Jamiyat | 17:24 / 09.04.2023
51047
9 daqiqa o‘qiladi

“O‘qimayman deb janjal qilib turmushga chiqqanman” - beboshligi boshiga balo bo‘lgan ayol hikoyasi

“Bolani bermaymiz, u bizniki, sen ketaver, deyishdi. Bolamni tashlab ketolarmidim? Taqdirimga ko‘nib yashay boshladim. Aytgani bo‘lmasa kaltaklar, tishlarimni sindirardi. Ko‘zlarim ko‘karib, sog‘ joyim qolmasa ham bolam uchun yashayverdim”.

Birgina qarorimiz butun hayotimizni o‘zgartirib yuborishi mumkin. Gohida ko‘nglimizga quloq solib, aqlimizni eshitmay qo‘yamiz. Ko‘ngil esa doim ham haq bo‘lib chiqavermaydi.

O‘qituvchilar oilasida dunyoga kelgan Rahima (suhbatdosh xohishiga ko‘ra ismi o‘zgartirildi) 11 farzandning kenjasi edi. U aka-opalari singari o‘qishni emas, balki turmush qurishni tanlagan.

“4 yoshimda dadamning qon bosimi ko‘tarilib, yurolmay, gapirolmay qoldi. Ko‘p o‘tmasdan vafot etdi. Oilaning butun og‘irligi onamning zimmasiga tushdi. Buvim bilan birgalikda o‘n bir farzandni katta qilishdi.

Akam va opalarimni o‘qitishdi. Men eng kichigi bo‘lganim uchun doim ko‘nglimga qarashardi. Biroz erkatoy edim. Maktabni bitirgan yilim o‘qishga yuborishmadi. Hozir o‘ylab qarasam, ularga oson bo‘lmagan ekan.

Bir akam va uch opam Toshkentda o‘qishardi. Sen kelasi yil o‘qishga ketasan, ikkitasi o‘qishni bitiradi, deyishdi.

Yoshlikmi, qaysarlikmi, xullas, men turmushga chiqaman, dedim. Sinfdoshimni sevardim. Onam, akalarim, opalarim hammasi qarshi chiqishdi. O‘qitamiz, hali yoshsan, deyishdi. Quloq solmadim.

1993 yilda maktabni bitirgan bo‘lsam, 1994 yilda turmushga chiqdim. Uyimdagilar majburan rozi bo‘lishdi. Avvaliga hayotimiz yaxshi edi. Lekin turmush o‘rtog‘im haqida ko‘p narsalarni bilmas ekanman.

Biz oilasi bilan birga yashardik. Turmush o‘rtog‘im ishlamasdi. Qishloq bo‘lgani bois sholi, paxta ekilardi. Kelin bo‘lib tushgan uyimda qaynonam, uning ovsini va bolalari, qaynotamning onasi yashashardi. Keyinroq eri vafot etgan ammamiz ham bir qizi bilan qaytib keldi.

Biz ham qo‘shaloq kelin bo‘lib tushgan edik. Bu oilaning kattasi momo qaynonam edi. Mening qaynonamning hech qanday o‘rni yo‘q edi. Biz kelinlarni aytmay qo‘yaveray. Onam hammasini bilar ekan. Shu sabab ham bu oilaga berishni istamagan ekan.

Eng yomoni bu oilada ichkilikni sevishardi. Bu katta, bu kichik degan gap yo‘q, hamma ichaverardi. Shunday qilib kunlar o‘tdi. Homilador bo‘ldim. Birinchi farzandim to‘rt oylik bo‘lganida tushib qoldi. Ikkinchisi uch oylikda tushdi. Uchinchisi – qizimni bag‘rimga bosdim.

Bu vaqt orasida urushlar, ne-ne kaltaklar bor. Ularni batafsil eslashni istamayman. Erim ishlamagani uchun ichishiga puli yo‘q edi. Uydan pul ololmasdi. Lekin guruch yetishtirganimiz uchun hamma vaqt omborimizda tonnalab guruch turardi. Shundan olib haftalab yo‘q bo‘lib ketardi.

Men orzu qilgan baxt shu edimi, deya ich-etimni yerdim. Erimga ichkilik bo‘lsa bo‘ldi, boshqa narsa qiziqtirmasdi. Qizim yarim yoshga to‘lganida ajrashmoqchi bo‘ldim. Onamnikiga ketdim. O‘n kundan keyin erim akasi bilan kelib, olti oylik qizimni olib chiqib ketdi. Kun kech bo‘ldi hamki, boladan darak yo‘q, noilojlikdan qaytib bordim. Bolani bermaymiz, u bizniki, sen ketaver, deyishdi.

Bolani tashlab ketolarmidim? Taqdirimga ko‘nib yashay boshladim. Aytgani bo‘lmasa kaltaklar, tishlarimni sindirardi. Ko‘zlarim ko‘karib, sog‘ joyim qolmasa ham bolam uchun yashayverdim.

Bolalar kattargani sari uy torligi, odam ko‘pligi bilina boshladi. Qizim uch yoshdaligida o‘g‘lim tug‘ildi. Keyin asta-sekin uylarimizni boshqa-boshqa qila boshlashdi. Qaynotam katta ovsinimga uy-joy qildi.

Men sholi, paxta ekardim va undan kelgan daromadga erimni boqardim. Shu orada opam eski uyini sotayotgandi. Qaynotamga shu uyni menga olib bering, dedim. Olib berishdi, alohida uyga chiqdik. Men erimning mas’uliyatni his qilib o‘zgarishidan umid qilardim.

Ammo umidlarim chippakka chiqdi. Avval bir hafta ichib yurgan bo‘lsa, endi ikki haftalab ichadigan odat chiqardi. Kunlar o‘taverdi. Men har kun dalada, bolalar esa maktabga chiqishgandi. Erim o‘zgarmadi.

Aksincha, o‘ziga o‘xshaganlarni to‘plab, kun bo‘yi uyda ichib yotadigan odat chiqardi. Bir kuni Rossiyaga ishlagani ketmoqchiligini aytdi. Biletga pul topib jo‘natdim. Oyiga 100 yoki 200 dollar yuborardi. Menga pulining keragi yo‘q, shu o‘zini amallab yursa bo‘ldi, derdim.

Bir yarim yilda qaytib keldi. O‘zgarish yo‘q. O‘sha-o‘sha. Biznes qilaman deb uydagi hamma guruchni bozorga chiqarib sotdi. Ishlashni boshlaganiga xursand bo‘ldim. Erta quvonibman. Bir kunda bir yarim tonna guruch pulini qimorga berib keldi.

Kamiga, pul topib ber, men takror pulni o‘ynab yutib qaytaman, deb janjal qildi. Pul topib berdim. U ham ko‘kka sovurilib ketdi. Kimdandir qarz olib bersam, oilamdan olib to‘lardim.

Pul topmasam uyda katta janjal, sinmagan narsa qolmasdi. Shkaflar to‘ntarilardi. Stollar ag‘darilardi. Xullas, bolalar qo‘rqqanidan dir-dir titrab, dadasiga yolvorardi. Ichgisi kelsa shu ahvol, hech bir do‘kon unga ichkilik sotmasdi. Yana men borardim.

Bir oy kuniga ikki shishadan ichib yotdi. O‘lsam-u, qutulsam degan kunlarim bo‘ldi. Janjal boshlasa qochardik, uxlaguncha ko‘chada o‘tirardik. Yana bolalarim ko‘z o‘ngimga kelib, ularga kim qaraydi, mendan keyin ular kimga kerak, degan o‘y yashashga majbur qilardi. Hech narsamiz qolmadi, qarzga botib ketdik.

Uyimizda yegani non yo‘q vaqtda yengiltak ayollarni taksiga o‘tirg‘izib, qo‘shnilar orqali mendan pul oldirib ketgan paytlari bo‘ldi. Sabr kosam to‘ldi. Ajrashmoqchi bo‘lib uyga ketdim. Erimning oilasi davolatamiz deb dispanserga yotqizdi. O‘zi ham qarshilik qilmadi. Tuzalishiga umid qilib yana keldim.

Bir yil yaxshi yurdi, ammo so‘ng yana o‘sha ahvol. Bu vaqtgacha bolalarim katta bo‘lib qoldi, o‘g‘lim 5-sinfni bitirib, Olimpiya zaxiralari kolleji sinovlaridan o‘tib, Urganchga o‘qishga ketdi. Qizim o‘rta maktabni bitirib, boshlang‘ich ta’lim kollejida o‘qishini davom ettirdi.

19 yil bolalarim uchun sabr qildim. Erimning tuzalishidan umidvor edim. Oxiri hech narsa ko‘zimga ko‘rinmadi. Uydan chiqib ketdim. Bolalar o‘qishda. Opamning uyiga keldim. Hamma narsadan charchagandim. Hech narsa yemabman ham. Uch kun uxlabman.

Keyin advokat yollab, ariza yozdim. Sud bo‘ldi. Uch oy muhlat berdi. Avval ham sudga ariza bergandim. Ikki marta yarashtirishgandi. Kelib oilaviy ahvolimizni ko‘rishdi. Ajrashdik. Men bolalarim bilan eng kichik akamning uyida yashay boshladim. Ular oilasi bilan Rossiyada edi. Erim tinch qo‘ymadi. Kelib deraza oynalarini, eshikni sindirdi. Militsiya chaqirdik.

Bu yerda meni tinch qo‘ymasligiga amin bo‘ldim. Bolalarimni o‘qishga tashlab, o‘zim Moskvaga, akamning yoniga ketdim.

Bir yil ishlab, erim uchun olgan qarzlarimni to‘ladim. Ikki yil Rossiyada ishladim. Kelayotganimda deport qilishdi. Fevralda qaytgan bo‘lsam, martda Turkiyaga keldim. Qarindoshlar bor edi. Juda katta yordam qilishdi. Ishga joylashtirishdi.

Olti yil bola boqdim. Ikki yildirki kasal qarayapman. Ikki yil ishlab qizimning to‘yini qildim. Baxtli yashashyapti, ko‘z tegmasin. Ikki nafar farzandi bor. Xudoga shukur, o‘g‘lim institutga kirdi. To‘rt yil kontrakt to‘lab o‘qitdim. Hozir armiyada.

Shu yil eski uyimni sotib, yarmiga o‘zim to‘plagan pullarni qo‘shib uy oldim. Xudoga shukur, hayotimdan nolimayman, lekin o‘shanda onamning gaplariga kirib o‘qiganimda bu qadar xor-zorliklar ko‘rmagan, xo‘rlanmagan bo‘lardim, deb yo‘qotgan umrimga ko‘p achinaman”.

Charos Mannonova suhbatlashdi.

Mavzuga oid