Dollardan qo‘rquv, Ukrainani tiklashga milliardlar, davlat qarzlari - Vashingtondagi “bahorgi uchrashuv”da nimalar muhokama qilindi?
Ukrainani tiklashga 400 mlrd dollar kerak. Braziliya prezidentining dollar global savdoda dominantga aylangani haqidagi xavotiri rivojlanayotgan davlatlar kayfiyatini ifodaladi. Rivojlanayotgan davlatlar qarzi oshib boryapti. Jahon banki va XVFning bu yilgi “Bahorgi uchrashuvlari”da ana shunday global iqtisodiyot holatiga oid masalalar muhokama qilindi.
Jahon banki va xalqaro valuta jamg‘armasi tomonidan har yili o‘tkaziladigan “Spring Meetings” – “Bahorgi uchrashuvlari” o‘tgan hafta (10–16 aprel) yakunlandi. (Bahorda “Bahorgi uchrashuvlar”, kuzda esa “Kuzgi uchrashuvlar” – “Autumn Meetings” bo‘lib o‘tadi.)
Vashingtonda bo‘lib o‘tgan panel uchrashuvlarida davlatlarning moliya vazirlari, markaziy bank rahbariyatlari bank sektoridagi bosim va barqaror inflatsiya, [davlat] qarzlarining oshishi, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi va iqlim o‘zgarishi xavfi ortib borayotgani, dunyodagi qashshoqlik va unga yechimlar masalasini muhokama qildi.
Jahon banki va XVJning bir hafta davom etadigan bahorgi uchrashuvi global iqtisodiyot holatini muhokama qilish uchun moliya vazirlari va markaziy bank rahbarlarini birlashtiradigan katta tadbirdir.
2008 yilgi global krizisga qadar bu uchrashuv faqat “Katta yettilik” (Great-7) davlatlari ishtirokida o‘tgan bo‘lsa, krizisdan keyin “Katta yigirmalik”ka (Great-20) kiruvchi davlatlar moliya vazirlarini jalb qildi. Bahorgi uchrashuv, shuningdek, G-24 guruhiga kiruvchi rivojlanayotgan mamlakatlar moliya vazirlarining uchrashuvlarini ham o‘z ichiga oladi.
Rivojlanayotgan davlatlar qarzi
Rivojlanayotgan mamlakatlarda qarz so‘nggi 50 yil ichida eng yuqori darajaga ko‘tarildi. Yig‘ilishlarda qarzning barqarorligi masalasi ham diqqat markazidan uzoqda bo‘lmadi. Jahon suveren qarz davra suhbatida asosiy e’tibor qarzni qayta rejalashtirish jarayonini tezlashtirish va uni yanada samaraliroq qilish yo‘llariga qaratildi. Davra suhbatida makroiqtisodiy prognozlar va qarz barqarorligini baholash bo‘yicha axborot almashishni yaxshilash zarurligi to‘g‘risida kelishib olindi.
Rivojlanayotgan davlatlar yirik kreditorlar o‘rtasidagi kambag‘al mamlakatlarning milliardlab dollarlik qarzlarini qanday qayta rejalashtirish bo‘yicha bahsni hal qilishni talab qilishdi. Muhokamalar XVF, Xitoy, banklar va obligatsiya xaridorlari kabi kreditorlar o‘rtasidagi qiyin vaziyatdan chiqishga qaratildi.
Global o‘sish sekinlashishi va foiz stavkalari ko‘tarilishi ko‘proq mamlakatlarni qarz inqiroziga olib kelar ekan, inqirozni bartaraf etish harakatlari hozircha yetarli emas. Bahorgi yig‘ilishlar tadbirida qarzning shaffofligini oshirish va tezroq kelishuvlarni amalga oshirish dolzarbligi, mamlakatlarga qarzni samaraliroq boshqarishga yordam beradigan islohotlar zarurligi kabi masalalar ko‘rib chiqildi.
Ukrainani tiklash uchun 400 mlrd dollar kerak
Ukraina bosqinidan keyin bir yildan ko‘proq vaqt o‘tgach, urush mintaqaviy va global miqyosda ulkan insoniy va iqtisodiy azob-uqubatlarni keltirib chiqarishda davom etmoqda. Bu voqea Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vazirlarning uchinchi davra suhbati mavzusi bo‘ldi. Unda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ishtirok etdi. Yaqinda Jahon banki guruhining tezkor zarar va ehtiyojlarni baholashga oid natijalariga ko‘ra, Ukrainani tiklash va qayta qurish xarajatlari hozirda 400 mlrd dollardan oshadi. Jahon banki prezidenti Devid Malpas Ukraina bosh vaziri Denis Shmygal bilan uchrashuvda, uzoq muddatli moliyalashtirish strategiyasi, jumladan, xususiy sektorning roli bo‘yicha konsensusga erishish uchun hisobot natijalaridan foydalanish yo‘llarini muhokama qildi. Jahon banki guruhi urush boshlanganidan beri Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun 23 mlrd dollardan ortiq mablag‘ yo‘naltirdi.
Kuchli dollar
Agar AQSh federal rezerv tizimining stavkalarni oshirishi rivojlanayotgan mamlakatlarga ta’siri haqida muhokamalar bo‘lmaganida, xalqaro valuta jamg‘armasining yig‘ilishlari bo‘lmasdi. Mamlakatlardagi siyosatchilar AQSh foiz stavkalarining oshishi dollar kursini oshirayotganidan va buning natijasida o‘z valutalarini pasaytirib, moliyaviy o‘zgaruvchanlikni kuchaytirayotganidan shikoyat qilyapti.
Bloomberg nashri Xitoyga davlat tashrifi bilan kelgan Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silvaning izohlari dollarning kuchliligi va uning global savdodagi dominantligidan aziyat chekayotgan ko‘plab rivojlanayotgan iqtisodlar haqidagi fikrni umumlashtirdi deb yozdi.
“Oltin pariteti tugaganidan keyin dollar [tijorat] valutaga aylanishiga kim qaror qildi?
Nima uchun davlatlar savdo uchun dollarga bog‘lanib qoldi? Nima uchun “Brics” kabi bank Braziliya va Xitoy o‘rtasidagi, Braziliya va boshqa “Brics” davlatlari o‘rtasidagi savdoni moliyalash uchun valutaga ega bo‘lolmaydi? Bugungi kunda mamlakatlar o‘z valutalariga eksport qilishlari mumkin bo‘lgan paytda, nega eksport uchun dollar ketidan quvishlari kerak?” — dedi u.
XVJ va Jahon bankining oktyabr oyidagi kuzgi yig‘ilishi Marokashda bo‘lib o‘tadi. Ularda ham yuqoridagi kabi tezislar yangrashi kutilyapti.
Ayollar tadbirkorligi masalasi
Bahorgi uchrashuvlarning boshqa tadbirlarida ustuvor mavzular, jumladan, tadbirkor ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish va barqaror rivojlanishda xususiy kapitalning ahamiyati muhokama qilindi. Gender masalalariga bag‘ishlangan sessiyada ayollar boshchiligidagi tadbirkorlik sub’yektlarining moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish va global muammolarni hal qilishda ayollarning rolini e’tirof etish muhimligi ta’kidlandi. So‘zga chiqqanlar texnologiyaning jadal o‘zgarishlari sharoitida xotin-qizlar ortda qolmasligi uchun ularning malakasini oshirish zarurligini muhokama qildi.
“Bill va Melinda Geyts” jamg‘armasi hamraisi Melinda Geytsning fikricha, bolalarga g‘amxo‘rlik ayollarni ishdan saqlaydigan katta omildir. “Agar ota-onalar farzandlarini ishonadigan xavfsiz va arzon joylar bo‘lsa, ayollar mehnat bozoriga kirishadi”, – dedi u.
Madina Ochilova tayyorladi
Mavzuga oid
00:37 / 25.11.2024
Olimlar qahvaning ichakdagi bakteriyalar tarkibiga ta’sirini aniqladi
07:54 / 23.11.2024
Ukraina Jahon bankidan deyarli 5 mlrd dollar oladi
17:27 / 06.11.2024
Jahon banki iqlim o‘zgarishining qishloq xo‘jaligiga ta’sirini baholadi
22:46 / 26.10.2024