O‘zbekiston | 08:51 / 24.04.2023
10071
6 daqiqa o‘qiladi
Reklama

23 aprel kuni Fransiya poytaxti Parij shahrida "O‘zbekistonlik. GENERATING IDEAS" xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi

Foto: Uzbekistan’s Club

Bu Uzbekistan’s Club kreativ jamoasining mana shunday global miqyosdagi ikkinchi forumi sanaladi. «O‘zbekistonlik» birinchi forumi 2022 yil 1 oktabr kuni Germaniya poytaxti Berlin shahrida bo‘lib o‘tgandi.

Parij forumida dunyoning turli burchaklarida katta muvaffaqiyatga erishib, jahon toifasidagi professionallarga aylangan 200dan ortiq vatandoshlarimiz, O‘zbekistondan tashrif buyurgan kreativ va media sanoatining yetakchi vakillari ishtirok etishdi. «O‘zbekistonlik. Generating Ideas»xalqaro forumining maqsadi - xorijda muvaffaqiyatga erishgan o‘zbekistonliklar o‘rtasida global netvorking maydonini yaratish, O‘zbekiston taraqqiyotiga xizmat qilishi lozim bo‘lgan muhim masalalarda fikr almashishdan iborat. Shu maqsadda forum davomida inson kapitalini rivojlantirish, ekologiya va yashil iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar va kreativ sohalar kabi mavzularda muhokamalar paneli bo‘lib o‘tdi.

Forumda “O‘zbekistonlik” filmining uchinchi qismi premerasi bo‘lib o‘tdi. Muvaffaqiyatga erishgan vatandoshlarimiz hayotidan hikoya qiluvchi filmning navbatdagi epizodida Strasburg filarmoniya orkestri badiiy rahbari va dirijyori Aziz Shohakimov va Shell kompaniyasi IT-arxitektori Madina Berdiyevaning hikoyalari namoyish etildi. Epizodning ommaviy premerasi 26 aprel kuni soat 18:00 da YouTube va My5 telekanali orqali bo‘lib o‘tadi.

Forum ochilishida so‘zga chiqqan O‘zbekistonning Fransiya va Portugaliyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Sardor Rustamboyev loyihani qo‘llab-quvvatlashini, bu o‘zbekistonlik yoshlar uchun katta motivatsiya maydoniga aylanganini ta’kidladi va jamoaga omad tiladi.

Forumning eng asosiy mavzularidan biri Orolbo‘yi mintaqasi muammolari va tobora yo‘qolib borayotgan Orol dengizi haqida bo‘ldi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Aral Dream nodavlat notijorat tashkiloti jamoasi tomonidan tayyorlangan Orolbo‘yi muammolari girdobida yashayotgan qoraqalpog‘istonliklarga bag‘ishlangan “Tuz ichidagi ayol” turkum loyihalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Loyiha qoraqalpog‘istonlik ayollar portreti, qisqa metrajli film va Orol dengizidan ilhomlanib tayyorlangan modalar ko‘rgazmasini o‘z ichiga oladi. “Tuz ichidagi ayol” loyihasining maqsadi iqlim o‘zgarishi va uning Orolbo‘yi mintaqasida yashovchi ayollar hayotiga ta’siriga jahon hamjamiyatining e’tiborini jalb qilishdan iborat. Qisqa metrajli filmning onlayn premerasi 25 aprel kuni araldream.com saytida bo‘lib o‘tadi.

Tadbir davomida, shuningdek forum mehmonlari uchun Uzbekistan’s club platformasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Xalqaro miqyosda muvaffaqiyat qozonib kelayotgan o‘zbekistonliklarni bir yerga jamlash maqsadida yaratilgan global platformaning maqsadi ushbu maydonni o‘zbekistonliklarning aqliy salohiyati habiga aylantirishdan iborat. Taqdimotda xorijda muvaffaqiyatga erishgan o‘zbekistonliklar endi Uzbekistans.club sayti orqali ro‘yxatdan o‘tib, o‘zlari haqidagi ma’lumotlarni qoldirish orqali Uzbekistan’s club jamoasiga qo‘shilishi mumkinligi ma’lum qilindi.

Tomoshabinlar “O‘zbekistonlik” filmining rasmiy saundtrekini repper Konsta tomonidan jonli ijroda kuzatish imkoniga ega bo‘ldi. Klip tadbir bo‘layotgan vaqtda qo‘shiqning YouTube tarmog‘i orqali ko‘rishlar soni 250 mingdan ortgandi. Uzbekistan’s Club jamoasi xorijda muvaffaqiyatga erishgan vatandoshlarimiz haqida yanada ko‘proq hikoyalar berish, yanada kengroq auditoriyaga bu haqda yetkazish, shuningdek, yangi trendlar yaratish maqsadida yangi jurnal yaratishga qaror qildi. Uzbekistan’s Club jurnalining ilk soni navbatdagi «O‘zbekistonlik. Generating Ideas» forumida o‘quvchilar e’tiboriga taqdim etilishi ma’lum qilindi.

Forum hamkorlaridan biri Pepsi savdo belgisi bilan birgalikda kulinar shou taqdim etildi. Unda o‘zbek milliy taomlaridan biri bo‘lgan norin tayyorlash jarayoni shou tariqasida tashkil etildi. Loyiha ijodkorlari kelgusida dunyoning eng katta shaharlarida o‘zbek milliy taomlari festivalini tashkil qilish va shu orqali o‘zbek milliy taomlarini targ‘ib etish maqsad qilinganini ta’kidlab o‘tishdi.

Forumni tashkil etishda eng katta ko‘mak bergan, qadriyatlari biz bilan o‘xshash bo‘lgan O‘zbekistonning yirik kompaniyalari Orient Group, Uzbekistan Airways, Pepsi, ANORBANK va Ucell kompaniyasi rahbariyatining murojaatlari taqdim etildi. Ular nima sababdan mana shu loyihada Uzbekistan’s club jamoasi bilan birga ekanliklari haqida so‘zlab berishdi.

Navbatdagi «O‘zbekistonlik. Generating Ideas» xalqaro forumi kuzda dunyoning yirik poytaxtlaridan birida bo‘lib o‘tadi. Loyiha ijodiy jamoasi bu yil ham filmning yangi epizodlarini suratga olish va premera qilishni rejalashtirgan.

 Uzbekistan’s club matbuot xizmatiⓉ

Mavzuga oid