Jahon | 10:15 / 15.04.2023
17489
10 daqiqa o‘qiladi

Qariyb 2 ming kishining boshiga yetgan ofat: dunyodagi eng yirik temiryo‘l halokati qanday sodir bo‘lgandi?

2004 yil Hind okeanida sodir bo‘lgan yer silkinishi yirik sunamini keltirib chiqaradi. Kuchli to‘lqin okean qirg‘oqlariga yopirilib, ko‘plab shahar va qishloqlarni suv bosadi. O‘shanda Shri-Lankagacha yetib kelgan sunami harakatlanib ketayotgan poyezdni izdan chiqarib yuboradi. Kuch bilan yopirilgan suv vagonlarni surib ketadi. Boshqalarini ag‘darib yuboradi. Oqibatda qariyb 2 ming kishi halok bo‘ladi.

Dunyo yaralgandan buyon insoniyat juda ko‘p sinovlarni boshidan o‘tkazdi. Zilzilalar, toshqinlar, yer ko‘chishi kabi ofatlar ko‘plab insonlarning yostig‘ini quritgan.

Shu jumladan, 2004 yilda Tinch okeanida sodir bo‘lgan sunamida ham qariyb 250 ming odam halok bo‘lgandi. Indoneziya yaqinida sodir bo‘lgan yer silkinishi sunamiga sabab bo‘lgan va ulkan to‘lqinlar Osiyo va Afrikadagi bir qancha davlatlar hamda Avstraliyaning qirg‘oq hududlariga jiddiy zarar yetkazadi.

Bir necha metr balandlikdagi to‘lqin qirg‘oq bo‘ylaridagi aholi maskanlari, mehmonxona va boshqa dam olish maskanlarini vayron qiladi. Ekinzorlar, yo‘llar va boshqa infratuzilma obektlarini suv bosadi.

O‘shanda sunami Shri-Lankada harakatlanib ketayotgan yo‘lovchi poyezdini izdan chiqarib yuboradi va tarixdagi eng yirik temiryo‘l halokatiga sabab bo‘ladi. Bu halokatda 2 mingga yaqin odam vafot etadi, yana ko‘plab insonlar tan jarohatlari oladi.

Tsunami

2004 yil 26 dekabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 07:58 da Hind okeanida, Indoneziya yaqinida zilzila sodir bo‘ladi. Uning episentri Sumatra orolining shimoliy-g‘arbiy qismiga yaqin joyda, okean tubida, 30 kilometr chuqurlikda edi. Zilzila magnitudasi 9,1-9,3 ball bo‘lgan.

Kuchli yer silkinishi okeanda sunamini yuzaga keltiradi va baland to‘lqinlar to‘rt tomonga qarab harakatlana boshlaydi.

Masofa yaqinligi uchun sunami birinchi Sumatra oroliga yopiriladi. So‘ng navbati bilan boshqa joylarga ham yetib boradi. To‘lqinlar eng oxirida zilzila episentridan 6 300 kilometr uzoqlikdagi Janubiy Afrika Respublikasi (JAR) qirg‘oqlarigacha yetadi.

Baland to‘lqinlar Osiyo va Afrikaning Hind okeaniga tutash bo‘lgan bir qancha davlatlarida qirg‘oq hududlarni bosib oladi. Qirg‘oq hududidan ichkariga qarab 2-4 kilometrgacha kirib borgan suv yo‘lida uchragan barcha narsani yakson qiladi.

Umumiy hisobda sunami Osiyodagi Indoneziya, Shri-Lanka, Hindiston, Tayland, Maldiv orollari, Malayziya, Myanma, Yaman, Bangladesh, Ummon, Afrikadagi Madagaskar, Somali, Tanzaniya, JAR, Keniya, Seyshel orollari, , Mavrikiy davlatlari va Avstraliya qirg‘oqlariga bostirib boradi.

Tsunamidan eng ko‘p zararni zilzila episentriga yaqin hududda joylashgan Indoneziya va to‘rt tomoni suv bo‘lgan Shri-Lanka davlatlari ko‘radi. Qolgan davlatlarga uning kuchi ancha qisqarib yetib boradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra sunamida qariyb 250 ming odam halok bo‘ladi. Yana ko‘plab insonlar jarohatlanadi. Eng ko‘p odam Indoneziyada vafot etadi.

Shimoliy yarimsharda qish fasli bo‘lgani uchun o‘sha paytda Indoneziya, Shri-Lanka, Tayland, Maldiv orollari va boshqa davlatlarda ko‘plab odamlar dam olishga borgandi. Halok bo‘lganlarning aksariyati xorijlik dam oluvchilar edi.

Tsunamining Shri-Lankaga yetkazgan zarari

 2004 yil 26 dekabr kuni tongda zilzila tufayli sodir bo‘lgan sunami juda katta tezlikda harakatlanadi va ikki soatdan so‘ng Shri-Lanka qirg‘oqlariga yetib keladi.

Bu paytda Shri-Lanka fuqarolari va orol mamlakatda dam olayotgan sayyohlarning aksariyati Hind okeanidagi zilzila va u tufayli yuzaga kelgan sunamidan bexabar edi.

Ular birozdan so‘ng 10-15 metr balandlikdagi to‘lqin yopirilib kelishini va hamma yoqni vayron qilishini, ko‘plab odamlar suv ostida qolib o‘lib ketishini bilishmasdi.

Barcha bemalol, kundalik tashvishlar bilan band bo‘lib turgan vaqtda to‘satdan baland to‘lqin orolning barcha tomonlaridan hamla qiladi. Oqibatda Shri-Lankaning qirg‘oq hududlarida joylashgan 100 mingdan oshiq aholi punktlari, dam olish maskanlari vayron bo‘ladi.

Hatto sunami Shri-Lankada harakatlanayotgan yo‘lovchi poyezdni ham surib ketadi. Oqibatda qariyb 2 ming kishi halok bo‘ladi, yana ko‘plab odamlar jarohatlanadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘shanda Shri-Lanka aholisidan 800 ming nafari zarar ko‘radi. 40 mingdan oshiq odam halok bo‘ladi va bedarak yo‘qoladi. Keyinchalik sunami bu orol-davlatga qariyb 1,5 milliard dollar zarar yetkazgani ma’lum bo‘ladi.

Poyezd halokati

«Queen of the Sea Line» (Qirg‘oq liniyasi qirolichasi) deb atalgan poyezd mamlakat shimolidagi Vavuniya shahridan mamlakat janubiy-g‘arbidagi Galle shahri o‘rtasida harakatlangan.

Poyezd mamlakat poytaxtigacha orolning ichki qismidan, Kolombodan keyin qirg‘oqdan 200 metr naridan tortilgan temiryo‘l bo‘ylab yurgan.

2004 yil 26 dekabr kuni soat 7:30 larda odatdagidan ko‘proq yo‘lovchilar bo‘lgan poyezd Kolombodan Galle tomon yo‘lga chiqadi. O‘shanda poyezdga bilet olib chiqqanlar soni 1 500 nafar, biletsiz chiqqanlar soni ham ancha bo‘lgan.

Soat 9:20 da poyezd Galle yaqinidagi Peraliya qishlog‘ida o‘rnatilgan svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtaydi. Poyezd to‘xtagan joyda temiryo‘l dengiz qirg‘og‘idan 150-170 metr uzoqlikda bo‘lgan.

O‘sha paytda Galle shahridagi so‘nggi bekatgacha 20 kilometr masofa bo‘lib, sunami poyezd to‘xtagan joyga yaqin kelib qolgandi. Shu paytda poyezdga 7,5-9 metr balandlikda bo‘lgan birinchi to‘lqin kelib uriladi va uning oxiridagi ikkita vagonini uzib, 10 metr nariga surib ketadi.

Boshqa vagonlar suv ostida qoladi. Ba’zi yo‘lovchilar poyezdning tomiga chiqa boshlaydi. Qolganlar vagonlarning derazasi va eshigini yopib ichkarida qoladi.

Suv biroz pasaygach odamlar vagonlardan chiqa boshlaydi. Ularga yordam berish uchun yaqin oradagi qishloq aholisi ham keladi. Mashinist poyezd tarkibida qolgan sakkizta vagonni nariroqqa olib ketishga qaror qiladi.

Birinchi to‘lqindan 15 minut o‘tib, 6-7 metr balandlikdagi ikkinchi to‘lqin bostirib keladi va vagonlarga zarb bilan uriladi. Suv vagonlar tomida o‘tirgan va pastga tushgan odamlarni oqizib ketadi.

Vagonlarda bo‘lgan odamlar ham vahimaga tushib eshiklarni ocha olishmaydi va ichkarida qolib ketishadi.

Birinchi to‘lqin turli to‘siqlarni ochib tashlagani uchun ikkinchi to‘lqin biroz pastroq bo‘lsa ham zarbasi kuchliroq bo‘ladi. Suv 30 tonna og‘irlikdagi vagonlarni 100 metr, 80 tonnalik teplovozni esa 30 metrdan 50 metrgacha o‘rmon ichiga surib ketadi. To‘lqin orqaga qaytishida ikkita vagonni okeanga olib chiqib ketadi.

Qutqaruv ishlari

Poyezd halokatga uchragan paytda butun Shri-Lanka oroli qirg‘oqlarini barcha tomondan suv bosgan, barcha o‘zi bilan o‘zi ovora edi. Shu sababli hukumat poyezd sunami ostida qolganini va qariyb 2 ming odam halok bo‘lganini, jarohatlanganlarning hayoti xavf ostida qolganini bir muddat bilmaydi.

Tsunami yuz bergandan so‘ng uning asoratlarini ko‘rish uchun parvoz qilgan vertolyot tasodifan halokatga uchragan poyezdni ko‘rib qoladi. Bu paytda poyezdda bo‘lganlardan tirik qolganlar va yaqin oradagi qishloq aholisi jarohatlanganlarni qutqarish bilan mashg‘ul edi.

Hodisa joyiga birinchi bo‘lib qo‘shni tuman politsiyachilari keladi va jabrlanganlarga yordam bera boshlaydi.

Tsunami atrofdagi yo‘llar, ko‘priklar va boshqa infratuzilmani ishdan chiqargani uchun poyezd halokatga uchragan joyga transport vositalari kira olmasdi. Shu sababli ko‘plab yaradorlar birinchi yordam ko‘rsatilmagani uchun ham halok bo‘ladi.

Qishloq odamlari mototsikllar va motorikshalarda ayrim yaradorlarni hodisa joyidan 20 kilometr uzoqlikdagi kasalxonaga olib borishga urinishadi. Biroq ularning aksariyati yo‘lda vafot etadi.

Halokat sodir bo‘lgandan uch kun o‘tib hodisa joyiga mashina yetib kela oladigan yo‘l ochishadi. Bungacha esa minglab odamlar suvga bo‘kib yoki jarohatlar tufayli vafot etib bo‘lgandi.

Halokat oqibatlari bartaraf etilib, jasadlar yig‘ishtirib olinganda juda ko‘pchilik suvda shishib tanib bo‘lmas holga kelgandi. Shu sababli faqat yonida hujjati borlarning shaxsi aniqlanadi xolos.

Halokatda qancha odam halok bo‘lgani keyinroq ma’lum bo‘ladi. O‘sha kuni poyezdga bilet olib chiqqan odamlar soni 1 500 nafar, yo‘llardan biletsiz chiqqanlar soni 500 nafardan oshiq bo‘lgan.

Qutqaruv ishlari tugaganda poyezdda bo‘lganlardan 150 nafari tirik qolgani, boshqalar halok bo‘lgani va bedarak ketgani oydinlashadi. Shundan kelib chiqib bu hodisada halok bo‘lganlar soni 1700-2000 atrofida bo‘lgani aytiladi.

To‘lqin okeanga olib ketgan ikkita vagon keyinchalik topilmaydi va ularda qancha odam bo‘lgani noma’lumligicha qoladi. O‘sha vagonlarda bo‘lgan odamlar bedarak yo‘qolgan deb hisoblanadi.

Shri-Lankada sodir bo‘lgan hodisa temiryo‘l tarixida eng ko‘p odam vafot etgan halokat sifatida qayd etilgan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid