O‘zbekiston | 12:02 / 14.04.2023
15565
2 daqiqa o‘qiladi

Yangiyo‘ldagi sport klubida 21 yashar talaba vafot etdi. Holat prokuratura tomonidan tekshirilmoqda

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, talabaning o‘limiga o‘tkir yurak yetishmovchiligi sabab bo‘lgan.

Foto: Kun.uz

12 aprel kuni Yangiyo‘l shahridagi sport klubida 21 yashar yigitning sog‘lig‘i yomonlashgan. U Yangiyo‘l shahar tibbiyot birlashmasining qabul bo‘limiga olib kelinganda allaqachon vafot etgani aniqlangan.

Marhum Yangiyo‘l tumanidagi Ahil mahallasida yashagan, Toshkent davlat agrar universitetining 2-kurs talabasi bo‘lgan, deb yozmoqda UzNews nashri.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsiddinov 21 yashar talabaning o‘limi yuzasidan tekshirish olib borilayotganini ma’lum qilgan. Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki ma’lumotnomasiga ko‘ra, marhumning o‘limi o‘tkir yurak yetishmovchiligi natijasida kelib chiqqan va jasadda hech qanday jarohatlar aniqlanmagan.

Eslatib o‘tamiz, 10 aprel kuni soat 17:30 larda Mirobod tumanidagi 110-sonli maktab o‘quvchisi vafot etgandi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, voqea dars vaqtida emas (ijtimoiy tarmoqlarda holat jismoniy tarbiya darsida ro‘y bergani haqida mish-mish tarqaldi), darslardan keyin ro‘y bergan.

Dastlabki ekspertiza xulosasiga ko‘ra, 13 yashar bolaning o‘limiga oshqozonosti beziga keng ko‘lamli qon quyilishi va boshqa holatlar sabab bo‘lgan. Maktabdagi videokamera yozuvlaridan, voqea joyida janjal yoki kelishmovchilik bo‘lgani aniqlanmagan.

Mavzuga oid