O‘zbekiston | 17:48 / 10.04.2023
13103
7 daqiqa o‘qiladi

Mingta yangi avtobus bilan kuniga milliontagacha yo‘lovchi tashiy olamiz - Anvar Jo‘rayev

Toshkentga katta sig‘imli mingta yangi avtobus yaqin haftalarda to‘liq olib kelingach, har kuni yo‘nalishga chiqadigan avtobuslar soni 1800 taga yetadi va ularda 1 milliongacha yo‘lovchi tashish imkoniyati bo‘ladi. Yangi avtobuslar taqdimotida so‘zga chiqqan shahar transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayev shu va boshqa yangiliklarni ma’lum qildi.

— Bu avtobuslarning texnik shartlariga yo‘lovchilarning oqimini sanash moslamasini qo‘shganmiz. Ularda xavfsizlik nuqtayi nazaridan 9 tadan videokamera o‘rnatilgan. Saloni ekranlar bilan ham ta’minlangan. Mazkur ekranlar orqali oraliq bekatlarni avtomat ravishda e’lon qilib borish imkoniyati ham bor.

Toshkent shahri transport modeli, unda 167 ta yo‘nalishdan iborat yangi yo‘nalishlar tarmog‘i ishlab chiqilgan. Aprel oyidan boshlab mana shu tarmoqlarni bosqichma-bosqich joriy etib boramiz. Avtobuslar kelishi bilan barchasi yangi yo‘nalishga joylashtiriladi. Hozirgi kunda mingta avtobusdan 233 tasi Toshkent shahriga yetkazib berildi. Bularning 30 tasi 18 metrli “garmoshka”, 103 tasi tabiiy gazda yuradigan 12 metrli hamda 100 tasi elektrda harakatlanadigan avtobuslar hisoblanadi.

Prezidentning qaroriga asosan, apreldan boshlab yilning so‘ngigacha brutto-shartnoma, ya’ni yangicha moliyalashtirish tizimiga o‘tishimiz kerak. Bugungi kunda 34 ta yo‘nalishning qiymati hisoblab chiqilib, elektron tenderlarga savdolarga chiqarildi. May oyidan bu tender savdolari o‘ynalib, yo‘nalishlarga tatbiq etib boriladi.

Keyingi haftadan bu yangi harakat tarkiblarini bosqichma-bosqich yo‘nalishlarga chiqaramiz. Hozirda bojxona rasmiylashtirish ishlari olib borilmoqda. Ayni vaqt 30 ta avtobus rasmiylashtirilib, ularga davlat raqamlari olingan. U avtobuslarni keyingi haftadan yo‘nalishlarga chiqaramiz, dedi Anvar Jo‘rayev 8 aprel kuni Yangi O‘zbekiston bog‘ida o‘tgan yangi avtobular taqdimotida.

— Qancha odam foydalana oladi bu avtobuslardan? Bu ham hisob-kitob qilinadimi?

— Bugungi kunda 1 100 nafar haydovchi bilan kuniga 670 ming nafar odamni tashimoqdamiz. Bu kelayotgan mingta avtobus bilan kuniga 1 800 ta avtobusni chiqarish rejalashtirilgan. Hisob-kitoblarga asosan, bu bilan kunlik yo‘lovchilar oqimi kamida 1 mln nafarni tashkil qiladi.

— Bitta avtobus qancha odamni tashiy oladi?

— O‘rtacha 2 ming nafar tashiladi. Yangi tarmog‘imiz 4 ta koridordan iborat. Magistralimizning o‘zida 13 ta yo‘nalish bo‘lyapti, bu yo‘lovchi oqimi eng ko‘p bo‘lgan yo‘nalishlardan hisoblanadi. Bu yo‘nalishlardagi avtobuslarning intervali 4-5 daqiqani tashkil etadi. Qolgan halqa, yetkazib beruvchi va bog‘lovchi yo‘nalishlarimizning intervali 6-7 daqiqani tashkil qiladi. Jamoat transporti jozibadorligi oshishi hisobiga yo‘lovchilar sonini 1,5 barobarga oshirish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, yangicha tariflar tizimi ham joriy etiladi. Buning hisob-kitoblarini qildik, 2 hafta davomida xalq deputatlar kengashida bu ma’lumotlarning taqdimotini o‘tkazib, himoya qilib, tarifikatsiya jarayonlaridan o‘tib oldik. Hozirda Toshkent shahar hokimining qarori tayyorlanmoqda. May oyidan joriy etishni kutmoqdamiz. Bunda elektron va naqd to‘lovlar o‘rtasidagi tafovut, 1 soat ichida transportlarni o‘zgartirish bo‘lsa, birinchi avtobusda qilingan “peresadka” 600 so‘mni tashkil qiladi. Birinchi to‘lov 1 ming 400 so‘m bo‘lsa, keyingisi 600 so‘m bo‘ladi. Uchinchi to‘lov esa 1 soat ichida tekin bo‘ladi.

Avtobusdan metroga o‘tilganda metro uchun ming so‘m to‘lanadi. Bu ham jamoat transportidan foydalanishga jalb qiluvchi mexanizm sanaladi. Jozibadorligini oshirib beradi, qulay bo‘ladi.

— Avtobusdan avtobusga o‘tayotgan yo‘lovchining 1 soat ichida 2-marta avtobusga chiqayotganini haydovchi qayerdan biladi? Naqd pullarga ham tegishli bo‘ladimi bu tizim?

— Bu chegirma transport karta yoki elektron tarzda foydalangandagina hisoblanadi. Agarda naqd bo‘lsa, bunga o‘tmaydi. Butun dunyoda shunday tajriba bor, ya’ni elektron to‘lov tizimi shaffof hisoblanadi. 90 foiz aholi elektron to‘lovlarga o‘tsa, faqatgina Toshkent shahri mehmonlari va bir martagina avtobusga chiqadiganlar naqd beradi xolos.

— Birdaniga bir oyning ichida mingta avtobus kelishi kutilmoqda. Buning uchun haydovchilar soni yetarlimi?

— Bizga jami 3,5 ming nafar haydovchi kerak bo‘ladi. Bugungi kunda ularni tayyorlab kelyapmiz. Mavjud haydovchilarniing ko‘nikmasini oshirish maqsadida poligon tashkil etilgan, shunga olib borib tekshiryapmiz. Amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazib, ularni yangi avtobuslarga moslashtirib boryapmiz.

— 18 metrli “garmoshka”lar Toshkent ko‘chalarida sinab ko‘rilgan edi. Shu jarayon qanday o‘tdi? Katta sig‘imli avtobuslar bemalol harakatlana oladimi?

— Sinov jarayoni ketmadi, bizning ishchi guruhimiz boshchiligida ko‘chalarda harakatlanib ko‘rildi. Biror joyda muammo chiqqani yo‘q. Bu ishchi guruh tarkibida Toshkent shahar obodonlashtirish bosh boshqarmasi xodimlari, YHXBB vakillari bo‘lgan. Bizda bekatlarni moslashtirish, o‘zgartirish kerakligi haqida gap bo‘ldi. Bunda bekat maydonchalari, parametrlari to‘g‘ri kelmasligi yechilishi kerak bo‘lgan masala bo‘lib turibdi. Loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda, mana shu bekatlarda o‘zgartirish kiritiladi. Ya’ni yo‘lovchilarning kutish maydonchalari uzaytiriladigan bo‘ldi, endi avtobus uzunligiga moslashtiriladi.

— Avtobuslarga o‘rnatilgan videoregistratorlar va alohida harakatlanish bo‘laklari ro‘parasiga o‘rnatilgan videokameralar qachondan ishlashni boshlaydi?

— Bu borada IIV bilan bilan ishlar olib borilmoqda, bularning hammasi test jarayonida. Bu yerda eng asosiy narsa – videokamera emas, dasturiy ta’minoti. Shuni integratsiya qilish lozim. Xatosiz ishlashi, yo‘l qoidalarini to‘g‘ri qayd etishi uchun sinovlar o‘tkazilmoqda. 5 ta avtobusda jarimalar to‘g‘ri kelyaptimi yoki yo‘q, sinab ko‘ryapmiz. Kelgusida ishga tushirilganidan keyin kimgadir nohaq ish ko‘rilmasligi, e’tiroz bo‘lmasligi uchun ham tajriba-sinovlari ketmoqda.

Xuddi shu holat maxsus yo‘laklar ro‘parasiga o‘rnatilgan videokameralarga ham tegishli. Bazaviy ma’lumotlar yig‘ilib, analiz qilinmoqda. Lekin jarima qo‘llanayotgani yo‘q.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.

Mavzuga oid