Jahon | 20:28 / 17.04.2023
30685
7 daqiqa o‘qiladi

Pentagon hujjatlari: 21 yoshli xodim qanday qilib davlat sirlariga kirish huquqiga ega bo‘lgan?

BBC nashri 21 yoshli zaxiradagi kichik ofitser qanday qilib AQShning o‘ta maxfiy hujjatlariga kirish huquqiga ega bo‘lganini tekshirgan.

Maxfiy razvedka ma’lumotlariga kirish huquqiga ega bo‘lish aslida odamlar o‘ylaganidek kamyob hodisa emas.

14 aprel kuni sudda ayblanuvchi sifatida ishtirok etgan Jyek Teysheyra AQSh Milliy gvardiyasining harbiy-havo qo‘shinlarida kibertransport tizimlari xodimi bo‘lib ishlagan (qo‘shimcha tavsifga ko‘ra, uning vazifalari aloqa tizimlarini texnik qo‘llab-quvvatlash bilan cheklangan).

AQSh harbiy-havo kuchlari veb-saytidagi tegishli vakansiya tavsifida Teysheyraning lavozimiga qo‘yiladigan minimal talablar ko‘rsatilgan.

Talablar orasida to‘liq o‘rta ta’lim ma’lumotiga ega bo‘lish va keng qamrovli tarjimayi hol tekshiruvidan o‘tish bandlari mavjud.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu tekshiruv yetarlicha chuqur amalga oshiriladi. Tekshiruv doirasida nomzodning ta’lim darajasi, moliyaviy tarixi va aloqalari o‘rganiladi, shuningdek, uni tanigan odamlar bilan suhbat o‘tkaziladi.

Va yuqori darajadagi maxfiy ma’lumotlarga kirish huquqiga ega bo‘lish hatto 21 yoshli xodim uchun ham mutlaq mumkin bo‘lgan ish.

«Uning yoshidagi odamlar uchun maxfiy ma’lumotlarga kirish huquqiga ega bo‘lish – odatiy hol», deydi Yangi Amerika xavfsizligi tahlil markazining «Texnologiya va milliy xavfsizlik» dasturi tadqiqotchisi Aleksandr Seymur.

AQSh mudofaa vazirligi statistik ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat armiyasidagi faol harbiy xizmatchilarning taxminan yarmi 25 yosh yoki undan kichik yoshdagilardir.

Teysheyraning xizmat vazifalari tafsilotlari hali to‘liq aniq bo‘lmasa-da, Seymurning fikricha, uning ishi katta miqdordagi razvedka hujjatlariga kirishni talab qilgan.

«Odatda Teysheyraning darajasidagi xodimlar yuqori martabali rahbarlarga yordam beradi va agar u yuqori lavozimli rahbarlar yoki brifinglar uchun materiallar tayyorlagan bo‘lsa, demak unda bu ma’lumotlarga kirish zarurati bo‘lgan», deydi Seymur.

Aftidan, suratga olinib, internetga joylanishidan oldin hujjatlar qog‘ozga chiqarilgan va buklangan
Foto: DEFENSE INTELLIGENCE AGENCY

11 sentabr voqealaridan keyin ma’lumotlar sizdirilishi ko‘paygan bo‘lishi mumkin

Londondagi Brunel universiteti razvedka va xavfsizlik bo‘yicha katta o‘qituvchisi Den Lomasning aytishicha, AQSh harbiy va razvedka idoralarida bir necha minglab odamlar shunga o‘xshash darajadagi maxfiy ma’lumotlarga kirish huquqiga ega.

«Buning bir qismi tahlillarda foydalanish uchun imkon qadar ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lish istagi bilan bog‘liq. Va bu istak siz sizdirilishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarga potensial ravishda kirish huquqini ochishingizni anglatadi», deydi Lomas.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu amaliyot 2001 yil 11 sentabrda Nyu-York va Vashingtonda sodir etilgan teraktlardan so‘ng boshlangan. O‘shanda hukumat tekshiruvlari davomida aniqlangan asosiy kamchiliklardan biri – AQShning turli davlat idoralari o‘rtasida o‘zaro razvedka ma’lumotlari almashinuvi yo‘qligi edi.

Teysheyra qanday qilib maxfiy hujjatlarni chop etib, ularni elektron yoki qog‘oz shaklida harbiy bazadan olib chiqib keta olgani – noma’lum. Ammo Lomasning qayd etishicha, avvalroq Edvard Snouden va Chelsi Menning tomonidan sodir etilgan maxfiylik tizimini buzish holatlari xavfsizlik ko‘rsatmalariga har doim ham qat’iy rioya qilinmasligini ko‘rsatadi.

Milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha huquqshunos Mark Zayid BBC nashriga aytishicha, Teysheyra o‘z xizmat turi tabiatiga ko‘ra, Birlashgan butunjahon razvedka aloqalari tizimiga kirish huquqiga ega bo‘lgan. Huquqshunos bu tizimni AQSh razvedka xizmatlarida saqlanuvchi «ma’lumotlar kutubxonasi» deb atagan.

Jinoyat ishi materiallariga ko‘ra, Teysheyra kamida bir necha marta maxfiy terminallarda ishlagan. Loglardan shu narsa aniqki, Teysheyra o‘tgan hafta, hujjatlar birinchi marta omma e’tiboriga tushgan paytda, tizimdan «sizdirish» so‘zini qidirgan.

Hujjatlarda Ukrainaga ittifoqchilar tomonidan taqdim etilgan harbiy mashg‘ulotlar bo‘yicha batafsil hisobotlar mavjud.
Foto: Reuters

Tizimdagi bo‘shliqlar

13 aprel kuni AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin razvedka ma’lumotlariga kirish huquqi bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilishini e’lon qildi. Matbuot uchun brifing chog‘ida vazir «AQShning har bir harbiy xizmatchisi, mudofaa vazirligining fuqarolik xodimi va maxfiy ma’lumotlarga kirish huquqiga ega bo‘lgan pudratchilari maxfiy ma’lumotlarni himoya qilishning tantanali huquqiy va ma’naviy majburiyatini hamda har qanday shubhali harakat yoki belgilar haqida xabar berish burchini o‘z zimmasiga olishi»ni ma’lum qildi.

Biroq, Lomasning fikricha, AQSh razvedka hamjamiyatini qiyin kunlar kutmoqda. Chunki yangi cheklovlar idoralar o‘rtasidagi axborot almashinuvini kamaytiradi.

«Axborotlarga kirish huquqiga nisbatan kuchliroq cheklovlar qo‘yilishi an’anaviy turdagi qattiq “bilish zarurati” tamoyillariga o‘tishni anglatadi», deydi u.

AQShning NATOdagi sobiq elchisi Kurt Uolkerning aytishicha, AQSh siyosatchilari hali ham razvedka ma’lumotlari yuqori martabali amaldorlar qo‘lida bo‘lishini ma’qullaydi.

«Ma’lumotlarni (idoralararo) tarqatish kerak, lekin buni aql bilan qilish kerak. Hammaga ma’lumotlarga doimiy kirish huquqni bergandan ko‘ra, boshqa aqlliroq yo‘lni izlab topish lozim», deydi Uolker BBCnashriga.

«Va bir hisobdan, razvedka tizimi ma’lumotlar bilan ishlaydigan odamlarga bog‘liq», deydi Seymur.

«Agar ma’lumotlarga kirish cheklansa, biz odamlarga maxfiy ma’lumotlar bilan ishlashni qanday o‘rgatishimiz kerakligi haqida savol tug‘iladi. Bu esa tizimda o‘rganilishi kerak bo‘lgan bo‘shliqlar borligini ochib beradi... lekin shuningdek, siz bu odamlarga qo‘rquv bilan emas, vijdonan ishlash kerakligini ko‘rsatishingiz mumkin bo‘lgan ishonch darajasi ham bor», deydi Seymur.

Federal qidiruv byurosi agenti tomonidan taqdim etilgan hujjatda aytilishicha, Teysheyra o‘z lavozimini egallash uchun «ma’lumotlarni bir umr oshkor qilmaslik to‘g‘risidagi shartnoma»ni imzolashi kerak bo‘lgan va u maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilish jinoiy javobgarlikka olib kelishi mumkinligini tushungan. Unga hozir aynan mana shu asos bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid