O‘zbekiston | 18:16 / 20.04.2023
38412
10 daqiqa o‘qiladi

Strategik masala: O‘zbekiston urug‘chilikda nega xorijga qaram bo‘lib qolmoqda?

Kun.uz muxbiri Qishloq xo‘jaligi sohasining asosi, eng muhim yo‘nalishlaridan bo‘lgan urug‘chilik, seleksiya va milliy genofondni saqlab qolish masalasida intervyu o‘tkazdi.  

Intervyu davomida o‘ta muhim, strategik sohaning qanday qilib xorijga bog‘lanib qolgani, uni rivojlantirish yo‘lidagi qilinishi kerak bo‘lgan ishlar va o‘simlik kasalliklari haqida so‘z bordi.

Dastur mehmonlari Fanlar akademiyasi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti prorektori Xurshid To‘raqulov, shu institut katta ilmiy xodimi Baxtiyor Rasulov va Qishloq xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Jamshid Abduzuhurov bo‘ldi.

— Bugun gaplashadigan mavzumiz ahamiyatini yaxshi tushunadigan ham, tushunmaydigan ham bor. Shuning uchun, keling, intervyu boshida qisqa qilib urug‘chilik, seleksiya, milliy genofond nima o‘zi va u nega muhim degan savolga qisqa-qisqa javob bersangiz. Chunki kimdir aytadi nimasi dolzarb ekan bu masalani, urug‘ bo‘lmasa chetdan olib kelinaveradi-da, shu paytgachayam shunday qilyapmiz-ku, deya.

Jamshid Abduzuhurov:

— Oxirgi yillarda oziq-ovqat xavfsizligi haqida juda ko‘p gapiryapmiz. Oziq-ovqat xavfsizligining asosida urug‘chilik yotadi. Qachonki mamlakat o‘zini yaxshi, sifatli urug‘lar bilan ta’minlay oladigan darajada bo‘lsa, shunda oziq-ovqat xavfsizligining asosiy muammosi yechilgan bo‘ladi. Har bir mamlakat o‘zining urug‘chilik tizimiga va siyosatiga ega bo‘lishi kerak.

Xurshid To‘raqulov:

— Urug‘ — qishloq xo‘jaligida ekiladigan ekinlarning xususiyatini saqlovchi va davom ettiruvchi vosita. 21 asrga kelib, qishloq xo‘jaligida urug‘chilik ahamiyati yana ham oshib ketdi. Nima uchunki, asr boshlarida qishloq xo‘jaligidagi ekinlar navi kam va xususiyatlari bir-biriga yaqin edi, bugun esa tur, navlar va ularning xususiyatlari ko‘payib ketdi.

Ikkinchi tarafdan esa qishloq xo‘jaligiga ta’sir qiluvchi iqlim o‘zgarishi, qurg‘oqchilik, har xil kasallik kabi omillar ko‘paydi. Shunday vaziyatda chidamli navlar yaratish orqali katta xavflarning oldini olish mumkin.

Baxtiyor Rasulov:

— Agar biz o‘zimizning milliy genofond ostidagi urug‘chilikni tashkil etmasak, xorijga bog‘lanib qolamiz va shu orqali qishloq xo‘jaligida turli kasalliklarning ko‘payishiga olib keladi. Bunday holatda qishloq xo‘jaligi katta xavf ostida qoladi. Urug‘chilik o‘simlikdagi kasalliklarni tashuvchi birlamchi bo‘g‘in. Shuning uchun ham oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda milliy genofondning ahamiyati katta.

— Bugun O‘zbekistonda urug‘chilik, milliy genofond sohasining ahvoli qanday? Men intervyuga kirishda bu soha yo‘qolib ketish arafasidagi bir soha ekan, degan xulosaviy bir fikr aytdim. Bu gapim soha va unda mehnat qilayotganlar ko‘zi bilan qaraganda juda og‘ir ekanini bilaman. Xo‘sh, oshirib yubordimmi yo sizlar ham qo‘shilasizlarmi bu fikrga?

Xurshid To‘raqulov:

— Oxirgi yillardagi dolzarb masala bu. Biz bugun mavzuni ochiq-oydin muhokama qilishimiz kerak, bo‘lmasa, muammolarga javob topolmaymiz. Ko‘pchilik biladi, aksariyat qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘i masalasida xorijga qaram bo‘lib qolganmiz. Mustaqillikning dastlabki yillarida faqat poliz mahsulotlarida chetdan urug‘ olib kelingan bo‘lsa, hozir boshqa ekinlarga ham urug‘ chetdan kelyapti. Gollandiya, Isroil kabi davlatlardan keladi asosan. Masalan, Isroilda qurg‘oqchilik yuqori, Gollandiyada esa quyosh nuri yetishmaydi. Ularning urug‘lari o‘z sharoitiga mos. Aslida imkoniyat jihatdan biz ularga urug‘ sotishimiz kerak edi.

Baxtiyor Rasulov:

— Xorij urug‘lariga bog‘lanib qolganimizdan tashqari, yana bir eng katta xavf — katta kasalliklar kirib kelishi. Ko‘pchilik urug‘lar O‘zbekistondagi biotik stressga chiday olmay, kutilgan natijani bermayapti. Qayta ekish holatlari uchrayapti.

— Jamshid aka, siz Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakili, aytilayotgan shu katta yo‘nalishga mas’ul organ xodimisiz. Olimlar ko‘zi bilan qaraganda sohaning ahvoli bu. Vazirlikdagilar qanday ko‘radi sohaning bugungi ahvolini? Siz aytilayotgan fikrlarga qo‘shilasizmi yo endi olimlar oshirib yuboryaptimi?

 

Jamshid Abduzuhurov:

— Yuqoridagi fikrlarga qisman qo‘shilaman. Misol orqali tushuntirmoqchiman. Bir yilda O‘zbekistonga 650 ming tonna kartoshka urug‘ligi kerak bo‘ladi. Buncha miqdordagi urug‘ni chetdan olib kelib bo‘lmaydi. Shuning uchun urug‘chilik xo‘jaliklarida yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan yili O‘zbekistonga 22 ming tonna kartoshka urug‘ligi kirib kelgan, bu katta foizni tashkil etmaydi 650 ming tonna ichida. 2 ming tonnadan ortiq sabzavot urug‘lari kerak bo‘ladi bizga, chetdan esa 82 tonna kelgan. Ko‘rinyaptiki, O‘zbekistonda dastlabki urug‘chilik tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi ilmiy tadqiqot institutlariga oxirgi yillarda katta e’tibor berilyapti. Jahon banki va xorijiy institutlar hisobidan 500 mln dollar jalb qilindi. Laboratoriyalar tashkil etilyapti.

Xurshid To‘raqulov:

— Ekin turlari ko‘p. G‘o‘za o‘simligi urug‘i bilan O‘zbekiston o‘zini-o‘zi ta’minlay oladi, muammo yo‘q. Bug‘doychilikda qisman shunday. Qovunchilikda ham to‘liq mahalliy urug‘lar ekiladi. Ya’ni yo‘q emas yo‘lga qo‘yilganlari. Lekin afsuski, o‘zimizda qilish imkoniyati baland bo‘lgan ayrim ekinlar chetdan kelyapti. Masalan, makkajo‘xori, aslida ancha oson bu o‘simlik urug‘ini yetishtirish. Umuman, aksariyat ekinlarda shunday chetga qaramlik bor.

— Xo‘sh, urug‘chilik masalasida chetga qaramlik qanday paydo bo‘ldi? Kim, qayerda va qanday xato qildi?

Xurshid To‘raqulov:

— Mahalliy urug‘larimiz bor edi. Nimaga dehqonlar xorijnikini ekib boshladi? Masalan, piyozning Qorako‘l navi bor bizda, u 35 tonna hosil beradi, chetniki esa, deylik, 100 tonna hosil beradi. Ya’ni raqobatbardoshlik bo‘lmadi. Mahalliy navlarning potensial imkoniyatlari xorijnikidan ancha past.

Xorijda urug‘chilik rivojlanishiga sabab seleksiyadagi genetika kuchaydi 20-asr oxiri va 21-asr boshlarida. Hozirda molekulyar genetika fanining imkoniyatlari keng urug‘chilikda, biz esa ortda qolib ketdik bu sohada. Yosh mustaqil davlat bo‘lganimiz uchun bu sohaga katta mablag‘ ajratishga imkoniyatimiz bo‘lmagan. Institutlarimiz ahvoli esa og‘ir edi. Fundamental sabab shular.

Bizga endi mablag‘ kiritilyapti, lekin shunda ham to‘liq deb bilmayman. Rivojlangan davlatlarda ilm-fanga budjetning katta qismi ajratiladi, bizda esa unday emas. Shunday bir holatda biz raqobatda yenga olmaymiz chetni. Budjet oshirilsa, olimlarimizning salohiyati yetadi bizda ham.

Jamshid Abduzuhurov:

— Yaqin o‘tmishda qishloq xo‘jaligi institutlari budjetdan moliyalashtirilmas edi. Masalan, Sabzavotchilik ilmiy tadqiqot instituti hozirda yuqori imkoniyatli texnologiyalar bilan jihozlangan. Kartoshkachilik laboratoriyasida yangi avlod kartoshka urug‘larini yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. Keyingi bir-ikki yilda dehqonlarga yetib boradi.

Milliy genofond bilan shug‘ullanuvchi institut bo‘lmagan bizda. Qishloq xo‘jaligi vazirligi qoshida qayta nomlangan holda Genetika instituti ochilgan hozir. O‘simliklarning genetikasini rivojlantirish bo‘yicha ishlar olib borilyapti.

Xurshid To‘raqulov:

— Chetdan urug‘ kirib kelishi 1995 yildan boshlangan bo‘lsa, yildan o‘tgan sari ekin turi va hajmi oshib bordi. Tegishli tashkilotlar chora ko‘rishi kerak edi. Bugun esa yanayam qaramlik kuchayib ketdi. Bu narsa milliy xavfsizlik masalasi aslida. Ikkita-uchta ilmiy tadqiqot instituti hozirgi imkoniyati bilan bozorimizni ta’minlay olmaydi. Sabzavotchilik ilmiy tadqiqot institutini olsak, faqat urug‘chilik emas, agrotexnologiya, himoya kabi yo‘nalishlari bor. Bu borada alohida strategik loyiha bo‘lishi kerak, menimcha. Maxsus markazlar ochish masalasi ko‘rilishi kerakdir. Zamonaviy tadqiqot markazlaridan tashqari kadrlar masalasi ham bor. To‘g‘ri, oxirgi paytda texnologiyalar kelyapti, mablag‘ jalb qilinyapti. Lekin oliy ta’limdagi kadrlar yetishtirish muammosini ham hal etish kerak. Yosh kadrlarni, talabalarni rivojlangan mamlakatlarga malaka oshirishga yuborish lozim. Kamida 1-2 yil bo‘lishi kerak bu malaka oshirishlar.

Milliy genofond masalasi doimiy dolzarbligicha qoladi. Ayniqsa, bizning mintaqada. Masalan, olmaning vatani O‘rta Osiyo va Xitoy, lekin hozir yovvoyi olmalarni topishimiz qiyin bo‘lyapti. Flora yo‘qolib boryapti.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Javog‘ir G‘ayratov.

Mavzuga oid