O‘zbekiston | 12:07 / 13.04.2023
6970
4 daqiqa o‘qiladi

«Viloyat va tumanlardagi shifoxonalar uchun 15 ta MRT va 200 dan ortiq MCKT uskunasiga ehtiyojimiz bor» - Amrillo Inoyatov

So‘nggi 6 yil ichida sog‘liqni saqlash tizimida nodavlat tibbiyotning ulushi 30 foizdan ortgan, bu ko‘rsatkichni 2025 yilda 60 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilgan «O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash tizimi transformatsiyasi» mavzusidagi xalqaro forumda tibbiyotda davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov forumda so‘zga chiqib, shahar va tuman shifoxonalariga yetishmayotgan tibbiyot uskunalari haqida gapirdi, shuningdek, investor va tadbirkorlarga qator loyihalarni taklif qildi.

«170 ta tuman va shahar tibbiyot birlashmalarining laboratoriya xizmatini autsorsingga berishga tayyormiz. Bugungi kunda viloyat va tuman darajasidagi shifoxonalar uchun 15 ta MRT va 200 dan ortiq MCKT uskunalariga ehtiyojimiz bor. Kasalxonalarda bugun hech qanday byurokratik to‘siqlarsiz ijara shartnoma asosida tadbirkorlar tomonidan shu uskunalar qo‘yilsa, biz kafolatlangan xizmatni sotib olishga tayyormiz.

Shuningdek, respublika bo‘yicha 14 ta tug‘uruq komplekslari bino va inshootlari yer maydonlari bilan birgalikda «0» qiymatida investorga, ishonchli boshqaruvga beriladi. Joriy yil 11 ta hududning gemodializ xizmatini davlat-xususiy sheriklik asosida tadbirkorlarga taqdim etamiz. Davlat-xususiy sheriklik asosida respublikaning har bir hududida 1000-1500 o‘rinli ko‘p tarmoqli shifoxonalar barpo etishga tayyormiz», – dedi vazir.

Amrillo Inoyatov mahalliy va xorijlik tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash doirasida tibbiyot tashkilotlariga berilgan soliq va bojxona imtiyozlarini saqlab qolish va uzaytirish, tibbiyotda faoliyat olib boruvchi tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish choralari ko‘rilishini ta’kidladi.

Bundan tashqari, vazir litsenziyalash jarayoni shaffofligi ta’minlanishi, tibbiy turizm bilan bog‘liq munosabatlar huquqiy tartibga solinib, sohada faoliyat yuritishning standartlari, yagona tizimi, tartibi va mexanizmlari ishlab chiqilishini qayd etdi.

Shuningdek, u davolanish uchun xorijga boruvchi yoki O‘zbekistonga keluvchi fuqarolar huquqlarini himoya qilish va sifatli tibbiy xizmat olishlarida doimiy hamrohlik qilish yo‘lga qo‘yilishini, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va bemorlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida 2025 yilgacha barcha tibbiyot tashkilotlarini akkreditatsiyalash tizimi to‘liq joriy etilishini aytdi.

Tadbirda ishtirok etgan sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida investorlar bilan hamkorlikda erishilishi kutilayotgan natijalar haqida gapirdi.

«Kardioxirurgiya, travmatologiya, ortopedik amaliyotlar borasida yutuqlarimiz bor. Lekin katta mablag‘, kuchli ilm talab qilinadigan sohalar bor, masalan, transplantologiya masalalari. Biz jigar va buyrak ko‘chirish amaliyotlarini o‘tkazyapmiz, lekin operatsiyadan oldingi va keyingi jarayonlar, laboratoriya tekshiruvlari bor. Bu narsalar chet elda bo‘lar edi, hamkorlik orqali esa o‘zimizda bajarish imkoniyati bo‘ladi. Yordamchi reproduktiv masalalar ham chet elda bo‘lardi, endi bu ham o‘zimizda bo‘ladi», — deydi Bositxonova.

Xalqaro tadbirda AQSh, Xitoy, Rossiya, Turkiya, Germaniya, Fransiya, Vengriya, Yaponiya, Hindiston, Janubiy Koreya, BAA kabi 20 ga yaqin xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi diplomatik korpus vakillari, xalqaro tashkilotlar mas’ullari, chet ellik investorlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan xususiy tibbiyot klinikalari rahbarlari, O‘zbekiston bozoriga investitsiya kiritish va davlat-xususiy sherikchilik loyihalarida ishtirok etish istagida bo‘lgan xalqaro donorlar hamda mahalliy yirik tadbirkorlar ishtirok etdi. Forum doirasida 1 mlrd AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiyalarni jalb etish ko‘zda tutilgan xalqaro memorandumlar imzolandi.

Mavzuga oid