“Dunyoni anglamasidan qo‘rquv hissini singdiramiz” – qo‘rquv bilan ulg‘ayayotgan bolalar
“Juda kichik bolalar, ko‘rsatmalar va taqiqlarni hali tushunmaydi, xavf borligini sezmagani uchun ham hech narsadan tap tortmaydi. Doimiy ravishda qo‘rqitishni qurol qilib olsak, biz bolalarimizni qo‘rqoq, ishonchsiz yoki emotsiyaga beriluvchan qilib tarbiyalaymiz. Agar biz farzandimizda, o‘ziga ishonchi past inson paydo bo‘lishini istamasak, balansni ushlashni bilishimiz kerak”, – deydi psixolog.
“Tez uxla, yo‘qsa “bo‘ji” seni opketib qoladi”, “ovqatingni yemasang doktor kelib ukol qiladi”, “quloqsiz bolalarni “baba” “ham” qiladi”... Yosh bolali uylarda shunday “tahdidlar” tez-tez yangrab turadi. Hali dunyoni anglab ulgurmagan mitti vujudga qo‘rquv hissi singdiriladi. Bu orqali kattalar bolani osongina yo‘rig‘iga yurg‘izishni istashadi. Qo‘rqitish metodidan haddan ortiq foydalanish bola ruhiyatiga qanday ta’sir qilishi haqida o‘ylab ham ko‘rilmaydi. Psixolog Shahnoza Jumaqulova bilan shu xususda suhbatlashdik.
“Qo‘rquv – bizni xavfli signal bilan ta’minlaydigan hissiyotdir. Bunda biz darhol o‘zimizni ehtiyot qilish rejimini yoqamiz. Shu sabab hissiy intellekt normal rivojlanishi uchun tarbiya nuqtai nazaridan, qo‘rquvni butunlay istisno qilish kerak emas. Qo‘rquvni to‘g‘ri yo‘naltirishni o‘rganish kerak.
Agar ota-ona bolani qo‘rqitsa, itoatkorlikka erishish kafolatlanadi. Ammo bola psixologiyasida jarohat qoladi.
Har bir bola juda ko‘p qo‘rquvni boshdan kechiradi, ularning aksariyati asossiz. Ba’zi qo‘rquvlar vaqtinchalik, boshqalari instinktiv, asosan tug‘ma, masalan, qorong‘ilik, balandlikdan qo‘rqish va hokazo. Ammo ota-onalar tomonidan qo‘rqitish jarayonida paydo bo‘ladigan qo‘rquvning bir qancha toifasi mavjud.
Ba’zi vaziyatlarda, gapirish imkoni bo‘lmaganda, juda tez harakat qilish kerak bo‘ladi. Bunda qo‘rquv yordam beradigan yagona narsa deb o‘ylaymiz. Misol uchun, agar bola mashina yo‘liga chiqsa, xavfliligini ta’kidlab, bu qo‘rqinchli oqibatlarga olib kelishini aytish kerak.
Nega biz bolalarimizni qo‘rqitamiz?
Ota-onalarimiz va oldingi avlodlarimizdan meros bo‘lib qolgan odat bu. Bolalar bezorilik qilishi agressiyasi ortida ma’lum psixologik sabablar ham bor. Qo‘rqitishdan oldin boladagi injiqlik sabablarini o‘rganish kerak. Qo‘rquv yordamida biz bola e’tiborini ma’lum bir narsaga qaratishga harakat qilamiz.
Mavjud bo‘lmagan qo‘rqinchli qahramonlarni o‘ylab topib, o‘zimizdagi tarbiya mas’uliyatini yovuz ajina, jahldor amaki, maxluq va boshqalarga o‘tkazgan bo‘lamiz.
Ayniqsa, bolani yo‘rig‘iga sololmagan ota-onalar muayyan kasb egalari bilan qo‘rqitishga harakat qilishadi. Jumladan, shifokorlar, militsiya xodimlari, oiladagi kattalar, otasi, bobo, buvi va boshqalardan foydalanishadi.
Juda kichik bolalar, ko‘rsatma va taqiqlarni hali tushunmaydi, xavf borligini sezmagani uchun ham hech narsadan tap tortmaydi. Doimiy ravishda qo‘rqitishni qurol qilib olsak, biz bolalarimizni qo‘rqoq, ishonchsiz, emotsiyaga beriluvchan qilib tarbiyalaymiz. Agar biz farzandimizdan o‘ziga ishonchi past inson paydo bo‘lishini istamasak, muvozanatni ushlashni bilishimiz kerak.
Maktab yoshigacha bo‘lgan davrda bola kattalar aytganiga ishonadi. Tahdidlar asosli emasligiga ishonch hosil qilgandan keyin ham, bola hali ham ulardan qo‘rqaveradi. Chunki ong ostida bu negativ hissiyotlar muhrlanib qoladi. Erta bolalikda, bolalarda tajriba va tanqidiy fikrlash yo‘q bo‘ladi, shuning uchun bola kattalarga butkul ishonadi.
Shuning uchun bola ajina va “ujas”lar borligiga ishonadi va undan qo‘rqadi. Biroq kattalar qo‘rquv bolaga biron bir nojo‘ya ta’sir qilishiga imkon bermaydi, chegarada ushlaydi deb o‘ylashadi. Lekin aslida, ular bolada bu “maxluqlar” qandaydir tarzda yomon ish qilinganida darhol paydo bo‘ladigan, jazolovchi tasvirini yaratadi. Har gal xato qilib qo‘ysa, ular kelib qolishidan cho‘chib turadi. Qarabsizki, eng kuchli stress bilan bu “maxluqlarni” kutishni boshlaydi.
Agar bola bu qo‘rquvni vaqtida ota-onasi bilan bo‘lishsa, ruhiy jarohatlarning oldini olsa bo‘ladi. Aks holda, ulg‘ayganida bir ish boshlashida xato qilsa, kimdir jazolaydigandek xavotirga tushadigan insonga aylanadi. Kichiklikda esa bu holat uyqu buzilishi, ovqatlanish, tushkun kayfiyatga sababchi bo‘ladi.
Qo‘rquv va keskin chegaralash bolalar bog‘chasi va maktabda har xil nizo va ruhiy zarbalarga sababchi bo‘lishi mumkin. Kattalar nima bo‘layotganini tushuna olmaydi. Keyin, bola ulg‘ayavergach, allaqachon qo‘rquvlaridagi kattalar tomonidan aytilgan jonzotlar kelmasligini tushunadi. Bunday holda, kattalar bola uchun yolg‘onchilar toifasiga kiradi. Keyinchalik ularning barcha so‘zlariga shubha bilan ishonmay ulg‘ayishadi. Bu esa bola tarbiyasi uchun juda achinarli holatdir.
Chunki ertami-kechmi bola onasi va dadasi uni aldaganini tushunadi. Xafagarchilikdan tashqari, bola hammani aldash mumkinligini anglaydi. Hatto kattalarni ham.
Bolani yomon odamlar bilan qo‘rqitish to‘g‘rimi?
Afsuski, yomon odamlar haqiqatan ham mavjud. Bolalar yomon niyatli bola o‘g‘rilari qurboni bo‘lishadi. Bunday “amaki va xolalar” haqiqatda topilishi mumkin bo‘lgan tahdidli shaxs bo‘lishini tushuntiring! Bu juda muhim.
O‘yin maydonchasida sen notanish odamga yaqinlashmasliging kerak, begonaga eshikni ochmaslik kerak, deya bolani ogohlantirish lozim. Ya’ni bola o‘zini himoyalashga o‘rgatiladi. Agar bu qo‘rqitishlarni kattalar o‘z manfaatlari yo‘lida ishlataverishsa, bola hech kimga ishonmaydigan, odamovi bo‘lib voyaga yetadi.
Yana bir qo‘rqinchli amaki bu — militsioner amaki
Qo‘rqitishdan foydalanish bolada jiddiy qo‘rquv rivojlanishiga, xavotir kuchayishiga olib keladi. Bolalar qorong‘ilikdan, uyda yolg‘iz qolishdan qo‘rqishadi. Militsiya nozirini eslatib qo‘rqitish bolaning kelajakdagi fuqarolik pozitsiyasiga zarar yetkazadi.
Ma’lum bo‘lishicha, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi qo‘rquvga sabab bo‘ladigan xarakter ekan. Bola uchun u yovuz odamlar bilan bir qatordagi yomon toifalarga aylanadi. Agar huquq-tartibot xodimi yomon odam bo‘lsa, unda yaxshi odam kim? Militsionerlar va shifokorlardan qo‘rqib ketadigan bolalarning ushbu kasb egalariga ishonmasliklari, og‘ir vaziyatda salbiy ta’sir ko‘rsatishi haqida gapirmasa ham bo‘ladi.
Bola qo‘rqitilayotganida nimani his qiladi?
Avvalo shuni ta’kidlash kerakki, qo‘rqitishning asosiy maqsadi deyarli hech qachon amalga oshirilmaydi: ya’ni bola o‘zi anglagan holda o‘zining axloqini tuzatib, yomon xulq-atvorini to‘g‘rilab qo‘ymaydi. Ayni bunday qo‘rqitilgan paytda bola his qilayotgan narsa — bu qo‘rquv girdobi bo‘ladi.
Bu qo‘rquv nafaqat biror narsaga e’tibor qaratishga to‘sqinlik qiladi, balki yashirin xavflarni ham olib keladi. Ota-onalarning yana bir keng tarqalgan noto‘g‘ri tushunchasi: qo‘rquv bolani o‘zini o‘zi boshqarishga o‘rgatadi, deb o‘ylashadi. Aslida esa, qo‘rquv holatida bola amalda hech narsani o‘rgana olmaydi. U shunchaki qo‘rqqani uchungina gapga ko‘nadi. Mohiyatan vaziyatni anglamaydi.
Qo‘rquv o‘z ichiga psixologik travmadan tashqari, bola bir qator yashirin kasallik komplekslarini oladi. Bu uning keyingi rivojlanishini sezilarli darajada murakkablashtiradi. Hatto balog‘at yoshida ham o‘qish va ishdagi muvaffaqiyatiga ta’sir qiladi.
Qo‘shimcha tarzda atrofdagilarga ishonchsizlik hissi ortadi: birinchi navbatda ota-onalarga, keyin esa butun dunyoga. Qo‘rquv natijasida enurez, duduqlanish, asab tiklari yoki tirnoq tishlash kabi reaksiyalar (kasalliklar) paydo bo‘ladi. Bular esa tabiiyki shunday “tarbiya” metodlari natijasidir.
Qo‘rquvni tarbiyaviy vosita sifatida muntazam ravishda qo‘llash bolaning kattalar bilan suhbatdan qochishi va jur’at yetishmasligiga olib keladi. Endi o‘ylab ko‘ring, nega hozirgi davrda muloqot, notiqlik kurslari va motivatorlarga ehtiyoj ko‘p? Bular bir paytdagi qo‘rquv bergan ruhiy jarohatning asorati.
Qo‘rqinchli hikoyalardagi qahramonlarni qanday almashtirish mumkin?
Birinchidan, bolani faqat uning hayotiga haqiqatan ham zarar yetkazadigan narsalar bilan ogohlantirish, qo‘rqinchli voqea sodir bo‘lishi mumkinligini tushuntirish kerak. Misol uchun, elektr toki, issiq temir, mashina yo‘li va boshqalar.
Ikkinchidan, haqiqatan ham xavfli bo‘lishi mumkin bo‘lgan yuqorida keltirib o‘tganimizdek, begona, niyati yomon bo‘lgan (bola o‘g‘rilari, pedofil) odamlar borligi bilan qo‘rqitish, adekvat va normada kerak. Buning oldini olish uchun bola bilan gaplashing, uni ogohlantiring, lekin buni agressiv holatda emas, balki xotirjam holatda bo‘lganingizda tushuntiring. Agar biron bir “xola” yoki “amaki”, hatto notanish bola unga shirinlik berishni xohlasa va uni uyiga taklif qilsa, rozi bo‘lmasligini uqtirish kerak.
Uchinchidan: bolaning shaxsiyatiga tegmasdan xavfdan ogohlantirish kerak. Ota-onalar ikkita usuldagina bolani qo‘rqitishsiz, ma’lum kutilayotgan axloqiy natijalarga erishishlari mumkin:
1. O‘zi yaxshi namuna bo‘lish.
2. Oilada oqilona qoidalarni o‘rnatish.
Avvalo, ota-onalar barcha holatlarda – ertalab yuvinishdan tortib, turli odamlar bilan muloqot qilishgacha bo‘lgan xatti-harakatlarning to‘g‘ri asoslarini misol qilib ko‘rsatishlari kerak. Bolalar ongsiz ravishda ma’lumotni o‘zlashtirishadi. Hamma narsada ota-onasiga taqlid qiladi. Shuning uchun tarbiyada, shubhali, dahshatli hikoya va ertaklardan foydalanmang”, deydi psixolog.
Charos Mannonova suhbatlashdi
Mavzuga oid
20:23 / 23.11.2024
Qo‘rqinchli filmlar immunitetni mustahkamlashga yordam beradi - tadqiqot
23:10 / 19.10.2024
Inson miyasi har xil turdagi qo‘rquvga qanday javob berishi o‘rganildi
18:00 / 02.09.2024
Xorijda uylanib olgan er, tanglikda qoldirilgan ona va kaltaklanayotgan bola – asl aybdor kim?
20:40 / 25.06.2024