Jamiyat | 11:29 / 10.04.2023
11249
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 3 oyda tez yordamga qancha yolg‘on chaqiriq kelib tushgani ma’lum qilindi

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda 2023 yilning o‘tgan uch oyi davomida tez yordam xizmatiga 893 ta yolg‘on chaqiriq kelib tushgan. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu yolg‘on chaqiriqlarning eng ko‘p ko‘rsatkichi Toshkent viloyatida qayd etilgan — 189 ta. Keyingi o‘rindan 154 ta chaqiriq bilan Farg‘ona viloyati joy olgan. Shuningdek, Qashqadaryo viloyatidan 114 ta, Toshkent shahridan 96 ta hamda Navoiy viloyatidan 84 ta ana shunday murojaat kelib tushgan.

Eng kam yolg‘on chaqiriq esa o‘tgan uch oyda Samarqand viloyatida ro‘yxatga olingan — 2 ta.

«Ba’zan 103 ga qo‘ng‘iroq qilib, bemorni boshqa mashinada kasalxonaga olib ketish holatlari uchraydi. Bundan tashqari, chaqiruv manzilini noto‘g‘ri berish, ustiga-ustak, tez yordam yetib borganida, eshikni ochmaslik, telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermaslik kabi noxush vaziyatlar ham takrorlanib turadi», — deydi Respublika tez tibbiy yordam markazi Toshkent shahar filiali direktori Ilhom Aslanov. 

Aslanovning ta’kidlashicha, bunday vaziyatlar tez yordam faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, shifokorlarning belgilangan manzilga o‘z vaqtida yetib borishiga to‘sqinlik qiladi. Shunga qaramay, asossiz va yolg‘on chaqiriqlar statistikasi yildan yilga kamaymoqda.

Avvalroq O‘zbekistonda 2023 yilning o‘tgan uch oyi davomida tez yordam xizmatiga 3 milliondan ortiq chaqiriq kelib tushgani ma’lum qilingandi.

Mavzuga oid