O‘zbekiston | 15:52 / 11.04.2023
17826
14 daqiqa o‘qiladi

“700 mln so‘m muammoni hal qilishning yaqiniga ham bormaydi” – ekspertlar poytaxt drenaj tizimi haqida

“Eng asosiy ishni drenaj muammosi kimga tegishli ekanidan boshlash, qaysi tashkilot mas’ulligi aniqlanib, uning texnik bazasini rivojlantirish kerak. Olimlar, injyenerlar bilan kelishib, uning modelini ham ishlab chiqishi lozim. Albatta, bu katta mablag‘ talab qiladi. 61 ming dollar (700 mln so‘m) bilan hech narsa qilib bo‘lmaydi”, – deydi muhandis Asqarali Karimov.

Foto: KUN.UZ

Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umrzoqovning 7 aprelda imzolagan qarori bilan poytaxtda irrigatsiya tizimini yaxshilash uchun mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi. Unga ko‘ra, drenaj va kollektorlarni ta’mirlash, beton quvur yotqizish uchun hokimiyat budjetining zaxira fondidan 700 mln so‘m sarflanadi.

Qayd etilishicha, yuqoridagi chora-tadbirlar yomg‘ir paytida suv toshqinining oldini olish uchun amalga oshirilmoqda. Shu o‘rinda savol tug‘iladi, 700 mln so‘m mazkur chora-tadbirlar uchun yetarlimi? Aslida drenaj tizimini yaxshilashga qancha mablag‘ sarflanishi kerak? Bu jarayonda nimalar inobatga olinadi? Kun.uz ushbu savollarga javob olish uchun sohadan boxabar bo‘lgan muhandis, shaharsoz hamda ekolog bilan suhbatlashdi.

Dastlab 20 yildan beri AQShning Texas shtatida yashab, hozirda Templ shahridagi yirik injyenerlik-konsalting kompaniyasida suv xo‘jaligini loyihalash direktori bo‘lib ishlayotgan, texnika fanlari doktori, muhandis Asqarali Karimov bilan gaplashdik. Mutaxassisning aytishicha, mablag‘ ajratishdan oldin drenaj tizimini rivojlantirishga kim mas’ulligini aniqlab olish lozim.

Asqarali Karimov, texnika fanlari doktori, muhandis / Foto: Kun.uz

– O‘tgan yili Toshkent shahrining eski hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev drenaj muammolari yuzasidan meni chaqirgandi. Jarayonda ko‘ngilli sifatida qatnashgandim. O‘shanda hokimiyat huzuridagi raqamlashtirish markazida mavjud bo‘lgan lotoklar, oqova suv quvurlari, inshootlarini raqamlashtirish, kartografiya qilish boshlangandi. Men doim bir savol beraman: Toshkent drenaj tizimining egasi kim? Bunga kim javobgar, qaysi tashkilot mas’ul? Bu shahar balansidami yoki respublikanikida? Surishtiruvlarim natijasida shuni bildimki, bunga 3 ta tashkilot mas’ul ekan. Keyin men barcha vazifa va javobgarlikni bitta tashkilotga o‘tkazishni, unga ishchilar, texnika jalb qilishni va bu tashkilotni hokimiyat balansiga o‘tkazishni taklif qilgandim. O‘sha yerdagi hokim yordamchilari, markaz xodimlari bilan birgalikda prezident qarorini ham tayyorladik, bu jarayonda o‘zim ham bevosita qatnashdim, ko‘rdim. Lekin afsuski, bu narsalar qolib ketdi. Men o‘shanda ham ko‘p takrorlagandim, Toshkent, umuman O‘zbekistonning bundan keyingi ahvoli og‘ir bo‘ladi, yaxshi bo‘lmaydi. Chunki eng kuchli zilziladan keyin qurilgan tizim talabga javob bermay qo‘ygan. Asfalt va beton joylarda yog‘adigan yomg‘irning boradigan joyi yo‘q. Shuning uchun muammolar juda ko‘p.

Pul ajratilganiga keladigan bo‘lsak, 700 mln so‘m, taxminan, 61 ming dollardan ortiqroq bo‘lar ekan. Endi bilmadim, men bunga bir narsa deyolmayman. Nima uchun shuncha pul ajratilgan va nimaga yarashini ham bilmayman. Masalan, bizda (Texasda) injyenerlar uchun har bir shaharning kodi va qonun-qoidasi bo‘ladi. Biz har bir inshootni loyihalamoqchi bo‘lsak, albatta, drenajni analiz qilib ko‘rsatishimiz kerak. Chunki har qanday obekt qurilganda shahardan suv olib chiqilishi lozim.

Mana shu jarayonni aytib beraman. Birinchi navbatda biz modellashtiramiz, butun Amerikaning belgilangan xaritasi bor. Bu xarita 1980 yillarning so‘ngida butun AQSh bo‘yicha ishlab chiqilgan. Modellashtirishda 100 yilda bo‘ladigan yog‘ingarchilikni olib chiqib ketadigan drenaj tizimi yaratish kerak bo‘ladi. Biz bu ishni qilganmiz. Buning uchun, albatta, juda katta summa kerak bo‘ladi, chunki jarayon uchun mutaxassislarning juda katta vaqti sarflanadi.

Ikkinchisi, modellashtirish jarayonida keyingi 30 yil davomida har yili qayerlarda qaysi quvurlar almashtirilishi, qaysi ariqlarni kengaytirish kerakligi inobatga olinadi. Bilasiz, quvurlar oxir-oqibat kichkina ariqqa, ariqlar esa daryoga aylanadi. Shularning hammasini hisob-kitob qilib, keyingi 20-30 yilga reja tayyorlash lozim. Shuningdek, keyingi qurilish ishlarini iqtisodiy jihatdan ham hisoblab, belgilab berish mumkin bo‘ladi.

Toshkent shahri borasida gapirsak, injyener sifatida u yerdagi vaziyatni o‘z ko‘zim bilan borib, ko‘rishim, ma’lum joylarini o‘lchashim, dala ishlarini olib borishim kerak. Chunki busiz hisob-kitob qilish mushkul.

Mening taklifim shundan iborat bo‘lardiki, uzoq va yaqin muddatli rejalar tuzib chiqilishi kerak. Toshkent, umuman O‘zbekiston miqyosida bunday rejalar yo‘q, drenaj sohasida mutaxassis ham yo‘q. Boisi 60 yildan beri, ayniqsa Toshkentda bu bilan hech kim shug‘ullanmagan. Drenaj desangiz, buning o‘zi nima ekanini ko‘pchilik tushunishmaydi ham.

Keyin esa umuman drenaj sohasida ilmiy asoslangan model ishlab chiqilishi kerak. Butun dunyoda ma’lum ehtimollik nazariyasiga muvofiq drenaj tizimi modellashtiriladi. Deylik, ertaga 20 mm yomg‘ir yog‘adigan bo‘lsa, mana shuncha maydonda suv to‘planadi. Demak, ma’lum bir muddatda shuncha suv hajmini olib chiqib ketish kerak bo‘ladi. Bunga 1-2 yil vaqt ketadi, lekin shu model tayyorlangandan keyin ishlar ancha osonlashadi. Shuningdek, bu jarayonda eng asosiysi mavjud tizimni kartografiyaga kiritib, uni qaytadan o‘rganib chiqish lozim.

Sobiq ittifoq davrida jamoat transporti rivojlangan, yashillik ko‘p bo‘lgan. Shuning uchun ham lotoklar qilingan. Hozir hamma joylarga beton quyilib, asfaltlashtirib tashlashmoqda. Butun dunyoda drenaj tizimi yerostidagi quvurlar orqali olib chiqib ketiladi. Hech qachon yerustidan lotok qilinmaydi. Bunday tushuncha yo‘q. Boisi, lotoklar qattiq yomg‘ir yog‘ganda to‘lib qoladi. Bundan tashqari, unda shahardagi chiqindilar yig‘ilsa ham suv ketmay qolaveradi. Hozirgi sharoit uchun bunday yechimlar natija bermaydi.

Eng asosiy ishni yuqorida aytganimdek drenaj muammosi kimga tegishli ekanidan boshlash, qaysi tashkilot mas’ulligi aniqlanib, uning texnik bazasini rivojlantirish kerak. Olimlar, injyenerlar bilan kelishib, uning modelini ham ishlab chiqish lozim. Albatta, bu katta mablag‘ talab qiladi. 61 ming dollar (700 mln so‘m) bilan hech narsa qilib bo‘lmaydi. Bu ishlar yo‘lga qo‘yilgandan keyin, drenaj tizimi kelgusi 50-100 yilda bemalol foydalansa bo‘ladigan, tizimli ravishda rivojlanadigan sohaga aylanadi. Va kadrlar ham tayyorlanadi. 

Bularning hammasi ilmiy jihatdan o‘rganib chiqiladigan texnik ishlar hisoblanadi. Hozirgi butun shaharning drenaj tizimini yaxshilab o‘rganib chiqish, undan keyin esa texnik-iqtisodiy asoslarini tuzib chiqish talab etiladi.

Ko‘p yillik tajribaga ega shaharsoz Temur Ahmedov esa intervyu davomida suv bilan ishlash tizimi qachondan shakllanib borgani va qachondan ishdan chiqqani haqida gapirib berdi.  

Temur Ahmedov, shaharsoz / Foto: Kun.uz

– Toshkentning drenaj tizimi haqida gapirganda, Toshkentning OAZIS (cho‘l ichidagi kurort zona) ekanini tushunishimiz kerak. Ipak yo‘lining savdo yo‘llari chorrahasida joylashganligi sababli odamlar bu yerda 2 ming yildan ortiq vaqtdan beri yashab kelishmoqda. O‘sha vaqtlarda hozirgiga nisbatan yer unumdor bo‘lgandi, agar soha to‘g‘ri nazorat qilinganda suv ham bo‘lardi.

2 ming yil davomida odamlar asta-sekin o‘zlari bilgan eng qimmatli manba — suv bilan ishlash uchun tizimini qurishdi. Odamlar yomg‘ir va mahalliy daryolar suvini boshqarish uchun ariqlar, kanallar, yashil zonalar va ko‘llar tarmog‘ini yaratishdi. Ya’ni bu jarayonga faqat va faqat aholining o‘zi bosh-qosh bo‘lgandi. Sovet davriga kelib, bu an’anani shahar rahbariyati davom ettirdi. Mana shu vaqtdan boshlab, drenaj tizimi har yomg‘ir yog‘ganda ishlamay, yerosti suvlari esa ba’zi daraxtlarga yetib borolmay qoldi, umuman olganda sohadagi muammolar jiddiylasha boshladi.

Savolingizga javob – 700 mln so‘m suv toshqinining salbiy ta’sirini kamaytirish uchun 2-3 tagina hududga suv nasoslarini o‘rnatish uchun yetarli bo‘lishi mumkin. Lekin muammoni hal qilishning yaqiniga ham bormaydi.

Avvalo, mutaxassis sifatida shuni aytishim mumkinki, ayni vaqt e’tiborimizni drenaj tizimiga qaratish noto‘g‘ri. Toshkentda drenaj emas, suv xo‘jaligi tizimida muammo bor. Shahar yerosti va yerusti suvlarining gidrologik muvozanatiga ega bo‘lishi kerak. Qadim zamonlardan beri odamlar ariqlar, kanallar, hovuzlar va ko‘llar tarmog‘idan foydalangan holda suvni ehtiyotkorlik bilan boshqarishgan. Demak, biz drenaj tizimini tuzatmoqchimiz desak, shubhasiz, muvaffaqiyatsizlikka uchraymiz.

Suv xo‘jaligi tizimini ta’mirlash haqida o‘ylashimiz kerak. Bizning suv xo‘jaligi tizimimiz Toshkent shahrini uzoq muddatli rivojlantirish bosh rejasining bir qismi bo‘lishi kerak. Bosh rejani ishlab chiqish to‘g‘risida prezident qarori qabul qilindi. Biroq shahar rahbariyati hanuzgacha Toshkentni rivojlantirishning bosh rejasini tuzmagan.

Biz ishni eski suv xo‘jaligi tizimidan qolgan masalalarni baholashdan boshlashimiz kerak. Mahalliy va xorijlik mutaxassislar bu tizimning eng zaif tomonlari qayerda ekanligini aniqlashi zarur. Eng zaif nuqtalardan boshlab, cheklangan davlat mablag‘larini eng yaxshi va darhol ta’sir qiladigan loyihaga qaratishimiz, tizimli ishlashimiz kerak. Endi xarajatlar juda yuqori bo‘ladi, ehtimol, 10 mln dollar ketar. Muammolarni hal qilishdan oldin bir necha yil ishlashimiz kerak bo‘ladi. Bu so‘nggi 5-6 yil ichida tartibsiz qurilish, o‘n minglab daraxtlarni kesish va ko‘plab yashil hududlarni yo‘q qilish jarayonida qabul qilingan qarorlarning oqibatidir.

Muammoni to‘g‘rilashimiz mumkinligiga ishonaman. Mahalliy mutaxassislarimiz bor, chet ellik ekspertlarni ham taklif qilishimiz mumkin. Zarur resurslarni ajratib, juda qattiq ishlashni boshlashimiz kerak. Keyingi avlod hozirgi muammolarni qanday hal qilishimizga qarab, bizga baho beradi

Yana bir shaharsoz Iskandar Soliyev ham bu borada 700 mln so‘m mablag‘ yetarli emasligini ta’kidlamoqda.

Iskandar Soliyev, shaharsoz / Foto: Kun.uz

– Ma’lumotlarga qaraydigan bo‘lsak, 2019 yil, Toshkent uchun odatiy bo‘lib ulgurgan yomg‘ir toshqinidan keyin hokimiyat drenaj sistemalarini kapital remont qilishga 60 mln dollar kerakligini ta’kidlagan. Undan keyin bu kapital remont bo‘ldimi, bilmadim, lekin yaqinda chiqqan yangilikdagi tizimni yaxshilashga 700 mln so‘m ajratilgani ma’lum qilindi. Bu muammoni hal qilishiga ishonmayman. Bu summa obodonlashtirish xodimlari bilan chiqindilarni yig‘ishtirishga yetadimi-yo‘qmi, bu ham noma’lum. Balki, kamlik qilar.

Aytaylik, tizimda 5 ming ishchi 1 ming 400 ming so‘mdan oylik olganda ham oyiga 7 mlrd so‘m ketardi. Albatta, men bo‘rttiryapman, bu pullar obodonlashtirishga ham yetmasligi mumkin.

Muammolarning jiddiyligi va bu yerda katta o‘zgarishlar qilish kerakligi, qurilish sohasi, yo‘l, barchasini qonun doirasida izga tushirib, so‘ng yomg‘ir kunlik maksimal normalarini hisobga olgan holda rekonstruksiya qilinishi kerakligini inobatga oladigan bo‘lsak, bunga katta summa ketishini men iqtisodchi bo‘lmasam ham anglab turibman.

Nima bo‘lganda ham bu tizimda ish qilinyaptimi-yo‘qmi buni bilish oson, yomg‘irni to‘xtata olmaymiz, keyingi yomg‘irda yana bir sinovdan o‘taveramiz...

Iqlimshunos Erkin Abdulahatov bo‘lsa, suv toshqinidan drenaj tizimini asrash uchun asosan nima inobatga olinishiga to‘xtalib o‘tdi.

Erkin Abdulahatov, iqlimshunos / Foto: Kun.uz

– Yirik shaharlarda kuchli yog‘ingarchilik ortidan yuzaga keladigan suv massasini xavfsiz talafotsiz o‘tkazib yuborishda drenaj tizimlarini yaratishda asosan yog‘inning intensivlilik tushunchasi asosiy omil hisoblanadi.

Meteorologiyada 12 soat ichida 30 mm dan ko‘p yog‘in kuzatilishi o‘ta xavfli gidrometeorologik hodisa hisoblanib, bunda kuchli va ko‘p yog‘inlar kuzatilishi ortidan tekislik hududlarida suv bosishi va tog‘oldi hududlarida xavfli sel kelishi hodisalari kuzatiladi.

Yog‘in intensivliligi esa 1 daqiqa ichida hududga yog‘ib o‘tgan o‘rtacha yog‘in qiymati bo‘lib, uning hududlarda keltirib chiqaradigan suv oqimini hisoblash mumkin. Toshkent tarixida eng ko‘p yog‘in kuzatilganda mazkur qiymat 0.25 mm/daqiqa bo‘lgan. 1966 yil 9 avgustda uning qiymati 0.16 mm/daqiqa, 2023 yil 2 aprelda esa 0,22 mm/daqiqaga teng bo‘lgan.

Demak, Toshkent shahrida daqiqasiga 0,25 mm dan ko‘proq yog‘in yog‘ish qiymatidan kelib chiqib, ana o‘sha yomg‘ir ortidan hosil bo‘ladigan suv oqimlarini talafotsiz o‘tkazib yuboruvchi drenaj tizimlari (lotok, quvur, galareya, dyuker) barpo etish lozim.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.

Mavzuga oid