Jamiyat | 10:20 / 22.04.2023
44163
9 daqiqa o‘qiladi

“Sizga pul topish qiyin emas-ku, bizdan qizg‘anyapsizmi?” – o‘z qizlaridan ro‘shnolik ko‘rmagan musofir ayol hikoyasi

“Yuragimni ushlab yiqilganimni bilaman, u yog‘ini eslolmayman. Ko‘zimni ochsam ustimda ikkala qizim o‘tiribdi. Oyi, shu mashmashalar sizga nimaga kerak, uyni sotib pulini ikkimizga teng bo‘lib bering, o‘zimiz qarayveramiz sizga. Bir kun birimiznikida, yana bir kun boshqamiznikida yashayverasiz, degan gaplarni eshitib ich-ichimdan xafa bo‘lib ketdim”.

Foto: Kun.uz

Har bir inson bolasini o‘zidan ko‘proq yaxshi ko‘radi, o‘zi yemay yediradi, kiymay kiydiradi. Men ko‘rmagan kunlarni ko‘rsin, baxtli yashasin deb o‘zini o‘qqa, cho‘qqa uradi.“Hayotiy hikoyalar”ning bu galgi qahramoni umrini farzandlariga fido qilgan, ularga to‘kin hayot yaratib berish uchun musofir yurtlarda ishlagan ayollardan.

“Ikki farzandli bo‘lganimizda ham ijarada yashardik. Erim uyimiz yaqinidagi zavodda qorovul bo‘lib ishlardi. Navbatchiligi yo‘q bo‘lgan kunlari mardikorlik qilib pul ishlardi. Men uyda bolalarimdan ortib u bu narsa pishirib sotardim. Ro‘zg‘orimizga harna, yordam bo‘ladi, derdim.

Ba’zida qo‘shnilarimiznikiga mehmon kelsa chiqib ishlariga qarashar, ular chiqaradigan mayda-chuydalarga bolalarim qorni to‘yganiga xursand bo‘lardim.

Qizlarimiz yuqori sinfga o‘tganida ham turmushimiz o‘nglanmadi. Aksincha, kundan kunga bolalar bilan ularning xarajatlari ham o‘sib borar, kvartira pulini ham bazo‘r to‘lardik.

Hademay bo‘yi yetadi, birov eshigimni taqillatib keladigan uyimiz ham yo‘q, qizlarimning kelajagi nima bo‘ladi deb er-xotin kechasi bilan o‘ylanib chiqardik. O‘ylab-o‘ylab axiyri men chet elga ketadigan bo‘ldim. Erimning sog‘lig‘i yaxshi emasdi, chet elga borgani bilan erkak kishiga yengil ish bo‘lmasa. Qora ishda ishlolmaydi.

Tobi qochsa musofir yurtda kim koriga yaraydi? Ayollar bola qarab, uy tozalab ham yaxshi haq olishadi-ku, degan qarorga keldik. So‘rab-surishtirib tanishlar orqali uyiga xizmatchi izlayotgan chet ellik ayol bilan bog‘landim.

O‘rtada turgan tanishim gaplashib berdi. Ish hal bo‘ldi. Qarz-havola qilib bilet oldik. Qizlarimning biri 12, biri 14 yoshda edi. Ularni tashlab ketish oson bo‘lmadi. Bir ko‘nglimni oilam bilan qoldirib ularning kelajagi uchun umrimda ko‘rmagan, bilmagan yurtimga ishlash uchun ketdim. Xudoga shukur, aldamagan ekan, yaxshi insonlarning qo‘liga tushdim. Uyda xizmatchi bo‘lib ishlaganim uchun yotoq joyi, yeb-ichishga pul sarflamasdim.

Avvaliga bilet pulini tezroq to‘plab qarzimdan qutulishini o‘ylagan bo‘lsam, keyin endi uyga yig‘inishim kerak, degan o‘y tunlari uyqu bermasdi. Hammasidan oilam sog‘inchi azob berardi. Qizlarimni biram sog‘inardim.

Har gaplashganimizda mendan xavotir olmanglar men yaxshiman, derdim. Garchi oson bo‘lmasa-da, xavotir olishlarini istamasdim. Bir yil bitta joyda ishladim. Qarasam bu ahvolda hali-beri uyga yetadigan mablag‘ to‘play olmas ekanman. Ikkinchi yildan yana bir joydan ish oldim. Endi ikkita ishda ishlay boshladim. Yoshman, quvvatim, g‘ayratim bor. Ishlayverdim. Tezroq uyga yetadigan pul jamg‘arsam-da oilam bag‘riga qaytsam.

Ikki yil deganda O‘zbekistonga qaytdim. Butunlay emas, bir oyga keldim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, shuncha vaqt ishlab jo‘natgan pullarim yig‘ilmagan. Qizlarimning shkafi kiyimlarning ko‘pligidan yorilaman deydi. Har birining qo‘lida qimmat telefon. Uyda ovqat qilmay qo‘yishibdi. Buyurtma qilib yeyisharkan.

Men bir vatanli bo‘lay deb musofir yurtda odamlarning xizmatini qilib, kir-chirini yuvib yursam, bular bu yoqda yallo qilib, pulni havoga sovurib yurishibdi. Dadasiga bu nima ahvol desam, onasi yonida emas, qizlarimning ko‘ngli o‘ksimasin, dedim deydi.

Sizga pul topish qiyin emas-ku, bizdan qizg‘anyapsizmi, deb qizlarim xafa bo‘lsa bo‘ladimi? Nega qiyin bo‘lmaydi, qayerda pul sochib qo‘ygan ekan? Farzandlarim qiynalib mehnat qilayotganimni ko‘rmay katta bo‘layotgani uchunmi menga ichi achimayotgan edi ularning.

Dadasiga endi pul jo‘natmasligimni, oyligini ro‘zg‘orga yaratib turishini aytib, yana ishga otlandim. Bir ko‘nglim qizlaringning oldida qol, ular ayni tarbiyangga muhtoj. Hozir tarbiya qilmasang keyin kech bo‘ladi, desa yana bir ko‘nglim endi pul yig‘ib uy olguningcha sabr qil, bolalaringning kelajagi uchun ham bu kerak derdi.

Xullas, ketdim. Uch yil ishladim. Tish-tirnog‘im bilan pul yig‘dim. Shu uch yilda, ishonmasligingiz mumkin, bitta ham yangi ko‘ylak olib kiymadim.

Qaytganimdan so‘ng o‘zimiz yashab turgan joyning ikkinchi qavatidan uch xonali uy oldim. Mendan baxtli odam bor ekanmi o‘sha lahzada. Endi o‘z uyim bor, kvartirada yurish azobidan qutuldim. Endi erim topganiga qanoat qilib, qizlarimning tarbiyasi bilan shug‘ullanaman, dedim.

Lekin bizning rejalarimiz doim ham amalga oshavermas ekan. Bu orada turmush o‘rtog‘im vafot etdi. Ular ishlagan zavodga farrosh bo‘lib ishga kirdim. Sog‘lig‘imni ancha yo‘qotgan edim. Ayniqsa, xo‘jayinimning vafoti menga yomon ta’sir qildi. Uzoqda yurganimda ham ularning borliklarini his qilib turardim...

Qizlarim ham bo‘y yetib qolgandi. Vaqti-soati bilan seplarini qilib uzatdim. Ana shundan keyin haqiqiy mashmashalar boshlandi. Kichik qizimning sepi uchun olgan qarzlarimni uzib bo‘lmasimdan qaynonasi eriga qo‘shib quvib yubordi. Seplari yoqmagan emish.

Bir muddat menikida turishdi. O‘z uyimda o‘zim xijolat bo‘lib yashaydigan bo‘lib qoldim. Kuyovim istagancha uxlaydi, ustida bitta maykasi bilan ham ovqatlangani chiqadi. Ro‘zg‘orga bitta non ham ko‘tarib kelmaydi.

Oxiriyam chidolmadim, qizim xafa bo‘lma, kvartira olib chiqib ketinglar, qaynonangga ham insof berib qolar. O‘zi mazam yo‘q. Uyimda bemalol dam ololmayapman, yasholmayapman, dedim.

“Oyi, shu uyni sotib bir xonali bo‘lsayam uy obering, qolgan puliga o‘zizga uy olasiz”, deydi. Bu gapni daragini katta qizim qaydandir eshitib yetib kelibdi. Uyni sotsangiz yarim pulini menga berasiz, unga berib menga bermaysizmi, meniyam haqqim bor, dedi.

O‘lar bo‘lsam o‘lib bo‘ldim. Yuragimni ushlab yiqilganimni bilaman, u yog‘ini eslolmayman. Ko‘zimni ochsam ustimda ikkala qizim o‘tiribdi. Oyi, shu mashmashalar sizga nimaga kerak, uyni sotib pulini ikkimizga teng bo‘lib bering, o‘zimiz qarayveramiz sizga, bir kun birimiznikida, yana bir kun boshqamiznikida yashayverasiz, degan gaplarni eshitib ich-ichimdan xafa bo‘lib ketdim.

Nahotki shu qizlarni men tug‘gan bo‘lsam, qaysi gunohim uchun bular shunchalar bemehr bo‘lib ulg‘ayishdi. Shularni deb besh yil tinim bilmay ishlab sog‘lig‘imni yo‘qotdimmi? Iltimos, ketinglar. O‘lsam keyin uyni bo‘lishib olaverasizlar. Ungacha yashab turishimga qo‘yinglar. Kelmasalaring ham mayli. Bu yerda meni necha yillik qo‘shnilarim bor. Shular holimdan xabar olib turishibdi.

Uyni sotganimdan keyin kimni yuziga sarg‘ayaman. Ikkoving ham, ket, iltimos dedim-u, yuzimni o‘girib yotaverdim. Ikkisi ham ketdi. Bir og‘iz kechirim so‘rashga yaramadi.

Shu uyda erim yashamadi, kim biladi men ham qancha yashayman? Bolalarimga tarbiya berishim kerak bo‘lgan vaqtda ketganimga ming pushaymonman. Vaqtida berolmagan tarbiyamning azobini endi umrimning oxirigacha torsam kerak. Endi ularni o‘zgartirolmayman. Ayni dunyoqarashi shakllanadigan vaqtda yonida bo‘lolmadim. Ularga ona emas, ta’minotchi vazifasini o‘tadim, xolos.

O‘lsam ham o‘ligim sen sol, men sol bo‘lmasa edi. Shunda ham qizlarim birinchi navbatda kelib uy talashadi”, deya xo‘rsinib hikoyasini yakunladi ayol.

Charos Mannonova suhbatlashdi

Mavzuga oid