O‘zbekiston | 22:51 / 08.04.2023
42935
10 daqiqa o‘qiladi

Mudiraga qonun talablarini chetlab o‘tib, bolalar uyi ochishga kim yordam bergan?

Kun.uz Xorazmdagi oilaviy bolalar uyida tarbiyalangan qizlarga nisbatan sodir etilgan jinsiy jinoyat tafsilotlarini o‘rganishda davom etmoqda. Surishtiruvlarimiz davomida Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy bolalar uyi amaldagi qonunchilikka zid ravishda ochilgani ma’lum bo‘ldi.

Hukumat qarori bilan tasdiqlangan “Oilaviy bolalar uylari to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra, faqat er-xotinlargina oilaviy bolalar uyi tashkil etish uchun ariza berishi, yetim hamda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyaga olishi mumkin. Biroq Yulduz Xudoyberganovani yaqindan taniganlarga ko‘ra, bolalar uyi tashkil etayotganda uning turmush o‘rtog‘i bo‘lmagan.

Bundan tashqari, qonunchilikka ko‘ra oilaviy bolalar uyiga tarbiyalash uchun ko‘pi bilan 10 nafar bola beriladi. Urganchdagi holatda esa qo‘shmachi ayolga 11 nafar bola berib yuborilgan.

Bu holatlar oilaviy bolalar uyi faoliyat yuritgan hududdagi mahalla raisining ham, qolaversa, bu yerda tarbiyalangan bolalar tahsil olgan maktab direktorining ham e’tiborini tortgan.

Shavkat Jumaniyozov, Yangi hayot mahallasi raisi / Foto: Kun.uz

Urganch shahridagi Yangihayot mahallasi raisi Shavkat Jumaniyozov bu haqda shunday deydi:

— Toshkentdagi mehribonlik uyi rahbarining intervyusini ko‘rib qoldim, u juda to‘g‘ri gaplarni aytgan. Ya’ni oilaviy mehribonlik uylarini ochish uchun tayyorgarlik ko‘rish, rahbarlik qiladigan odamlarni o‘qitish, nomzodni har tomonlama o‘rganish kerak, dedi.

Xorazmdagi shov-shuvga sabab bo‘lgan voqeada o‘zining oilasi bo‘lmagan ayol bolalarga tutingan onalik qilgan. Yulduz bilan gaplashganimda, uning nima ish qilgani, tajribasini so‘radim. Oldin shu tizimda ishlaganman, deb aytdi u.

Menimcha, hujjat ishlarida tanish-bilishchilik bo‘lgan. Viloyat adliya boshqarmasi sobiq boshlig‘i yoki boshqa amaldorlar unga bu borada yordam bergan deb o‘ylayapman. Hujjatlardagi to‘g‘ri kelmaydigan joylarini to‘g‘rilagandir. Turmush o‘rtog‘i bo‘lmasa, oilasi bo‘lmasa, u qanday qilib bolalar uyi ochgan?

Oilaviy mehribonlik uyi ochmoqchi bo‘lganlarni har tomonlama o‘rganish kerak. Qo‘shnilaridan so‘rash kerak, axloqini o‘rganish kerak. O‘sha Yulduz boshqa joydan bo‘lib turib, bu yerda mehribonlik uyi ochmoqchi ekaniga hayron qolganman men ham. Qandaydir tanishlari orqali kelgan, menimcha. O‘zi hali yosh, tajribasiz odam qanday qilib bolalarga qarashi mumkin, bilmadim.

Farhod Rahmonov, Urganch shahridagi 16-maktab direktori / Foto: Kun.uz

Yulduz Xudoyberganova tomonidan ochilgan 1-sonli oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchilari tahsil olgan 16-maktab direktori Farhod Rahmonov biz bilan suhbatda shunday dedi:

— Kimlar oilaviy mehribonlik uyi ochishi mumkin, degan savol qiziqtirib, nizom bilan tanishib chiqdim. Yulduz onalik qilishi uchun turmush o‘rtog‘i bo‘lishi kerak ekan aslida, lekin uning eri yo‘q ekan. Qizlarni qanday yo‘llar bilan asrab olgani menga qorong‘i. Menimcha, qanaqadir o‘yinlar bo‘lgan bo‘lsa kerak. Men shunday fikrga keldim.

Mahalla raisi sodir bo‘lgan jirkanch voqealardan maktab direktori orqali xabar topgani, direktorga buni qizlar aytib berishganini ta’kidlaydi. Bu muassasa Najmiddin Kubro ko‘chasida joylashgan ikki qavatli uyda tashkil etilgan bo‘lib, Yulduz Xudoyberganova boshqa fuqaroga tegishli turar joyni ijaraga olib, bu yerda oilaviy bolalar uyi faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.

Voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan jinoyat sodir etilishi ortidan Urganch shahridagi 1-sonli bolalar uyi yopiladi. Bu yerda tarbiyalangan bolalar qarindoshlariga vasiylikka beriladi yoki boshqa oilalarga tarbiyalash uchun taqsimlanadi.

Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy bolalar uyi joylashgan, bugungi kunda hech kim yashamayotgan ikki qavatli imorat / Foto: Kun.uz

“Sukut saqlama” loyihasi voyaga yetmagan qizlar bilan muntazam ravishda ko‘ngilxushlik qilib kelgan davlat amaldorlari oilaviy bolalar uyiga homiylik qilib kelgani, qizlarga ust-bosh va boshqa narsalar olib bergani uchun Yulduz Xudoyberganova o‘z qaramog‘ida bo‘lgan 3 nafar qizni erkaklar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlab kelgani haqida yozgandi. Bundan oilaviy bolalar uyiga davlat tomonidan ajratilgan pul yetmaganmikin degan tasavvur hosil bo‘lishi mumkin. Aslida bunday emas.

Oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolarga har oyda budjetdan pul ajratilib kelgan. Bunda tarbiyalanuvchining yashash xarajatlari uchun 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari, 8 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan tarbiyalanuvchilarga esa bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravari miqdorida mablag‘ ajratiladi.

Bundan tashqari, oilaviy bolalar uyidagi har bir tarbiyalanuvchini parvarish qilish uchun mehnatga haq to‘lash eng kam miqdori 1 baravari miqdorida, nogironligi bo‘lgan bolalar uchun esa 1,5 baravarida pul beriladi.

Urganch shahridagi Yangihayot mahallasi raisi Shavkat Jumaniyozovning aytishicha, saxovatpesha odamlar yordamini 1-sonli oilaviy bolalar uyiga yo‘naltirib turgan.

Urganch shahridagi “Yangihayot” MFY idorasi / Foto: Kun.uz

“Boshida quvongandim shu yerda mehribonlik uyi bo‘layotganidan. Yordam berishimizni aytdim. Bolalar bilan tanishdim. Mahallamizdagi yordam beramiz degan odamlarni yo‘naltirib turdim. Odamlarimiz yordam berib turdi har tomonlama. Mahalladagi to‘y-tadbirlarda ham birinchi navbatda shu bolalarga osh yoki boshqa narsalar chiqarib yuborardik. Hech narsaga muhtoj bo‘lishmagan. Oziq-ovqatdan umuman kamchilik bo‘lmagan, ortig‘i bilan bo‘lgan. Yulduzning o‘zi ko‘payib ketdi deb aytgan. Kiyim-kechaklar ham, pul ham berib turardi odamlarimiz.

Bunday ishlar bo‘layotgani hech kimning xayoliga kelmagan. Bir narsaga hayron qolaman: shuncha sharoit yaratgan davlat, odamlar ham yordam bergan, lekin nima yetishmagan? Menimcha, uning niyati shunday buzuq bo‘lgan, nimadir yetishmasligidan, ehtiyojdan bo‘lmagan bu ishlar. Tadbirkor mahalladoshlarimiz nima kerak deb doim so‘rab turardi. Mahallaning obro‘yi deb quvonardim. Shu bolalarning ulg‘ayganini ko‘rsak, derdim, lekin teskarisi bo‘lib ketdi”, deydi Shavkat Jumaniyozov.

Milliy gvardiya Xorazm viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Xolmurod Qurbonov jinsiy tajovuz qurboni bo‘lgan qizlar himoyaga olinganini bildirib, ularning keyingi taqdiri haqidagi ma’lumotlarni ham ochiqladi.

“Har xil holat bo‘lishi mumkin, hech kim kafolat berolmaydi. Shuning uchun ham uch nafar qizimizning xavfsizligini ta’minlash uchun to‘liq himoyamizga olganmiz.

Qizlardan biri OTMga qo‘shimga kvota asosida qabul qilingan va o‘qishini davom ettiryapti. Qolgan ikki nafari yaqinlariga vasiylikka berilgan”, deydi Milliy gvardiya mulozimi.

Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy bolalar uyi joylashgan ikki qavatli imoratning hovliga qaragan ayvoni / Foto: Kun.uz

“Sukut saqlama” loyihasiga ko‘ra, Yulduz Xudoyberganova tomonidan ochilgan oilaviy bolalar uyidagi 15, 16 va 17 yashar qizlar 2021 yil may oyidan 2022 yil fevraligacha turli erkaklar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlab kelgan.

Bu voqealar sodir bo‘la boshlagan 2021 yilning may oyida Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy bolalar uyi Xalq ta’limi vazirligi qaramog‘ida bo‘lgan. Keyinchalik, 2021 yilning avgust oyidan prezidentning tegishli qarori bilan Milliy gvardiya qaramog‘iga o‘tkazilgan.

Shundan so‘ng Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchi va xodimlari ushbu muassasaga biriktirilgan, ular har oyda kamida bir marta bolalarning turmushi va tarbiyalanish sharoitlarini kuzatib borishi kerak bo‘lgan.

Biroq jinsiy jinoyatlar oilaviy bolalar Milliy gvardiya tasarrufiga o‘tganidan so‘ng ham davom etganiga qaraganda, ushbu muassasaga biriktirilgan xodimlar zimmalaridagi vazifani lozim darajada bajarmaganini tushunish qiyin emas.

Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy bolalar uyi joylashgan turar joyning asosiy kirish eshigi / Foto: Kun.uz

Ma’lum bo‘lishicha, Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy bolalar uyiga biriktirilgan, vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragani ortidan voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilayotgan jinoyat uzoq vaqt davom etishiga yo‘l qo‘yib bergan Milliy gvardiya xodimi tegishli tartibda intizomiy jazoga tortilgan. Biroq mas’ullar biz bilan suhbatda unga aynan qanday jazo berilganiga aniqlik kiritishmadi.

Jinoyat ishini tergov qilgan tergovchilarga, sudda davlat ayblovchisi sifatida qatnashgan prokurorga, voyaga yetmaganlar bilan muttasil jinsiy aloqa qilib kelgan davlat amaldorlariga nisbatan o‘ta yumshoq jazo tayinlagan sudyaga nisbatan qator savollarimiz bor edi. Biroq Xorazmga xizmat safarimiz davomida mas’ullardan savollarimizga javob ololmadik.

Mas’ullar bizga har qancha chap berishga, savollarimizdan qochishga urinmasin, qora hech qachon oq bo‘lib qolmaydi yoxud nafsiga qul bo‘lgan kimsalarning shahvoniy hirsi qurboni bo‘lgan voyaga yetmagan qizlar onadan qayta tug‘ilib qolishmaydi. Shunday ekan, bu vaziyatda tergov va sud jarayonida yo‘l qo‘yilgan xatolarni tan olish, aybdorlarni jazolash yoki faoliyatdan chetlashtirish, bu orqali kelgusida adolat qaror topishiga to‘siq bo‘ladigan muammolar yuzaga kelishining oldini olish zarur.

Jamshid Niyozov, jurnalist 

Mavzuga oid