O‘zbekiston | 10:30 / 12.04.2023
22063
8 daqiqa o‘qiladi

O‘zJOKU binosidagi yoriq: u qayerdan paydo bo‘lgan va aslida ham xavflimi?

O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining ko‘p qavatli binosi devorida paydo bo‘lgan yoriq videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi va ko‘plab munozaralarga sabab bo‘ldi. Bu yoriq chindan ham xavflimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodan skrinshot.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bu tasvirlar tanqid, satira va hajvlarga sabab bo‘ldi. Chunki ko‘pchilikning esida hamon Turkiyadagi vayronkor zilzilalar oqibatlari saqlanib turibdi. Ko‘pgina izohlarda ham ushbu yoriqning paydo bo‘lishiga sifatsiz qurilish sabab qilib ko‘rsatildi.

Shaxsan o‘zim ushbu xabar chiqishi hamono Twitter’da bu antiseysmik chok ekanini aytib, aslo qo‘rqinchli narsa emasligini yozgan edim.

Yoriq universitetning yangi va eski binolarini tutashtirib turuvchi devor suvog‘ida paydo bo‘lgan. O‘zJOKU bu borada rasmiy munosabat ham bildirdi.

«Ushbu 2 sm yoriq eski va yangi bino orasidagi chok bo‘lib, universitetning yangi binosini qurish vaqtida yuzaga kelgan. Quruvchilar tilida bu issiq va sovuq ta’sirida doimiy harakatda bo‘luvchi ikki bino orasidagi chokdir. Mutaxassislar tilida bu «Temperaturnyy shov» deyiladi. Bu holatning binoning cho‘kishiga aloqasi yo‘q. Chunki eski va yangi binolarning poydevori ham bir-biridan alohida», — deyilgan rasmiy munosabatda.

O‘zJOKU rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja tahririyatimizga bu borada e’lon qilingan xabar yuzasidan e’tiroz bildirib, yoriq antiseysmik chokda emas, temperatura chokida paydo bo‘lganini alohida ta’kidladi.

Qurilish sohasi mutaxassisi bo‘lmagan rahbarni «seysmik» so‘zi cho‘chitib yuborgan bo‘lishi tabiiy. Chunki o‘z-o‘zidan bu so‘z zilzilaga ishora beradi va yoriq go‘yoki binoning zilzilabardoshligiga raxna soladigandek. Aslida unday emas. Bu yoriqning vahima qiladigan joyi yo‘q edi aslida. Shunchaki, bunday choklar hech qachon suvoq qilinmasligi kerak. Xato shu yerda.

Xo‘sh, ikki binoni ajratib turuvchi chok nima deb ataladi: antiseysmik chokmi yoki temperatura choki?

Aslida, bu devordagi yoriq paydo bo‘lgan joy temperatura choki emas, antiseysmik chok deyiladi. Chunki binolar alohida ikkita poydevorda turibdi.

Antiseysmik choklar zilzila bo‘lish ehtimoli yuqori bo‘lgan hududlarda qilinadi. Toshkent shahri esa 9 ballgacha zilzila ro‘y berishi ehtimoli bo‘lgan hudud sanaladi. Bino qurilishida ular yaxlit qilib emas, poydevoridan boshlab tomigacha bo‘lmalarga bo‘lib quriladi — mohiyatan ularning har biri mustaqil bino hisoblanadi, garchi tashqaridan qaraganda yaxlit binodek ko‘rinsa-da. Zilzila chog‘ida ham birgalikda emas, har bir bo‘lma mustaqil tebranishi uchun.

O‘zJOKU binosi bilan bog‘liq holatda avvaldan qurilgan binoga taqalgan holda, antiseysmik chok qoldirilib, yangi bino qurilgan. Antiseysmik choklarda odatda ikkita alohida turgan bino devorlari orasidagi masofa 25–50 sm bo‘ladi.

Binoni antiseysmik choklarga bo‘laklab rejalashtirish. 1 — antiseysmik choklar.

Fasadi uzun bo‘lgan ko‘p qavatli binolar, turar joylar, stadionlar, sport zallar, albatta, bo‘laklarga bo‘lib quriladi va antiseysmik choklarga ega bo‘ladi.

Stadiondagi antiseysmik chok va uni berkitish. Foto: ims-konstrukt.ru

Antiseysmik choklar usti hech qachon suvoq qilinmasligi kerak. Chunki kichikroq tebranishlar, harorat o‘ynashi va namlik ta’sirida ham, albatta, yorilish ro‘y beradi. Uning usti rezina yoki cho‘zilib qisqaruvchi tunuka bilan qoplanishi kerak.

Ko‘p qavatli uyning antiseysmik chokini berkitish. Foto: termoteh.in.ua

Unda temperatura choki nima?

Temperatura choki binoning birinchi qavatidan tomigacha alohida bo‘lmalarga bo‘ladi, xuddi antiseysmik chokka o‘xshaydi, lekin bu holatda bino poydevori umumiy bo‘ladi. Chunki u yer sathidan pastda bo‘lib harorat tebranishlari ta’siriga kamroq tushadi, binobarin, deformatsiyalarga kamroq duchor bo‘ladi.

Temperatura choki ko‘pincha plastik polimer tarkibiy qismga ega moddalar bilan germetizatsiya qilinadi: shamol, sovuq, issiq yoki yog‘in suvlari kirmasligi uchun.

Turar joy binosining temperatura chokini germetiklash va yopish. Foto: dvabrevna.ru

Umuman jismga tashqi harorat va zilzila ta’sir qilishi tufayli deformatsiyaning oldini olish choklar qoldirish qurilishda keng tarqalgan. Hech e’tibor berganmisiz, yer bo‘ylab yotqizilgan gaz, neft va suv metall quvurlarida to‘g‘ri qilib tortilmaydi. Ma’lum bir masofada egib chiqarilgan joylar qilinadi.

Neft va gaz quvurlaridagi egilishlar. Foto: tramis.ru

Issiqda metall kengayadi, sovuqda torayadi, agar bunday egilishlar qilinmasa quvurlar yorilib ketishi mumkin. Plastikdan yasalgan quvurlarda odatda bunday egilishlar qilinmaydi. Ular korroziyaga va harorat ta’siridagi deformatsiyaga chidamli, shu sababli ko‘pincha ulardan yerosti yoki suvosti orqali quvur tortishda foydalaniladi.

Garchi mavzudan biroz uzoq bo‘lsa ham, xabaringiz bo‘lishi uchun qo‘shimcha qilib ketishga jazm qildim. Deformatsion choklar ko‘priklarda ham qilinadi.

Shaharlarimizda juda ko‘p ko‘priklar va yo‘l o‘tkazgichlar qurilmoqda. Ularda ham deformatsion chok qilinishi kerak. Ammo bee’tiborlik sabab bizda kamdan kam hollarda qilinmoqda. Masalan, Samarqand shahrining Usta Umar Jo‘raqulov ko‘chasidan M-39 xalqaro avtotrassasiga chiqadigan yo‘l o‘tkazgichda shunday deformatsion chok qilingan. Toshkentdagi ko‘plab yo‘l o‘tkazgichlarda qilinmagan.

Ko‘prik to‘sinlari orasidagi masofa. Foto: kmsk.dp.ua

Yo‘l o‘tkazgich va ko‘prik konstruksiya jihatidan ustunlar uzra o‘rnatilgan to‘sinlardan iborat bo‘ladi. To‘sinlar birlashgan joyda deformatsion chok qilinishi kerak. Chunki og‘ir yukli mashinalar ko‘prik ustiga chiqqanida to‘sin egiladi. Bu egilishni biz ko‘zimiz bilan ilg‘amaymiz. Biroq yo‘l yaxlit asfalt qilib yuborilsa, to‘sinlar birlashgan joydan yorila boshlaydi. Albatta, qishning qahratoni va yozning saratonida temperatura ta’sirida ham to‘sinlar deformatsiyaga uchraydi. Bunday holatlarni kompensatsiya qilish uchun deformatsion choklar o‘rnatiladi.

Quyida ko‘prik va yo‘lo‘tkazgichlardagi deformatsion choklardan ayrimlari keltiramiz. Xo‘sh, eslang-chi qaysi ko‘priklarda shunaqasini ko‘rgansiz?

Ko‘prikdagi metalldan yasalgan eski usuldagi deformatsion chok. Foto: krd.ru
Ko‘prikdagi metalldan yasalgan zamonaviy deformatsion chok. Foto: fontanka.ru
Ko‘prikdagi plastikdan yasalgan zamonaviy deformatsion chok. Foto: yarnews.net

Albatta, biz hozir ko‘proq bo‘laklarga bo‘linib qurilgan bino va inshootlar orasidagi choklar haqida gaplashdik. Binolarning yuk va tashqi ta’sirlar naijasida cho‘kishi oqibatida ham yoriqlar paydo bo‘ladi. Aynan o‘shalar binoning yuk ko‘tarish qobiliyatiga salbiy ta’sir o‘tkazib, bino yoki inshootning avariyaviy deb topilishiga sabab bo‘ladi. O‘zJOKUdagi yoriqning esa hech qanday vahimali joyi yo‘q. Shunchaki, yoriq joyi tunuka bilan risoladagidek qilib berkitib qo‘yilsa bas.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist

Mavzuga oid