib borishadi.

AQShdan yetarlicha harbiy yordam olgan Isroil armiyasi urush davomida Suvaysh kanalining turli inshootlarini samolyotlar yordamida vayron qiladi. Kanal yana yopiladi.

1973 yilda qayta boshlangan arab-isroil urushi davrida Misr armiyasi tezkorlik bilan Suvayshni egallab oladi va AQSh yordamida kanal va uning atrofini minalardan tozalaydi. Ungacha Isroil harbiylari kanalning ochilishiga yo‘l qo‘yishmagan. Nihoyat 1975 yil 5 iyunda kanal qayta ochiladi.

3. 2021 yilda Ever Given supertankeri tiqilib qolganda

2021 yil 23 mart kuni Malayziyaning Iskandar Puteri portidan Gollandiyaning Rotterdam shahriga yuk olib ketayotgan Tayvanda joylashgan Evergreen Marine kompaniyasiga qarashli Ever Given supertankeri qumga tiqilib qoladi.

Shundan so‘ng Suvaysh kanalini vaqtincha yopishga to‘g‘ri keladi. Qariyb bir hafta davomida kemaning atrofi qumdan tozalanib, uni harakatga keltirishadi.

2021 yil 14 aprel kuni Ismoliya shahri iqtisodiy sudi Ever Given supertankeriga egalik qiluvchi Evergreen Marine kompaniyasi Misr hukumatiga qariyb 1 milliard dollar tovon puli to‘lashi haqida hukm chiqaradi.

2021 yil 15 aprelda supertanker Suvaysh kanalidagi ko‘lda to‘xtatiladi va tovon puli to‘langandan so‘ng qo‘yib yuborilishi ma’lum qilinadi.

2021 yil 7 iyulga borib tankerga egalik qiluvchi kompaniya va Suvaysh kanali administratsiyasi tovon miqdori bo‘yicha kelishuvga erishadi va Ever Given qo‘yib yuboriladi.

O‘shanda Suvaysh bir hafta yopilib qoladi va aksariyat kemalar harakatlana olmay kanal atrofida to‘xtab qoladi. Boshqalari esa uzoq masofa bosib Afrika janubi bo‘ylab aylanib o‘tishga majbur bo‘ladi. Oqibatda dunyo iqtisodiyoti bir haftada bir necha yuz milliard dollar zarar ko‘radi.

Kanal haqidagi umumiy ma’lumotlar

Kanal ilk ishga tushirilganda uning chuqurligi 8 metrni, kengligi esa 20 metrni tashkil etgan. O‘shandan buyon kanal kengaytirilib kelinmoqda.

Hozirgi kunda Suvayshning umumiy uzunligi 163 kilometrni, chuqurligi 11-24 metrni, kengligi esa 205-225 metrni tashkil etadi. Kanaldan eni 77,5 metr, balandligi 68 metr, 240 000 ming tonna yuk ortgan supertankerlar ham bemalol o‘ta oladi.

2008 yilda Suvayshdan 21 170 ta kema o‘tgan va bu Misr budjetiga 5,38 milliard dollar mablag‘ keltirgan. 2009 yilda kanaldan 17 155 ta turli kemalar o‘tgan.

Suvaysh kanali qurilishi natijasida O‘rta Yer dengizi va Qizil dengizdagi flora va fauna aralashib turlarning rivojlanishiga sabab bo‘ladi.

Bugun Suvaysh kanali bitta kanaldan iborat emas, 2014-2015 yillarda u bilan parallel 72 kilometrli yangi kanal qazildi. Bu kanalning o‘tkazuvchanlik ko‘rsatkichini ancha oshirdi.

Avvallari Suvaysh kanalidan sutkasiga o‘rtacha 50 ta kema o‘tgan bo‘lsa, qo‘shimcha kanal qazilgach u yerdan sutkasiga 100 dan oshiq kema o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi kanalni qazishga Misr hukumati 8-9 milliard dollar sarflagan.

Suvaysh kanalidan oxirgi yillarda bir yilda 18-20 ming atrofida kema o‘tyapti va bu Misr budjetiga 6-8 milliard dollar mablag‘ keltiryapti.

Bundan tashqari, har yili bu kanalni tomosha qilishga va unda kemada sayr qilishga dunyo bo‘ylab millionlab sayyohlar keladi.

Bundan bir yarim asr avval kanal qurilishiga 576 million frank sarflangan. Iqtisodchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra hozirgi kunda uning qiymati 9 milliard dollarga teng.

O‘rta Yer dengizi va Qizil dengiz sathlarining teng darajada turishi kanaldan kemalarni ko‘tarib tushiradigan shlyuzlardan foydalanishga hojat qoldirmagan.

Suvaysh kanalidan bir yilda o‘rtacha dunyo bo‘ylab dengizda tashiladigan yuklarning 12-15 foizi, neftning esa 20 foizi o‘tadi. Kelajakda bu ko‘rsatkich oshib borishi taxmin qilinmoqda.

Kanaldan kemalar ketma-ketlikda uncha uzoq masofa saqlamasdan soatiga 12-14 kilometr tezlikda harakatlangani uchun to‘qnashuvlar umuman sodir bo‘lmaydi.

Tariflar va boshqa loyihalar

Suvaysh kanalidan o‘tayotgan kemalar Misr hukumati belgilagan tarif bo‘yicha haq to‘lashadi. Tariflar tonna bilan belgilangan. Hozirgi kunda 1 tonna yuk o‘tkazishning o‘rtacha narxi 8-12 dollar atrofida bo‘lmoqda.

Og‘ir yuk ortgan supertankerlarni Suvaysh kanalidan o‘tkazish uchun unga yuk ortgan kompaniya million dollargacha sarflashi mumkin.

Suvaysh kanalidan o‘tish narxini qimmat hisoblovchilar ham bor. Shu sababli Isroil hududi bo‘ylab Qizil dengizdan O‘rta Yer dengiziga qarab kanal tortish reja qilingan.

Keyinchalik bu loyihani amalga oshirishning imkoni yo‘qligi ma’lum bo‘lgan. Shundan so‘ng Isroil hududi bo‘ylab temiryo‘l tortish masalasi ham ko‘rib chiqilgan. Biroq Yaqin Sharqdagi mudom notinch vaziyat bu loyiha hali-beri amalga oshishiga to‘sqinlik qilishi aniq.

Shuningdek, ancha yillardan buyon Rossiyaning «Rosatom» kompaniyasi Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlari, AQSh va Kanadaga Shimoliy Muz okeani orqali Yevropaga yil davomida o‘zining atom muzyorarlari bilan yo‘l ochib berishni taklif etib keladi. Biroq Suvayshdan o‘tib qaytish barchaga birday ma’qul kelmoqda.

2022 yil 24 fevral kuni Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan G‘arb bilan munosabatlar keskin sovuqlashdi. Ular Rossiyaga qarshi ko‘plab iqtisodiy sanksiyalar joriy qilishdi.

Shundan kelib chiqilsa G‘arb davlatlari yaqin orada Shimoliy muz okeanidan yuk tashishda foydalanmaydi va Suvaysh kanali muhim transport yo‘lagi bo‘lib qolaveradi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid