Jahon | 10:28 / 14.04.2023
14297
3 daqiqa o‘qiladi

Pentagon maxfiy ma’lumoti: Patrushev va Gerasimov urushni tugatmoqchi bo‘lgan

Pentagondan sizib chiqqani aytilayotgan hujjatlardan birida Rossiya elitasi ichidagi bo‘linish haqida gap ketgan. Xuddi shu hujjatga ko‘ra, Putin saraton kasalligiga chalingan.

Rossiya Milliy xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev va Rossiya armiyasi Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni imkon qadar tezroq tugatish maqsadida harbiy operatsiyalarni sabotaj qilish aksiyasida ishtirok etgan bo‘lishlari mumkin. Bu haqda 13 aprel, payshanba kuni bir qator nemis OAV, jumladan, Tagesspiegel va Focus nashrlari tomonidan e’lon qilingan Pentagonga tegishli maxfiy hujjatlardan birida aytiladi.

Kremlga yaqin manbaga iqtibos keltirgan ukrainalik manbaga ko‘ra, Gerasimov va Patrushev Ukrainaga qarshi urushni sabotaj qilish va tugatishni rejalashtirishgan. Buning uchun ular qo‘shinlarni janubga o‘tkazish niyatida edilar. «Iks» kunini ular Vladimir Putin kimyoterapiya kursini boshlashi kerak bo‘lgan va sodir bo‘layotgan voqealarga ta’sir qila olmaydigan 5 martga belgilagan. Shu tariqa, manbaga ko‘ra, Putin saraton kasalligiga chalingan. Keyinchalik Gerasimov o‘z rejalaridan voz kechgan. Hujjatdagi ma’lumotlarning tasdiqlanishi yo‘q.

Maxfiy deb aytilgan hujjatlar mart oyi boshida internetdagi turli forumlarda paydo bo‘la boshladi va dastlab unchalik e’tiborni tortmadi. Biroq, keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, ulardan Rossiya va Ukraina armiyasining ahvoli va xususan, Ukrainaning bo‘lajak qarshi hujumiga qoniqarsiz tayyorgarligi haqida xulosa chiqarish mumkin.

7 aprel kuni The New York Times gazetasining yozishicha, internetda Amerika xavfsizlik xizmatlari va harbiy departamentlari ishi natijalarini aks ettiruvchi, «sizdirilgan» yangi maxfiy hujjatlar to‘plami paydo bo‘la boshladi. 

Hujjatlarda turli maxfiy ma’lumotlar, jumladan, Ukraina, Yaqin Sharq, Hind-Tinch okeani mintaqasi va Xitoy bo‘yicha brifinglar, shuningdek, terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha rasmiy foydalanish uchun mo‘ljallangan hisobotlar mavjud.

Nashr tayangan nomi oshkor etilmagan rasmiylarga ko‘ra, yangi partiyada yuzga yaqin hujjat chop etilgan. NYT suhbatdoshi bu voqeani Avstraliya, Kanada, Yangi Zelandiya, Buyuk Britaniya va AQShni o‘z ichiga olgan FVEY razvedka alyansi uchun «qo‘rqinchli tush» deb atadi.

Mavzuga oid