“Jigar sirrozini 100 foiz davolaymiz”, “60 yoshda ham hayvon bo‘ling”, “Gijjani bir zumda yo‘qotamiz” - reklamalardagi savodsizlik, uyat va loflar
O‘zbekiston biologik faol qo‘shimchalar bozorining qator reklamalarida lof va yolg‘onlar qorishib ketgan, uyat oddiy holga aylangan, qonunga rioya etmaslik avj olgan va pul uchun hech narsadan toymaydiganlarning katta guruhi shakllangan. Sohani nazorat qiladigan organlarga esa buning ahamiyati yo‘q.
Mamlakatimizda biologik faol qo‘shimchalar bozori tezkor rivojlanyapti va bu jarayonda kompaniyalar xaridorni shiddatli reklama uslubida avrab tashlashyapti. Reklamalarda mubolag‘alarga yo‘l qo‘yilishi, mijozni jalb qilish uchun jarangdor so‘zlardan foydalanilishini tushunish mumkin. Ammo yaqqol qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘yilishi, yolg‘on ma’lumot berilishi va e’lonlar o‘ta savodsizlik bilan taqdim etilishi oddiy holga aylanib ulgurdi.
Biologik faol qo‘shimchalar (BFQ) ishlab chiqaruvchilar asosiy argumentlari sifatida mahsulotlarining dori vositalari emasligi, qonunchilik talablari esa aynan dori vositalariga qo‘llanishini ko‘rsatishadi. Lekin mijozlarning 95 foizi ularga “dori olish” bo‘yicha murojaat qilishganida parvo qilishmaydi, bemor dori vositasi emas, aynan BFQ sotib olayotganiga alohida to‘xtalib tushuntirishni ep ko‘rishmaydi. Nafaqat jimjimador va lofga to‘la reklamalarida, balki qo‘ng‘iroq qilib bog‘lanilganida ham shu qadar og‘iz ko‘pirtirib maqtashadiki, go‘yoki o‘lik yesa tiriladiganday.
Ma’lumot uchun: Biologik faol qo‘shimchalar minerallar, vitaminlar, ozuqaviy tolalar, o‘simlik ekstraktlari, to‘yinmagan yog‘li kislotalar, aminokislotalar va boshqalarni o‘z ichiga olgan tabiiy komplekslardir. Ular ovqatlanishdagi kamchiliklarni bartaraf etib, sog‘lom moddalarni o‘zlashtirishini kuchaytiradi hamda tananing ichki quvvatini kuchaytirib, ko‘plab kasalliklarning xavfini kamaytiradi. Biofaol qo‘shimchalar dori vositalari sirasiga kirmaydi - manba.
Keling, misollarga murojaat qilamiz:
Bu suratdagi oq xalat kiyib olgan ajnabiy amaki o‘zi kim? Qaysi vakolatlar asosida O‘zbekiston ahliga BFQ tavsiya qilyapti? Bu savollarni qo‘yaturamiz va aynan o‘zimizning qora ko‘zlar yozgan so‘zlarga e’tibor qaratamiz – “Jigar xastaligi (sirroz) va qon tozalashni yangi, 100 foiz usuli ishlab chiqildi”.
“100 foiz” so‘ziga alohida urg‘u berayotgan bu shovvozlar nima deyayotganlarini o‘zlari tushunishmaydi. Jigar sirrozi murakkab kasallik bo‘lib, uni nafaqat allaqanday BFQ, balki kompleks davolashda ham bunday natija bilan davolash mutlaq ilojsizdir. Bu kasallikka chalingan bemorlar tirik qolish uchun xorijiy davlatlarda jigar almashtirish amaliyotiga 30-40 ming dollarlab sarflashmoqda.
Keling, shu o‘rinda BFQ reklamasi to‘g‘risidagi qonun talablariga to‘xtalib o‘tamiz. Unda jumladan shunday bandlar bor:
- 2022 yil 8 sentabrdan kuchga kirgan yangi tahrirdagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 35-moddasi bilan ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalarning va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasining tartiblari belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra BFQlar dori vositalari hisoblanadi va (yoki) davolash xossalariga ega, degan taassurotni uyg‘otmasligi lozim;
- Biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasi har bir holda reklama obekti dori vositasi emasligi to‘g‘risidagi ogohlantirish bilan birga berilishi kerak.
Ya’ni BFQning har bir reklamasida bu dori vositasi emasligi alohida qayd etilishi shart. O‘zini juda ko‘plab dardlarga davo hisoblovchi HONEYMOON vositasi reklamasida esa qonunning bu bandiga nafaqat amal qilinmagan, balki BFQ to‘g‘ridan to‘g‘ri “DORI VOSITASI” sifatida ko‘rsatib o‘tilgan.
Nega bunday yo‘l tutilganiga qiziqib, HONEYMOON sotuvchilari bilan bog‘langanimizda sotuv xizmati xodimi biz jurnalistlar ularning faoliyatini tanqid qilishga mutlaqo haqqimiz yo‘qligini bildirdi. Rahbar maqomidagi yana biri esa bu shunchaki marketing xatosi ekanligini, bu vosita 90 foiz (!) bemorlarda ijobiy natija berayotganini, ayollar hatto shu yordamida homilador bo‘lishayotganini bildirdi va bizga jurnalist sifatida jiddiyroq muammolar bilan shug‘ullanishni tavsiya qildi. Bu ancha jiddiy masala ekanligini, alohida maqola qilish niyatida ekanligimizni aytganimizda “Yozaveringlar, biz uchun bu ham yaxshi piar bo‘ladi” dedi. Shunday holatdan o‘ziga foyda qila bilib, piar qila olganlarga qoyil qolmay ilojimiz yo‘q.
QOMUS nomi bilan tarqatilayotgan kapsulalar reklamasiga ko‘ra bu vositalarni ishlab chiqarganlarga bemalol Nobel mukofotini beraversa bo‘ladi. Ma’lumki zamonaviy tibbiyot teridagi oq dog‘lar, ya’ni vitiligo kasalligini hozircha davolash imkonsiz degan xulosaga kelgan. Bu uzoq yillar davomida o‘tkazilgan tadqiqotlar, urinishlar natijasida chiqarilgan xulosa.
Lekin QOMUS kapsulalari egalari boshqacha fikrda. Oppoq ko‘ylak kiyib olgan ko‘rkam yigit mutlaqo jiddiy tarzda “Oq dog‘lardan aziyat chekyapsizmi? Uning davosi bor. Bizning falon vositamizni iste’mol qiling” deganini tibbiyot olamida o‘ziga xos chaqmoq deb atash mumkin.
Sensatsiya haqida to‘liqroq ma’lumot olish uchun kompaniya bilan bog‘langanimizda Asadbek degan yigit vitiligoning davosi borligini aniq tasdiqladi. Bu qay darajada asosli ekanligiga qiziqqanimizda, sog‘lomlashtirish markazi mutaxassisi, o‘zini nutritsiolog deb tanishtirgan Muhammadumar Bobojonov bilan suhbat qiziq bo‘ldi (mazmunan keltiramiz):
– “Vitiligo kasalligining davosi bor” deb reklama qilyapsizlar. Bu kasallikning davosi bormi?
– Endi bu kasallikning davosi yo‘q. Lekin bizning tabiiy mahsulotlarimiz orqali bemorlar shifo topishyapti.
– Demak zamonaviy tibbiyot ma’lumotlari noto‘g‘ri ekan-da. Bu kasallikning davosi bor ekan, nega mazkur ma’lumot biror tibbiy manbada qayd etilmagan?
– Kasallikning davosi yo‘q albatta. Biroq dardni ham, shifosini ham berguvchi Alloh. Biz tavsiya qilgan vositalardan to‘g‘ri foydalansa, inshoolloh shifo topib ketadi...
Xullas, har qancha urinmaylik, bu savolga aniq javob berilmadi.
Alohida mavzu – erkaklar jinsiy zaifligiga qarshi vositalar reklamasi. Bu shu qadar katta industriyaga aylanib ketibdiki, O‘zbekistonda birorta sog‘lom erkak qolmabdi, degan fikrga borib qolish hech gap emas. Bu yo‘nalishda savodsizlik, uyatsizlik va malakasizlik juda oshib ketgan. Reklamalarga e’tibor bering: “Buni ichsangiz xotiningizni 2 soat ...”, “60 yoshda ham hayvon bo‘ling” degan so‘zlar bilan reklama qilayotganlarning tanobini tortadigan biror tashkilot bormikin?
Albatta, rasmiy OAV har qanday reklama singari BFQ reklamasiga ham ma’lum talablar qo‘yadi. Telekanallarda, rasmiy saytlarda jarangdor reklamalar joylashtirilsa-da, yaqqol qonunbuzilishi, yolg‘on ma’lumot joylashtirish holatlarining oldi olinadi. Ammo bunday kompaniyalar yo‘qotilgan maydonni ijtimoiy tarmoqlar, telegram kanallarida osongina topib olishyapti va bilganlarini qilishyapti.
Mana bu satrlarga e’tibor bering:
“Bo‘g‘im og‘riqlarini davolashda ....ga teng keladigani yuq! Qo‘llanishi: Artrit, artroz, podagra, bo‘g‘imlarda suyuqlik yetishmasligi, umurtqa pog‘onasidagi og‘riqlar, suyak yemirilishi, jinsiy zaiflikda, qon virus kasalliklari, yurak kasalliklari, jigar kasalliklari, oshqozon kasalliklari, gijjalardan bir zumda xalos qiladi!”
Lofchidan lofchi o‘zgani shudir-da. Ko‘rsatib o‘tilgan har bir kasallik tibbiyotning jiddiy muammosi, ularni davolashda alohida kompleks shaklidagi shifoxonalar ishlashadi. Lekin bu azamatlar bitta vosita bilan baridan bir zumda (!) xalos qilmoqchi bo‘lishyapti. Bu reklamadagi mahsulot nomini ko‘rsatmadik, BFQchilardan biri aytganidek qora piarga aylanmasin.
Gijjaga qarshi vosita sotuvchilaridan yana biri bilan bog‘langanimizda esa “Biz maxsus apparat yordamida jigardagi qurtlarni tekshiramiz” deb yubordi. “Shunday apparat bormi?” deya so‘ralganida esa “Bizda kosmonavtlarni tekshiradigan uskunalar bor, organizmingizning har bir nuqtasidagi qurtlarni ko‘rsatib beradi” deya butkul lol qoldirdi.
Xulosa qilish mumkinki bugungi BFQ sotuvchilarining aksari:
- Reklama qonunchiligidan bexabar, xabardor bo‘lsalar-da unga rioya etmaydi;
- O‘zlarini nomdor kompaniya hisoblashsa-da, xodimlari konsultatsiya berishda rosa sergap bo‘lishsa-da, malakali shifokor ishlashi tugul, tibbiyotdan elementar xabardor odamlar ham yo‘q;
- O‘zlarini mutlaq haq hisoblashadi, xatosi ko‘rsatilsa, qabul qilmaydi;
- O‘z mahsulotini maqtash chog‘ida aql bovar qilmas gaplarni gapiraveradi va bunga o‘zi ham ishonib qolgan;
- Telefon qilib bog‘langanda, aniq savollar qo‘yilganda masalaga diniy jihatdan yondashib, vaziyatdan chiqishga urinishadi. Ko‘pchiligi reklamalarida qorilar, diniy chiqishlari bilan mashhur insonlardan foydalanishadi va shu yo‘l bilan soddadil aholi e’tiqodini manipulyatsiya qilishadi. O‘zlari tushunmagan holda musulmon musulmonni ranjitmasligi, ramazon kunlarida bunday tanqidlar yaxshi emasligi haqida va’z o‘qishadi, ammo shu bilan o‘z dindoshlarini chalg‘itib pulini olayotganiga to‘xatishni istamaydi. Reklamalarida yaqqol aldab turishsa-da, do‘ppi tor kelganida “Alloh istasa bemor o‘lim to‘shagidan turib ketadi”, “To‘g‘ri, davosi yo‘q, lekin inshoolloh tuzalib ketadi” kabi umumiy gaplar bilan ihotalanishadi;
- Chiqarayotgan reklamalaridagi savodsizlarcha yozilgan matnlarni hatto o‘qib ham ko‘rishmaydi, bu haqda aytilganda mahsulot sotuvchi marketingga oshiradi, marketing ishlab chiqaruvchiga, ishlab chiqaruvchi bu reklamalardan xabardor emasligini bildiradi;
- Vaziyat chigallashsa, “Mahsulotimiz dori vositasi emas” deb turib olishadi. Ammo o‘zaro muloqotda “Dorimiz...” deya maqtab ketishni odat qilishgan.
Qizig‘i, bergan ma’lumotlari bilan qiziqqanimizdan so‘ng ayrim kompaniyalar o‘z reklamalarini ijtimoiy tarmoqlardan shosha-pisha o‘chira boshlashdi. Lekin ular tushunishlari kerakki, ko‘chaga tashlagan chiqindining ustini yopib qo‘yish bilan ish bitmaydi. Asosiy masala o‘sha chiqindini tashlamaslikda.
Vaziyatga Sog‘liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika sohasini tartibga solish va dori vositalari ehtiyojlarini aniqlash boshqarmasi boshlig‘i Otabek Choriyevdan izoh oldik:
– Afsuski bunday reklamalar natijasida ko‘pchilik bemorlar tibbiy tasdiqlangan kompleks davolash uslublaridan chalg‘ib, zarur mutaxassislarga vaqtida murojaat qilishmayapti. Buning ortidan ular o‘z holatini murakkablashtirib, og‘ir ahvolda shifoxonaga tushish holatlari uchramoqda. Fursatdan foydalanib, yurtdoshlarimizdan har xil reklamalarga ishonavermasliklari, kasallik belgilari paydo bo‘lganda birinchi navbatda o‘z hududidagi shifoxonalarga murojat qilishlari, BFQ qabul qilishda albatta O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tganlik sertifikati bo‘lgan mahsulotni oila shifokori yoki tor mutaxassislar bilan maslahatlashgan holda iste’mol qilishlarini so‘rab qolamiz.
Eng muhimi – tibbiyotda murakkab kasalliklar faqat bitta vosita, bu o‘rinda BFQ bilan davolanmaydi. Har bir kasallikka, har bir bemorga alohida yondashuv asosida davolash rejasi ishlab chiqiladi va u bir necha uslubni qamrab oladi.
Reklamalardagi qonunbuzilish holatlariga kelsak, ular bilan tegishli organlar shug‘ullanishini ta’minlashimiz lozim.
Bu xalq aldanishga mahkummi?
Albatta, bu kabi holatlar urchishida tabiatan sodda bo‘lgan ommaning ham o‘ziga yarasha aybi bor. Negadir har doim har qanday kasallikka bitta vosita butkul davo bo‘lishi mumkinligiga ishonuvchilar topilaveradi.
“Guangzhou” klinikasi bemorlarni aldab, ularga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan oddiy dorilarni 2-3 millionga pullab kelayotgani ma’lum bo‘lgandi.
O‘zbekistonga Mulla Mahmud Hasan Kurdistoniy ism-sharifli “tabib” kelganida minglab bemorlar uning qabuliga mushtoq bo‘lib, ayrimlari tavof ham qilib yuborishdi. Toshkentda, Samarqand-u Buxoroda shu qadar ko‘p bemor uning qabuliga keldiki, to‘polon ko‘tarildi hatto.
Shahrixonlik mashhur Hasan “tabib” esa xandon pista chaqish, avval katta kosada, so‘ngra kichikroq piyolada asal suv ichish bilan kasalidan qat’i nazar barcha bemorlarga bir xilda davolanish uslubini ancha vaqt qo‘llab yurdi.
Shuningdek, loyqa suvni shifobaxsh deb ichgan, qaysidir firibgarga ixlos qilib, og‘ziga tuflatgan yuzlab, minglab yurtdoshlarimiz ham mavjudki, soddalar bor ekan darddan osongina xalos qilib tashlovchi takliflar ham saqlanib qolaveradi.
Abror Zohidov
Mavzuga oid
10:31 / 22.12.2024
Bojxona postidan 9 oylik chaqalog‘ining kiyimlariga dori yashirib o‘tmoqchi bo‘lgan ayol ushlandi
15:10 / 13.12.2024
Onkologik kasalliklar davosi haqida reklama joylashtirgan MChJ jarimaga tortildi
15:25 / 05.12.2024
IJQKD dorilar xaridi qonuniyligi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatadi
17:32 / 30.11.2024