Jamiyat | 12:11 / 23.04.2023
35405
8 daqiqa o‘qiladi

“Erkak kishi boqimandalikka o‘rgansa yomon bo‘larkan” - oilasini boqaman deb yarimjon bo‘lgan ayol hikoyasi

O‘zbek ayollari qirqqa yaqinlashgan sari yoshiga nisbatan katta ko‘rinib qoladi. Bu ularning o‘z gardaniga keragidan ortiq mas’uliyat ortishidan, ro‘zg‘or, bola-chaqa tashvishida o‘zini parvarish qila olmasligidan. “Hayotiy hikoyalar”ning bugungi qahramoni ham ana shunday ayollardan biri. Yoshligida o‘zini o‘qqa-cho‘qqa urib, ro‘zg‘or aravasini bir o‘zi tortgan ayol, bugun o‘zini ko‘tarishga ham kuchi yetmaydi.

Foto: Kun.uz

“Ota-onam birgalikda mehnat qilishganini ko‘rib katta bo‘lganman. Ular bir-birlarini avaylashardi. Onam topganini otamning qo‘liga tutardi. Otam ham tinim bilmaydigan mehnatkash inson edi. Ularning siymosida men oila shunday bo‘ladi degan tushuncha bilan katta bo‘lganman.

Turmush o‘rtog‘imning ota-onasi yo‘q edi. Amakisining qo‘lida katta bo‘lgan, soddagina yigitdan sovchilar kelganda otam o‘ylab ham o‘tirmadi. Yetimga yaxshilik qilish savob, sepi ham kerakmas deb uzatib yubordi.

Er-xotin qo‘sh ho‘kiz deyishadi. Ro‘zg‘or aravasini birga tortib, kam-ko‘stlarini to‘ldirib, farzandlarni uyli-joyli qilib yurishganiga nima yetsin, deb o‘ylardim. Lekin ayol kishi ko‘p ham o‘zini qiynayverishi kerak emas ekan.

Erimning amakisi hovlisi etagidagi yerni uy solishimiz uchun bizga ajratib berdi. Ota-onamning tarbiyasini olgan emasmanmi, loy qorsa loyga, g‘isht quysa g‘ishtga tushdim. Erim bilan tengma teng ishlab, uy ko‘tardik.

Ikki xonani yashasa bo‘ladigan holga keltirib ko‘chib o‘tdik. Erim qishloqdagi u-bu ishlarni qilar, shuning orqasidan bir kunimiz o‘tib turardi. Men ham bekor o‘tirmay deb yerning bir qismini chopib ekin eksa bo‘ladigan holga keltirdim. U-bu narsalar ekdim.

Erim yomon inson emas, faqat ishni o‘zi bilib-bilib qilmasdi. Unga nima qilish kerakligini aytib turish kerak edi. Lekin erimga ish buyurishga xijolat bo‘lib, o‘zim qilib qo‘yaverardim.

Bu orada farzandli bo‘ldik. Uyimiz quvonchga to‘ldi. Shu bilan birga chiqimlarimiz ham ko‘paydi. Erim sovuq kunda shaharga borib mardikorchilik qilib yurdi. Gohida qo‘li bo‘sh qaytar, gohida to‘lib-toshib keladigan bo‘ldi. Xullas, qishdan bir amallab chiqdik.

Lekin erim yaxshigina shamollagan ekan. Bir muddat yotib qoldi. Qo‘limda yosh bolam, erimning amakilari ham katta oila, o‘zlaridan ortmaydi, ota-onamdan pul so‘ragani uyalaman, ularning ham o‘ziga yarasha xarajati bor.

Maslahatlashib, Toshkentga qatnab savdo qiladigan qo‘shnimiz bilan ishlaydigan bo‘ldim. Bolamni onamga tashlab qo‘shni ayol bilan yarim kechasi poytaxtga yo‘l oldim. Yangiobod bozorida ishlatilgan buyumlar sotilarkan, ro‘zg‘orga kerak bo‘ladigan nima bo‘lsa, qozon, choynak va boshqa idishlarni shu yerdan oldik.

Og‘irligidan ko‘tarolmay arava yolladik. Poyezdda viloyatimizga ham yetib keldik. Endi uni uyga olib borish ham bir azob bo‘ldi. Uyga olib kelib hamma idishlarni yuvdim. Qoraygan qozonlarni oqartirish oson bo‘lmadi. Odatda qoraygan qozonni olovga qo‘yib, kuydirib tozalanadi. Kuydirayotganimda erib ketganlari ham bo‘ldi. Shunday paytlar alam qilib yig‘lab ham olardim.

Mehnati og‘irligini aytmaganda yaxshi pul qolarkan. Ishlatilgan idishlarni olib kelib, tozalab yangidek qilib, yangidan arzonroq, lekin olganimdan ancha qimmat narxga sotish mumkin ekan. Shunday qilib bir-ikki so‘m ishlab, pul topish yoqib qoldi.

Charchasam ham topadigan daromadim kuch bera boshladi. Haftada bir kun Toshkentga borib kelardim. Yana bir kun idishlarni tozalashga ketar, qolgan kuni qishloq bozoriga olib borib sotardim.

Avvaliga erimni davolatdim. Bir hafta ukol-dori olganidan so‘ng oyoqqa turdi, bir oy uyda yotib kuch-quvvatini tiklab oldi. Lekin avvalgidek shijoati yo‘q edi. Ish aytib kelgan qo‘shnilarga rad javobini bera boshladi. Dadasi, nega ishlamayapsiz, desam sen yaxshi topayotgan bo‘lsang, arzimagan pulga ishlab nima qilaman, deydigan odat chiqardi.

“Tovar” oladigan pulimdan tashqari daromadimni erimga topshirardim. Boshida xijolat bo‘lardi, bora-bora o‘zi so‘rab oladigan bo‘ldi. Erkak kishi boqimandalikka o‘rgansa yomon bo‘larkan. O‘zini biram avaylaydi, og‘ir ish qilgisi kelmaydi, ishlang desam, kichkinagina oilamiz bo‘lsa, topganing bemalol yetib turibdi-ku, degan gapni takrorlardi.

Borib-kelib yurib tajribam oshdi. Erimga siz sotsangiz-chi, desam, qo‘y onasi, men uyalaman, dedi. Bozordagi sotuvchilarga tarqatib, keyin pulini yig‘ib oladigan bo‘ldim. Barakasini beraman desa hech gap emas ekan. Pul sanashga ham majolim qolmasdi. Olib kelib erimning oldiga to‘kardim. O‘zi bittalab taxlab, sanab chiqardi-da, keragini berib, foydani olib qo‘yardi.

Shu tarzda yillar o‘tdi. Uyni ko‘tarib yopdik. Qizimni o‘qitdik. Og‘ir yuk ko‘tarish natijasida umurtqamning bir nechta joyidan grija bo‘ldim. Boshida og‘riqlarga e’tibor qilmadim. Lekin baribir u zo‘r keldi. Qadam ham bosolmay qoldim.

Erimga ishimni davom ettiring, siz olib kelib bering, men yuvib tozalayman, desam unamadi. Avval ham birga ishlashni rad etgandi. Bu ish meni qo‘limdan kelmaydi, dedi. Pulim borida ishli bo‘lib qolsin deb bir fabrikaga oshpaz yordamchisi qilib ishga joylab qo‘ydim.

Shu ishda ishlab ketdi. O‘rnimdan qo‘zg‘alolmaydigan bo‘lib qolganimdan so‘ng doktorga yotdim. Taxtaga tayyor bo‘lmaguncha shifokorga kelmaydi bu o‘zbek ayollari, deb doktor rosa urishdi. Chindan kelolmasdim, qizimni chiqardim, erimni ishga joyladim, uy-joyimni ko‘ngildagidek qildim, endi dam olsam bo‘ladi, deb o‘yladim.

Lekin adashgan ekanman. Bir jonimga nechta xastalikni chiqarib berdi. Xuruj qilganda o‘rnimdan qo‘zg‘alolmay qolaman. Har olti oyda yotib davolanmasam bo‘lmaydi. Erim ham meni avaylaydigan bo‘ldi.

Gohida alam qiladi, shuncha yil asramay, endi sog‘lig‘im yo‘qolganda avaylaganini boshimga uramanmi, deb. Keyin darrov o‘zimga kelaman. Shu holimda ham ishlamay yotganda, ishlab turaver, o‘lmaysan, deganda nima qilardim, deyman.

Qizimning hayoti menikidan butkul farqli ko‘rinishda kechmoqda. U ishlagan pulini eriga bermadi. Eri, qaynonasi boshida rosa janjal qilishdi. Siz erkaksiz oilada, biz boqishingiz kerak deb turaverdi. Oldimga o‘tirg‘izib qizim, unday qilma, eringning ishlari yurishib ketsa, bu kunlarni ko‘rmaganday bo‘lib ketasizlar, oilada seniki, meniki bo‘lmaydi, desam bilasizmi nima dedi.

“Oyi, mening hayotim ham siznikiga o‘xshashidan qo‘rqaman. Qotgan non bo‘lsa ham boriga shukur qilaman, lekin erim o‘zi harakat qilib, oilani ta’minlamagunicha men kam-ko‘stini to‘ldirmayman. O‘rganib qolib, sen boqyapsan-ku, deb harakat qilmay qo‘ysa nima qilaman? Topganim shu oilamniki, bolalarimga, oilamga sarflayman. Lekin hozir mavridimas”, dedi.

Kuyovim qizimning bu harakatlaridan keyin imtihonlarga qattiq tayyorlanib organ ishiga hujjat topshirdi. O‘tib ketdi. Yaqinda qizimga Spark olib berdi. Qizimchalik aqlim bo‘lmagan ekan, deyman ba’zida o‘zimga.

Qizlarim, o‘qing, ishlang, yo‘qchilikka chidang, yonida turib hamdardi, maslahatchisi bo‘ling, lekin eringizni boqimandalikka o‘rgatib qo‘ymang”, deydi ayol jon kuydirib.

Charos Mannonova suhbatlashdi.

Mavzuga oid