Sport | 13:35 / 09.04.2023
51280
24 daqiqa o‘qiladi

Holandda - shedevr gol va yangi rekord, Messi Ronaldudan o‘zib ketdi, «Real»da mag‘lubiyat. Kun o‘yinlari

Yevropa futbolida shanba oqshomidagi asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvalidagi vaziyat.

Angliya: Reshfordning jarohati va Lempardning mag‘lubiyati

Manchester Yunayted – Everton 2:0
Gollar:
1:0 – 36 Maktomini, 2:0 – 71 Marsiyal.
Manchester Yunayted – De Xea, Uan-Bissaka, Maguayr, Martines, Malasia, Zabitser (Fred, 76), Brunu Fernandesh, Maktomini, Sancho (Eriksen, 77), Antoni (Marsiyal, 60), Reshford (Veghorst, 81).
Everton – Pikford, Koulmen, Tarkovski, Kin, Godfri (Mikolenko, 46), Guyye (Garner, 60), Onana (Devis, 60), Ivobi, Grey, Simms (Mope, 70), Maknil.

Shanba kungi o‘yinlarning birinchisi Pikfordning personal benefisiga aylanishi ham mumkin edi. U birinchi yarim soatda qator seyvlar ijro etdi, jumladan Reshford va Antoni bilan yakkama-yakka vaziyatlarda jamoani qutqardi. Van-Bissaka ustundan qaytgan to‘pni egallab olib, uni bo‘sh qolgan burchakka to‘g‘ri yo‘naltira olmaganida esa «Everton» darvozaboni o‘zining kuchli o‘yini bilan «MYu» futbolchilariga bosim tushirayotganini taxmin qilish mumkin edi.

Futbol qonunlariga ko‘ra mezbonlar bu ko‘kka sovurilgan imkoniyatlar uchun jazolanadigandek edi, ammo Simms juda qulay vaziyatdan gol ura olmadi, bo‘lim oxirlariga borib ayni vaqtda yuqori sport formasida bo‘lgan Maktominay baribir «irislar» darvozasini ishg‘ol eta oldi. Chempionatning bu mavsumida gol urmagan yarimhimoyachi terma jamoalar uchun tanaffus chog‘ida Shotlandiya Yevro-2024 saralashidagi ikki o‘yinida ham dubl qayd etgandi. Bu o‘yindagi yana bir ijobiy palla sifatida yanvar oyidan buyon o‘ynamagan Eriksenning safga qaytganini e’tirof etish mumkin, lekin Reshfordning jarohati jamoa muxlislari ko‘nglini xijil qildi.

Lekin Markus bundan oldinroq Marsiyalni va yosh muxlisni xursand qilishga ulgurdi — 71-daqiqada mehmonlar sardori Sheymus Koulmen o‘ta qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi va angliyalik hujumchi to‘pni egallab olib, jarima maydoni markazida ochilgan fransiyalik hujumchini to‘p bilan ta’minladi, keyin esa yosh muxlisga futbolkasini sovg‘a qildi.

Erik ten Xag esa final hushtagi chalinganidan keyin taqvimni tanqid qildi va olti kun ichida uch o‘yin o‘tkazmaslik va futbolchilarni ehtiyot qilish kerakligi haqida gapirdi. Aslida bu o‘yinlar bir hafta davomida o‘tkazildi, ammo murabbiyning hissiyotlarini to‘g‘ri tushunish mumkin, chunki muhimning mavsum qismida «MYu» o‘zining eng yorqin futbolchisidan foydalana olmasligi mumkin.

Brentford – Nyukasl 1:2
Gollar: 1:0 – 45, penalti Touni, 1:1 – 54, avtogol Rayya, 1:2 – 61 Isak.
Aniq ijro etilmagan penalti, Touni (29)
Brentford – Rayya, Xiki (Mbemo, 74), Mi (Vissa, 82), Yansson (Yorgensen, 16), Pinnok, Genri, Nergor (Yanelt, 81), Yyensen, Dasilva (Baptist, 74), Shade, Touni.
Nyukasl – Poup, Tripper, Sher, Botman, Bern, Bruno Gimaraes, Longstaff (Uilson, 46), Uillok (Anderson, 87), Merfi (Gordon, 46), Joelinton, Isak (Lassels, 87).

«MYu»ning kuchli to‘rtlik uchun raqiblarining sirtqi kurashi ikki dramatik g‘alaba bilan yakunlandi. «Nyukasl» bu mavsumda faqat «Arsenal» erishgan natijani takrorladi. Aniqrog‘i — «Brentford» maydonidan g‘alaba bilan qaytdi. O‘yindagi asosiy voqea Touni va Poup o‘rtasidagi duel bo‘ldi.

«Asalarilar»ning eng yaxshi to‘purari bu vaqtgacha o‘zi ijro etgan 22 penaltidan birortasida adashmagandi, bu o‘yinda esa ikki imkoniyatdan birinchisini yo‘qqa chiqardi. Bundan tashqari, o‘yin boshidagi yana bir epizodda Tounining goli VAR aralashuvidan keyin ofsayd qayd etilgan holda bekor qilingandi. U baribir birinchi bo‘lim oxirida ikkinchi bor 11 metrli jarima zarbasidan unumli foydalandi — ammo bu gol hatto durangni ham kafolatlamadi.

Ikkinchi bo‘limda hisob tenglashganida protokolga mezbonlar darvozaboni Rayyaning familiyasi qayd etildi, ammo bu gol — raqib himoyasini ajoyib harakatlari bilan dog‘da qoldirgan Joelintonning xizmati edi. Ko‘p o‘tmay Isak Uilsonning pasidan keyin mehmonlarni hisobda oldinga olib chiqdi, yana bir necha daqiqa o‘tib Uilsonning o‘zi ham darvozani ishg‘ol etdi, ammo bu safar videotakrordan keyin u bu epizodda to‘pni qo‘li bilan o‘ziga bo‘ysundirgani aniqlandi. Shu tufayli o‘yindagi keskinlik hakamning o‘yin yakunlangani to‘g‘risidagi hushtagi chalinguncha saqlanib qoldi, o‘yin oxirida esa Poup yana bir bor jamoasini qutqardi.

Tottenhem – Brayton 2:1
Gollar:
1:0 – 10 Son Hyon Min, 1:1 – 34 Dank, 2:1 – 79 Keyn.
Tottenhem – Loris, Porro, Dayyer, Langle, Romero, Perishich, Xeyberg, Kulusevski (Dandjuma, 78), Skipp (Sarr, 88), Son Hyon Min, Keyn.
Brayton – Stil, Veltman (Ensiso, 85), Dank, Koluill (Uebster, 69), Estupinyan, Gross, March, Mak Allister, Kaysedo, Mitoma, Uelbek (Fergyuson, 66).
Chetlatish: Stellini (59), de Dzerbi (59).

«Tottenhem» esa o‘zini ta’qib qilib kelayotgan «Brayton»ga qarshi o‘yinda Keynning goli evaziga g‘alabani ilib ketdi. Londondagi o‘yin juda keskin kechdi, birinchi bo‘limda Mitomaning goli VAR hujumchi to‘pni qo‘li bilan o‘ynagan deb topgach, bekor qilindi. Buning ortidan Son Hyong Ming jarima maydoni tashqarisidan darvozaning uzoq «to‘qqizligi»ga yo‘llangan ajoyib zarbasi bilan hisobni ochdi. Bu nafaqat chiroyli gol bo‘ldi, balki koreyalik futbolchini Osiyoning APLda birinchi bo‘lib 100 gol urgan vakiliga aylantirdi.

Bo‘limning ikkinchi yarmida mehmonlarning baland bo‘yli himoyachisi Dank burchakdan uzatilgan to‘pni boshi bilan darvozaga yo‘llab, muvozanatni tikladi. Ikkinchi bo‘limda mehmonlarning yana bir goli videotakrordan keyin bekor qilindi — Uelbekning zarbasi yo‘l-yo‘lakay jamoaning boshqa futbolchisining qo‘liga tekkan holda darvoza to‘riga borib tushgani qayd etildi. Natijada maydon tashqarisida tortishuv yuzaga kelib chiqdi va ikki jamoa boshqaruvidagi italiyalik murabbiylar — Kristian Stellini va Roberto De Dzerbi — qizil kartochka olishdi.

Vulverhempton – Chelsi 1:0 
Gol:
1:0 – 31 Mateush Nunesh.
Vulverhempton – Joze Sa, Semedu, Douson, Kilmen, Gomesh, Mateush Nunesh, Podense (Moutinyu, 64), Lemina (Traore, 74), Gomes, Diyego Kosta (Hvang Hi Chhang, 63), Mateus Kunya (Sarabiya, 75).
Chelsi – Arrisabalaga, Jyeyms, Kulibali, Fofana (Chaloba, 80), Kukurelya (Chiluell, 68), Kovachich, Gallaher, Fernandes, Haverts (Pulishich, 61), Sterling (Mudrik, 68), Joau Feliks (Obameyang, 67).

«Chelsi» «Vulverhempton» maydonida so‘nggi bor 2019 yilda g‘alaba qozongandi — o‘shanda jamoa boshqaruvida Frenk Lempard edi. Ammo uning qaytishi jamoa o‘yiniga tezda o‘zgarish kirita olmadi. Birinchidan, londonliklar tanaffusgacha gol o‘tkazib yuborilgan qatorasiga yettinchi o‘yinda ham hech narsani o‘zgartira olishmadi. Ikkinchidan, ko‘klarda vaziyatlardan foydalanish hamon juda yomon holatda. Mehmonlarda yuzaga kelgan qator epizodlarda gol urish mezbonlarning to‘pni uzoq burchakka aniq yo‘naltirgan vakili Mateus Nunesdagi vaziyatdan ko‘ra osonroq edi. Yakunda — «Chelsi» kuchli to‘rtlikdan ko‘ra xavfli hududga yaqin qolmoqda, jamoa yevrokuboklardan umid uzsa ham bo‘ladi.

Sauthempton – Manchester Siti 1:4 
Gollar: 0:1 – 45 Holand, 0:2 – 58 Grilish, 0:3 – 68 Holand, 1:3 – 72 Mara, 1:4 – 75, penalti Alvares.
Sauthempton – Bazunu, Bednarek, Bella-Kochap, Uoker-Piters, Elyunussi (Armstrong, 61), Uord-Prouz, Lavia (Diallo, 80), Meytlend-Naylz, Alkaras (Djyenepo, 69), Sulemana (Mara, 69), Uolkott (Perro, 80).
Manchester Siti – Ederson, Ake (Serxio Gomes, 81), Ruben Diash, Akandji, Stounz (Uoker, 56), Kundo‘g‘an, de Bryuyne, Grilish, Rodri (Fillips, 81), Mahrez (Bernardu Silva, 56), Holand (Alvares, 69).

Angliyada o‘yin kunini yakunlab bergan «Manchester Siti» turnir jadvalining so‘nggi pog‘onasida borayotgan jamoani yirik hisobda mag‘lub etdi. «Sauthempton» qariyb tanaffusga qadar turib berdi, ammo «o‘yinlar sonidan ko‘proq gol» grafigi bo‘yicha ketayotgan Holanddan gol o‘tkazib yubordi. Norvegiyalik hujumchi 27 o‘yinda 30 gol urgan, turnir tarixida hech bir futbolchi APLdagi ilk mavsumida bunday tezkorlik namoyish etmagan. Endilikda liga rekordiga 4 ta gol qoldi — Shirer va Koul (34tadan). 

Holand yanada ko‘proq gol urishi mumkin edi, ammo uning qaychi uslubidagi shedevr zarbasidan keyin Xosep Gvardiola o‘z to‘purarini Chempionlar ligasi uchun asrashga qaror qildi. Erling yevrokubokdagi ishtiroki orqali yana bir rekordni yangilashi mumkin — APL futbolchilarining barcha turnirlarda urgan gollari soni bo‘yicha. Shanba kuni Holand mavsumdagi jami gollarini 44 taga yetkazib, van Nistelroy va Salohga tegishli bo‘lgan natijani takrorladi.

Kechaning yana bir qahramoni — Angliya chempionatidagi 100-golli uzatmasini bergan De Bryuyne bo‘ldi — u bu natijaga eng tez, 237 o‘yinda erishdi.

Endi yakshanba kuni «shaharliklar» «Liverpul»ga muxlislik qilishadi, bu jamoa turning markaziy o‘yinida «Arsenal»ni qabul qiladi. Hozirda chempionlik uchun asosiy ikki da’vogarni besh ochkolik farq ajratib turibdi.

Ispaniya: Setiyenning qasosi

Real — Vilyarreal 2:3
Gollar:
Torres (16, avtogol), Vinisius (48) — Chukvueze (39, 80), Morales (70).
Real – Kurtua, Alaba (Militao, 46), Ryudiger, Nacho, Sebalos (Kamavinga, 75), Tchuameni (Modrich, 72), Vaskes, Asensio, Vinisius, Rodrigo, Benzema (Valverde, 59).
Vilyarreal – Reyna, Foyt, Mandi, Pau Torres, Pedrasa, Parexo, Aleks Baena (Moxika, 90), Terrats (Trigeros, 33), Lo Chelso (Morales, 67), Pino (Alberto Moreno, 67), Chukvueze (Femeniya, 90).
Ogohlantirishlar: Pino (25), Pedrasa (35), Foyt (69).

Kubok doirasidagi klasikoni ajoyib o‘tkazgan «Real» endi asosiy e’tiborini Chempionlar ligasiga qaratishi taxmin qilingandi. Milliy chempionatda barchasi amalda hal bo‘lgan, ammo Karlo Anchelotti o‘ziga xos rotatsiya deyish mumkin bo‘lgan ayrim kosmetik o‘zgarishlar qilish bilan cheklandi. Va, o‘yin starti shuni ko‘rsatdiki, bu o‘zgarishlar madridliklarning g‘alabaga bo‘lgan xohishiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmagan. Bu versiyani birinchi gol ham ko‘rsatdi — Asensioning faolligidan keyin to‘p Pau Torresga kirib, darvoza to‘riga tushdi.

E’tiborli tomoni, «Real»ning raqibi bunga qadar 89 o‘yin davomida avtogol urmagandi, qaymoqranglilar esa so‘nggi uch turda ikkita sovg‘a oldi (oldingi safar 20 mart kuni tur o‘yinida «Barselona» himoyachisi Arauxo o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘ygandi). Ammo, bu raqiblar o‘zi yo‘q joydan xato qilgan deyish emas — «Real» bu futbolchilarni xato qilishga majbur qildi deyish to‘g‘riroq bo‘ladi. Va amaldagi chempionlar shanba kuni Chukvueze qilganidek ularning jahlini chiqarsa, tezda vaziyatni o‘nglay oladi.

Vinisius Junior tanaffusdan keyin Madridni yana hisobda oldinga olib chiqqanida, bu o‘yin odatiy ssenariyda kechadigandek ko‘ringandi. Ammo bir necha daqiqa o‘tib braziliyalik futbolchi juda qulay imkoniyatni yo‘qqa chiqardi va «sariq submarinalar»ga o‘yinga qaytish imkonini qoldirdi. Mehmonlar avvaliga VAR yordami bilan ikkinchi golni tasdiqlatishdi, keyin esa Chukveezening olisdan yo‘llagan zarbasi Kurtuani ojiz qoldirdi. O‘yin oxirida videotakror yana mehmonlarga yordamga keldi va hakam belgilangan penaltini bekor qildi.

Kuchli to‘rtlikka qaytishga harakat qilayotgan «Vilyarreal» uchun bu g‘alaba o‘ta zarur edi. Jamoa Ispaniya kubogida ikki gol ustunligini boy berib, madridliklarga yutqazgandi, ammo chempionatdagi ikki o‘yinda ham g‘alabaga erishdi. «Barselona»dagilar esa sobiq bosh murabbiyi Kike Setiyendan minnatdor bo‘lsa arziydi.

Italiya: Sarri «Yuventus»ning yevrokubok bo‘yicha rejalarini qiyinlashtirdi

Latsio — Yuventus 2:1
Gollar:
Milinkovich-Savich (38), Dzakkani (53) — Rabio (42).
Latsio – Provedel, Marushich, Romanoli, Kazale, Hyusay, Luis Alberto, Kataldi (Vesino, 70), Milinkovich-Savich, Felipe Anderson, Dzakkani (Bashich, 84), Immobile (Pedro, 65).
Yuventus – Shchensni, Sandro, Bremer, Gatti, Kuadrado (Danilo, 70), Kostich (Keza, 63), Di Mariya, Rabio, Lokatelli (Paredes, 63), Fajoli (Miretti, 86), Vlahovich (Milik, 63).
Ogohlantirishlar: Bonuchchi (41), Sandro (45), Lokatelli (45), Kuadrado (51), Provedel (78), Milinkovich-Savich (86), Miretti (90+6).

«Atalanta» o‘z uyida «Bolonya»ga yutqazishi (0:2) tufayli nafaqat «Inter» va «Milan»ning juma kungi yo‘qotishlaridan foydalanish imkonidan foydalana olmadi, balki «Roma»ni o‘ziga yaqinlashtirib yubordi. Bergamoliklar bunday beqarorlik tufayli Chempionlar ligasini orzu qila olmaydi, balki ortdan kelayotgan «Yuventus»ni o‘ziga yaqinlashtirmaslikni o‘ylashi kerak. Turinliklar to‘xtovsiz mojarolar va ayblovlarga qaramay (jamoa sanksiyalar tufayli 15 ochkodan mahrum qilingan), Jan Pero Gasperini jamoasini yevrokuboklarsiz qoldirishi mumkin.

Faqat bunday maqsadni ko‘zlagan «Keksa sinora» Aleks Sandro yo‘l qo‘ygani kabi xatolarga yo‘l qo‘yishga haqqi yo‘q. Pozitsiyasini Milinkovich-Savichga boy bergan braziliyalik himoyachisi raqibning yengil turtishidan gazonga quladi, lekin arbitr unga ishonmadi va monitorga yo‘l olmadi. Shu bilan birga, bu epizod «byankoneri»ni uyg‘otdi va ular tezda burchak zarbasi ijro etilganidan keyin muvozanatni tikladi. Ammo «Yuve»ning eng yaxshi to‘purari bo‘lib olgan Rabioning (8) goli yetarli bo‘lmadi, himoyada yana xatoga yo‘l qo‘yildi va qulay pozitsiyada bo‘sh qoldirilgan Dzakkani jamoasiga g‘alaba keltirdi.

Biroq, barchasini Massimiliano Allegri jamoasining zaifligiga bog‘lash to‘g‘ri emas. Amalda turinliklarning sobiq bosh murabbiyi Mauritsio Sarri mehmonlarning zaif nuqtalarini aniq payqadi va «Latsio» futbolchilari murabbiyning ko‘rsatmalarini bajarishdi, ikkinchi gol urilgach, natijani saqlab qolishni uddalashdi. Rimlik «burgutlar» haqli ravishda ikkinchi o‘rinni mustahkamladi va endi mavsum oxiriga qadar bu o‘rinni boshqaga berib qo‘ymasligi aniq. «Yuve» esa hamon oltinchi o‘rindan to‘rt ochkoga ortda bormoqda.

Germaniya: Kimmih raqib va fanatlarning jahlini qo‘zitdi

Frayburg – Bavariya 0:1
Gol:
0:1 – 51 de Ligt.
Bavariya – Zommer, Joau Kanselu, Pavar, de Ligt, Stanishich, Kimmih, Devis, Sane, Myuller (Gravenberx, 77), Mane, Musiala (Goretska, 68), Gnabri.

Bu jamoalar bir necha kun muqaddam Germaniya Kubogi chorakfinalida uchrashgan va o‘sha uchrashuv Tomas Tuxelning vatanga qaytgandan keyingi ilk mag‘lubiyati bilan yakunlangandi. Shanba kuni «Frayburg» yana bir bor «Bavariya»ga muammolar tug‘dirishga urindi va birinchi bo‘limda mehmonlarni darvoza ustuni qutqarib qoldi. Keyin esa mezbonlar de Ligtni tavakkalchilik qilishga undadi. Ushbu markaziy himoyachi ikkinchi bo‘limda uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi bilan hisobni ochdi. Ammo intriga o‘yin oxiriga qadar saqlanib qoldi,  Sane ikkita qulay imkoniyatdan foydalana olmadi, bu vaziyatlar oralig‘ida Zommer kichik mo‘jiza ko‘rsatishi talab etildi.

O‘yindagi keskinlik final hushtagi chalinganidan keyin ham davom etdi. Barchasi Kimmih revanshni «Frayburg» fanatlari joylashgan sektor qarshisiga borib nishonlashi tufayli ro‘y berdi. Unga raqib futbolchilari tashlanishdi va «Bavariya» sardori o‘yindan keyin o‘zining bu harakati uchun uzr so‘rashiga to‘g‘ri keldi.

Borussiya D – Union 2:1
Gollar:
1:0 – 28 Malen, 1:1 – 61 Berens, 2:1 – 79 Mukoko.
Borussiya D – Kobel, Ryuerson, Xummels, Zyule, Gerreyru, Djan, Brandt (Ozdjan, 84), Bellingem, Aller (Mukoko, 74), Malen (Roys, 74), Adeyyemi (Bayno-Gittens, 69).

«Borussiya» esa klasikodagi mag‘lubiyat va kubokni tark etganidan keyin uchinchi o‘rinda kelayotgan «Union»ga qarshi o‘yinga o‘ta hujumkor tarkib tushirdi. Agar Adeyyemining debyutdagi faolligi unga simulyatsiya uchun sariq kartochka keltirgan bo‘lsa, qatorasiga uch turda gol urgan Malen Rafael Gerreyruning qanotdan yo‘llagan uzatmasiga oyog‘ini qo‘yishga ulgurib, hisobni ochdi. Portugaliyalik himoyachi yil boshidan buyon «top-5» chempionatlarda golli uzatmalar soni bo‘yicha (9 o‘yinda 9 pas) yaqqol yetakchi.

Mezbonlarning osonlik bilan qo‘lga kiritgan ustunligi aldamchi tasavvur bo‘lib chiqdi. «Union» o‘yinini kuchaytirdi va ikkinchi bo‘limda javob goli urishga erishdi, o‘yin taqdirini esa dortmundliklar zaxira o‘rindig‘i kengligi va Edin Terzich tomonidan to‘g‘ri amalga oshirilgan almashtirishlar hal qildi. Noyabr oyidan buyon gol urmagan Mukoko o‘z imkoniyatidan foydalandi. «Borussiya» bilan shartnomasini yangilagan vunderkind ikki oy davomida maydonga tushirilmagandi, o‘z goli bilan esa o‘zining jamoadagi o‘rnini ko‘rsatib qo‘ydi.

Herta — Leypsig 0:1
Gol:
Aydara (40).
Leypsig – Blasvix, Henriks, Orban, Gvardiol, Simakan, Raum (Halstenberg, 84), Kampl, Aydara (Klostermann, 78), Forsberg (Olmo, 63), Soboslai, Verner (Andre Silva, 63).
Ogohlantirishlar: Soboslai (20), Lukebakio (32), Uremovich (45), Aydara (45), Boateng (45), Kanga (70), Simakan (90).

«Frayburg»ning mag‘lubiyati «Leypsig»ga imkon berdi va jamoa haftani ajoyib yakunladi. Avvaliga ular mamlakatning kubok o‘yinlaridagi eng yaxshi jamoasi ekanini yana bir bor ko‘rsatib, so‘nggi besh yilda to‘rtinchi bor yarimfinalga chiqdi, endi esa Chempionlar ligasiga yo‘llanma beruvchi o‘ringa qaytdi. O‘yindagi yagona gol muallifi bo‘lgan Aydara «Herta»ni 16-o‘rinda qoldirdi (bu o‘rinni egallagan jamoa ligada qolish uchun o‘tish o‘yinlarida qatnashishi shart), ammo yakshanba kuni «Shtutgart» va «Shalke» Sandro Shvars jamoasini xavfli hududga tushirib yuborishi ham mumkin.

Fransiya: Markinosning yubileyi

«PSJ»ni kichik inqirozdan Messi olib chiqmasa, yana kim bu ishni qilishi mumkin? Aftidan, argentinalik futbolchi o‘zining kelajagi borasidagi son-sanoqsiz mish-mishlarga e’tibor qaratmayapti. Yoki, aksincha, «Barselona»ga qaytishi to‘g‘risidagi rejalar uni ilhomlantirgan. Bu borada murakkabliklar ko‘p, ammo ikki tomon ham shuni xohlayotgani haqida xabarlar bor. Ko‘k-anorranglilar hisoblashicha, argentinalik afsonaning qaytishi jamoaning moliyaviy muammolariga uzil-kesil barham berishi ham mumkin.

Nima bo‘lganda ham, Leo — «Barsa»ning haqiqiy afsonasi. «PSJ»da esa bunday xarakteristika Markinosga mos tushadi, u parijliklar safida 400 o‘yin o‘tkazishga ulgurdi. Bu klub tarixidagi uchinchi natija va braziliyalik futbolchi shartnomasini yangilashi haqidagi xabarlardan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, u o‘tgan asrning 70-80-yillarida o‘ynagan Jan-Mark Pilorjning natijasini (435) yaxshilashi mumkin. Ikkinchi o‘rinda esa Verratti (409) joylashgan.

Italiyalik yarimhimoyachi Parijda yana bir necha mavsum o‘ynashi mumkin, Messi esa qisqa vaqt ichida «PSJ» tarixida bir necha yangi sahifa yozdi. Leo aynan shu yerda Krishtianu Ronalduning rekordini yangilab, «kuchli beshlik» chempionatlaridagi 702-golini urdi. Argentinalik futbolchi bu natijani qayd etish uchun portugaliyalikdan 105 ta kam o‘yin o‘tkazgan. Ronaldu ayni vaqtda Saudiya Arabistonida to‘p surayotgan bo‘lsa, Messi u yerga bormoqchi emas va 2024 yilgi Amerika Kubogigacha Yevropada qolmoqchi, shunday ekan, oradagi farq yanada ortishi mumkin.

Bu mavsumda Leo barcha turnirlar qo‘shib hisoblanganda o‘ynalgan o‘yinlar sonidan ko‘proq samarali harakatni amalga oshirdi (34 o‘yinda 37 ochko). Nitssada o‘zi gol urishdan tashqari, Serxio Ramosga assistentlik qildi va bu bilan ham tarixiy natijaga erishdi. Endi parijliklarning 30-raqamli futbolchisi Yevropa chempionatlarida gol va pas bo‘yicha 1000 ochko jamg‘argan. O‘yinning so‘nggi daqiqalarida esa darvoza qarshisida bir necha metr masofadan turib to‘pni to‘g‘ri tepa olmagan Mbappe argentinalik futbolchini bir golli pasdan mahrum etdi.

Liga 1 turnir jadvalida «PSJ» ikkinchi o‘rindagi «Lans» bilan oradagi olti ochkolik farqni saqlab qolmoqda.

Kun statistikasi

  • Bu mavsumda «Monsa» safida 5 nafar italiyalik yarimhimoyachi gol urdi. Bu A Seriyada o‘ziga xos rekord ko‘rsatkich.
  • «Real Sosedad» yarimhimoyachisi Kubo 6 gol urdi — bu yaponiyalik futbolchilar uchun la liganing bir mavsumida urilgan gollar soni bo‘yicha rekord hisoblanadi.
  • «Manchester Siti» qatorasiga 8-o‘yinda g‘alaba qozondi. Keyingi raqib — «Bavariya». 
  • Angliya chempionatining joriy mavsumida «MYu» 17 g‘alabaga erishdi, jamoa o‘tgan mavsum oxirigacha jamoa 16 o‘yinda g‘alaba qilgandi.
  • «Siti» so‘nggi to‘rt o‘yinda 21 gol urdi, shundan 11 tasiga Holand mualliflik qilgan.
  • «Seltik» derbida «Reyndjers»ni mag‘lub etdi (3:2) va Shotlandiya chempionatidagi o‘yinlarning 93,5 foizida g‘alaba qozonib turibdi. «Keltlar» 29 g‘alabaga erishib, bittadan o‘yinda durang va mag‘lubiyat qayd etgan.

Mavzuga oid