O‘zbekiston | 11:56 / 11.04.2023
11457
2 daqiqa o‘qiladi

JOKU binolaridan biri «darz ketgani» aytilgan video tarqaldi. Bu aslida seysmik chok ekani ma’lum bo‘ldi

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti binosida yoriqlar paydo bo‘lgani aks etgan video tarqaldi. Mas’ullar bu obektning cho‘kishi bilan bog‘liq emasligini ma’lum qilgan.

Foto: Videodan kadr

Binolar orasidagi yoriq yuzasidan universitet rahbariyati munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, 2 sm yoriq eski va yangi bino o‘rtasidagi chok bo‘lib, universitetning yangi binosini qurish vaqtida yuzaga kelgan.

“Quruvchilar tilida bu issiq va sovuq ta’sirida doimiy harakatda bo‘luvchi ikki bino orasidagi chokdir. Mutaxassislar tilida bu “Temperaturnyy shov” deyiladi. Bu holatning binoning cho‘kishiga aloqasi yo‘q. Chunki eski va yangi binolarning poydevori ham bir-biridan alohida”, – deyiladi rasmiy izohda.

Qayd etilishicha, hozirda bino devoridagi yoriq xavfi darajasini o‘rganish maqsadida mutaxassislar jalb qilingan.

Shuningdek, holatni Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi ham o‘rganayotgani, jarayonda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi xodimlari ishtirok etayotgani ma’lum qilingan. Vazirlikka ko‘ra, tez orada o‘rganish natijalari bo‘yicha to‘liq ma’lumot beriladi.

Mavzuga oid