O‘zbekiston | 14:57 / 10.04.2023
4503
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zLiDeP vakillari yurtdoshlarimizni erkimiz kafolati uchun ovoz berishga chaqirdi

Foto: O‘zLiDeP

O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi Andijon viloyatida yangilanayotgan Konstitutsiyaga bag‘ishlangan tadbirlarni tashkil etdi.

Marhamat tumanidagi “Buyuk maskan” dam olish maskanida ochiq osmon ostida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan yirik targ‘ibot tadbiri 1 400 nafar ishtirokchini qamrab oldi.

Tadbirda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Hayitov, parlament quyi palatasi va mahalliy kengash deputatlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Partiya lideri tadbirni ochib berar ekan, Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek oliy maqsad sari qo‘yilgan qadamlar albatta asosiy qonunimizni yangilash zarurligini taqozo etgani va yangi tahrirdagi hujjatda O‘zbekiston ijtimoiy davlat degan g‘oya asosiy mezon qilib olinganini ta’kidladi. Konstitutsiyamizni qayta ishlab chiqishda bevosita xalqning takliflari, xohish-istaklari e’tiborga olingani, hujjat referendumga qo‘yish orqali qabul qilinishini aytdi.

“Yangilanayotgan Bosh qomusimizda pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy yordamlar miqdori eng kam iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lishi mumkin emasligi belgilanmoqda. Bu yangiliklar otaxon-onaxonlarimizga e’tibor va g‘amxo‘rlik miqyosini yanada kengaytiradi, ularning hayotdan rozi bo‘lib yashashini ta’minlaydi. Shu bois  barchangizni 30 aprel kuni o‘tkaziladigan referendumda faol ishtirok etishga chaqiraman”, - dedi Nuroniylar jamoatchilik kengashining raisi O‘ktam Oxunov.

Ta’kidlanishicha, xususiy mulk daxlsizligi haqidagi norma iqtisodiy islohotlar jarayonidagi o‘zgarishlarni mamlakatimiz bosh qonunida aks ettirishda inson manfaatlarini ta’minlash masalasi birlamchi o‘rinda ekanligidan dalolat beradi.

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Hayitov boshchiligida Andijon shahridagi “Samoinurakfa LTD” ma’suliyati cheklangan jamiyati ishchi-xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda shu va shu kabi yangiliklar batafsil aytildi.

Partiya yetakchisi ishtirokchilarga Konstitutsiya loyihasida davlatning bozor munosabatlarini rivojlantirish, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlash, halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratishi bo‘yicha majburiyatlari belgilanayotgani, shuningdek, bank omonatlari, bank amaliyotlari hamda hisobvaraqlar ham sir tutilishi kafolatlanayotganligini ham aytib o‘tdi.

Tadbir savol-javoblar bilan ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi. Muloqot so‘ngida deputatlar ishtirokchilarni xalqimiz taqdiri va ertangi kunini belgilab beradigan tarixiy qonunga befarq bo‘lmasdan, 30 aprelda bo‘lib o‘tadigan referendumda yangilanayotgan Konstitutsiya uchun ovoz berishga chaqirdi.

O‘zLiDeP Andijon viloyati Kengashi
matbuot xizmati

Mavzuga oid