Jahon | 07:54 / 21.04.2023
31805
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning Su-34 harbiy samolyoti Belgorodga aviabomba tashlab yubordi

Rossiya Mudofaa vazirligi hodisani «aviatsiya o‘q-dorisining g‘ayritabiiy tushib ketishi» deb atadi. Portlash oqibatida ikki kishi yaralangan.

Foto: Telegram / Vyacheslav Gladkov

Belgorodning markaziy qismida 20 aprel, payshanba kuni kechqurun aviabomba portlab ketdi, uni Rossiyaning Su-34 harbiy samolyoti shaharga tashlab yubordi. Rossiya Mudofaa vazirligi hodisani «aviatsiya o‘q-dorisining g‘ayritabiiy tushishi» deb atadi. «20 aprel kuni HKK Su-34 samolyotining Belgorod shahri uzra parvozi chog‘ida aviatsiya o‘q-dorisining g‘ayritabiiy tushishi sodir bo‘ldi. Natijada turar joy binolariga shikast yetgan, jabrlanganlar yo‘q. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda», deyiladi vazirlik bayonotida. Mudofaa vazirligi boshqa tafsilotlarni oshkor qilmadi.

Avvalroq Belgorod viloyati gubernatori Vyacheslav Gladkov o‘zining Telegram-kanalida portlashdan so‘ng «markaziy ko‘chalardan birining (Vatutina – Gubkin) chorrahasida radiusi 20 metr bo‘lgan ulkan o‘ra hosil bo‘lganini yozgan edi. «Yaqin-atrofdagi turar joy binosining oynalari singan, portlash natijasida to‘xtab turgan bir nechta mashina shikastlangan va elektr uzatish liniyalari ishdan chiqqan», — deyiladi uning postida.

Keyinroq Gladkov hodisa natijasida ikki kishi jarohatlanganini aytdi: «Ahvoli o‘rtacha og‘irlikdagi ayol 2-sonli shahar kasalxonasiga yotqizildi. Ikki ayol kasalxonaga yotishdan bosh tortdi, barcha zarur tibbiy yordam joyida ko‘rsatildi». Bundan tashqari, gubernatorning so‘zlariga ko‘ra, Belgorodda ko‘p qavatli uydagi to‘rtta xonadon va to‘rtta avtomobil shikastlangan.

Ayni paytda, «Jyest Belgorod» Telegram-kanali portlash natijasida zarba to‘lqini ta’sirida avtomobil «Pyaterochka» do‘konining tomiga kelib tushgani haqida yozgan.

Mavzuga oid