Jahon | 15:00 / 21.04.2023
8286
3 daqiqa o‘qiladi

Alek Bolduindan operatorning o‘ldirilishi bo‘yicha ayblov olib tashlandi

Foto: Reuters

Operator Galina Xatchinsning suratga olish maydonchasidagi o‘limi ishi bo‘yicha tergovchilar so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda qo‘shimcha tergov va ekspertiza o‘tkazishni talab qiluvchi faktlar oshkor bo‘ldi. Ayni paytda, Alek Bolduinga qo‘yilgan ayblovlar olib tashlandi.

Yanvar oyida amerikalik aktyor Alek Bolduinga qo‘yilgan odam o‘ldirish bo‘yicha ayblovlar bekor qilindi, biroq tergov davom etadi. Bu haqda 20 aprel, payshanba kuni Santa Fe (Nyu-Meksiko shtati) okrug prokuraturasi tomonidan tayinlangan maxsus tergovchilar ma’lum qildi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, keyingi kunlarda qo‘shimcha tergov va sud-tibbiy ekspertiza o‘tkazishni talab qiluvchi yangi faktlar paydo bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, 65 yoshli aktyorga keyinroq yangi ayblovlar qo‘yilishi mumkin.

42 yoshli tasvirchi Galina Xatchins 2021 yil oktyabr oyida «Zang» vesternini suratga olish vaqtida o‘ldirilgandi. Sahnalardan birida bosh rol ijrochisi bo‘lgan aktyor va prodyuser Alek Bolduin to‘pponchadan soxta o‘q uzishi kerak bo‘lgan, ammo qurol haqiqiy o‘q-dorilar bilan to‘ldirilgan, to‘pponchadan uzilgan o‘q tasodifan operatorga kelib tekkan va u shifoxonada olgan jarohatlaridan vafot etgan. Qanday qilib jangovar o‘q-dorilar to‘pponchaga solib qo‘yilgani hozirgacha noma’lumligicha qolmoqda.

31 yanvar kuni Nyu-Meksiko shtati prokuraturasi Alek Bolduin hamda suratga olish maydonchasida qurol va o‘q-dorilar uchun mas’ul bo‘lgan Xanna Guteres-Ridga nisbatan qotillik ayblovini qo‘ydi. Ular o‘z ayblarini inkor etdi.

Mart oyi oxirida suratga olish maydonchasida xavfsizlik uchun mas’ul bo‘lgan rejissyor yordamchisi Devid Xolls olti oylik shartli qamoq jazosiga hukm qilindi. U aybini prokuratura bilan kelishuvning bir qismi sifatida tan oldi. 

Ayni paytda, «Zang» filmining suratga olish ishlari davom etmoqda. Marhum kinooperatorning eri Metyu Xatchins loyihaga ijrochi prodyuser sifatida qo‘shiladi. Bu qaror suddan tashqari kelishuvning bir qismi bo‘ldi - buning evaziga u fuqarolik da’vosini qaytarib oldi. 

Mavzuga oid