Jamiyat | 19:26 / 24.04.2023
52702
19 daqiqa o‘qiladi

Ikkinchi tipdagi qandli diabet - ko‘rinmas epidemiya

Diabetoldi jarayoni nima, u nimasi bilan xavfli va uni qanday aniqlasa bo‘ladi? Qandli diabet kasalligining paydo bo‘lish mexanizmlari: genetika, epigenetika va oshqozon osti bezi funksiyasining buzilishi qanaqa? Qandli diabetga qarshi kurashish uchun eng zamonaviy preparatlarga yetishsa bo‘ladimi?

Foto: Unsplash.com

Qandli diabet — og‘ir kechadigan surunkali kasallik bo‘lib, uni haqli ravishda XXI asr epidemiyasi deb atashadi. Yildan yilga qandli diabet bilan kasallanganlar soni ortib bormoqda, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) esa diabet ayniqsa yashash darajasi past va o‘rtacha bo‘lgan davlatlarda shiddat bilan ko‘payayotganini qayd etmoqda.

Lekin aholi jon boshiga daromad yuqori bo‘lgan davlatlarda ham statistika yetarli darajada tashvishli. Masalan, jahonda 20 yoshdan 79 yoshgacha bo‘lgan aholi o‘rtasida 537 million kishi qandli diabetga chalingan — bu balog‘at yoshidagi har o‘n insondan biri degani. Prognozlarga ko‘ra, 2030 yilga borib bu ko‘rsatkich 643 milliongacha, 2045 yilda 783 milliongacha ko‘payadi. Diabet inson hayoti sifatiga jiddiy ta’sir o‘tkazadi, ko‘z ojizlashishi, buyrak yetishmovchiligi, infarkt va insultlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Republik nashri jurnalisti Iroda Sadrayeva endokrinolog Anna Belyayeva bilan birgalikda nega bu kasallik ko‘payayotgani, profilaktika qilish 2-tipdagi diabetdan qutulib qolishga qanday yordam berishi haqida suhbatlashdi.

Qandli diabet insulinning noto‘g‘ri ishlashi bilan bog‘liq metabolik buzilishlarning butun bir kompleksini qamrab oladi. Kasallik oshqozon osti bezi insulin ishlab chiqarishda buzilishi yoki organizm ishlab chiqarilgan insulindan samarali foydalana olmasligi tufayli paydo bo‘ladi. Ikkinchi holat insulinrezistentlik deb ataladi.

Qandli diabet qanday paydo bo‘ladi?

Glyukoza — inson organizmidagi asosiy energiya manbai, u oziq moddalar bilan tanamizga kiradi. Glyukozani insonning bosh miyasi va boshqa organlari «iste’mol» qiladi. Insulin esa oshqozon osti bezidagi β («beta») hujayralar orolchasi tomonidan ishlab chiqariladigan gormon. Uning asosiy vazifalaridan biri glyukoza miqdorini zaxira va nazorat qiladi. Aynan insulin glyukozani hujayralarga tashib, uning qondagi miqdorini kamaytirib turadi. Agar insulinning ishlash tizimi buzilsa, qonda qand miqdori keskin oshib ketadi: giperglikemiya paydo bo‘ladi. Shu vaqtning o‘zida organizmning boshqa hujayralari zarur energiyaga ega bo‘lolmay qoladi.

Qonda glyukoza miqdori surunkali ravishda oshib boraversa, oqsillar va boshqa mikrohujayralar strukturasi va funksiyasi buzila boshlaydi. Diabetning qonning biokimyoviy tahlili natijasida aniqlanadigan asosiy alomatlaridan biri glikirlangan gemoglobin (HbA1c) miqdoridir. Bu qondagi gemoglobin oqsili qismi bo‘lib u glikirlash (tiklovchi uglevodlar hamda organizmdagi oqsillarning erkin aminoguruhlari, shuningdek, lipidlar, nuklein kislotalarning fermentlar ishtirokisiz kechadigan reaksiyaga kirishishi) yordamida strukturasi o‘zgartiriladi. HbA1c ko‘rsatkichi qondagi qand miqdorini 3 oylik davr uchun ko‘rsatib beradi, ya’ni uzoq vaqt mobaynida qondagi glyukoza tebranishlarini aniqlab beradi.

«Biroq glikirlangan gemoglobin qiymatlari kamqonlik, homiladorlik, temir moddasiga ega preparatlarni yaqinda qabul qilganlik tufayli xato ko‘rinishi mumkin. Shuningdek, u qondagi qand miqdorining qisqa muddatga o‘zgarishlarini sezmaydi. Shu sababli kasallikka tashxis qo‘yishda glyukoza miqdori ovqat tanovul qilgandan keyin ham o‘lchanishi, shuningdek, glyukozatolerant test ham o‘tkazilishi muhim. So‘nggi holatda bemorning venasidan ikki marta qon olinadi. Biri och qoringa, ikkinchisi glyukoza eritmasini suv bilan ichganidan 10 daqiqa o‘tgach. Oradan ikki soat o‘tib, muolaja qaytariladi», — deydi Anna Belyayeva.

Shu sababli kamida ikkita ko‘rsatkich normadan baland bo‘lsa, diabet bir qator tekshiruvlardan so‘ng aniq tashxislanadi. HbA1c chegaralari 6,5 foizdan oshsa, vena qoni plazmasida glyukoza miqdori och qoringa 7 mmol/l, ovqat yeyilganidan so‘ng 11 mmol/l dan oshsa, bemor kasallikka chalingani ma’lum bo‘ladi.

 

Foto: Unsplash.com

Diabet oldi nima va uning xavfi nimada?

Diabetoldi deganda tushunish kerak bo‘lgan asosiy narsa — u diabet xavfi paydo bo‘lishini 12 karraga oshiradi. Bu vrach uchun muhim signal. 1990-yillarning oxirida bir guruh nemis olimlari keng miqyosli tadqiqot o‘tkazib, qon tarkibida glyukoza miqdorining arzimagan darajada ko‘tarilishi ham yurak-qon tomir kasalliklaridan vafot etish xavfini 16–40 foizga oshiradi, degan xulosaga kelgan.

Diabetoldi qondagi qand miqdori me’yorning yuqori diapazoniga yaqinlashsa yoki bir tekis baland bo‘lgan holatga tashxis qo‘yadi. Bu och qoringa o‘lchanganda 6,0 mmol/l yoki ovqat yeyilganidan so‘ng 7,8 mmol/l ekanini ko‘rsatadi.

«Diabetoldi holati qandli diabetning debochasi deb juda to‘g‘ri atalgan. Bu holat metabolik muammolarga ishora qiladi: organizmning ishlashi yo noto‘g‘ri, yoki optimal bo‘lmagan yo‘ldan ketmoqda», — deydi Anna Belyayeva.

Agar 10 yil avval qondagi qand miqdori qisqa muddatga oshgani inson uchun bezarar deb hisoblangan bo‘lsa, so‘nggi tadqiqotlar buning teskarisi ekanini ko‘rsatmoqda. Mana shu qisqa vaqt ichida ham metilglioksal — organizmning oqsil strukturasi funksiyasi buzilishiga sabab bo‘luvchi molekula miqdori orta boshlaydi. Giperglikemiya ortidan kelib chiqqan buzilishning oldini olsa bo‘ladi, agar glyukozani nazorat qilish juda erta boshlansa. Lekin qondagi qand miqdori ko‘tarilgani uzoq vaqt davomida saqlanib tursa uni ortga qaytarish juda qiyin.

Diabetoldi holatini juda osongina o‘tkazib yuborish mumkin. Bundan kelib chiqadiki, qondagi qand miqdori eskicha usulda va doimiy asosda monitoring qilib borilishi kerak.

Ayni paytda Amerika kasalliklarni nazorat va profilaktika qilish markazi (CDC) ma’lumotlariga ko‘ra, diabetoldi holatiga duchor bo‘lgan insonlarning 84 foizi o‘z tashxisidan mutlaqo bexabar bo‘ladi. Bunga sabab odatda diabetoldi holatining alohida belgilari bo‘lmaydi. Diabetoldi holatining kamsonli ehtimolli simptomlaridan biri tirsaklar, bo‘yin, qo‘ltiq osti va chotdagi terining qorayishidir. Uni aniqlashning yagona usuli — risk guruhidagi bemorlarda och qoringa va ovqat tanovul qilinganidan so‘ng glyukoza darajasini muntazam baholab borish.

Shunisi xavfliki, bemorlarning ko‘pchiligi o‘z tashxisidan bexabar bo‘ladi va davolashni boshlab, o‘z hayoti trayektoriyasini yaxshi tomonga o‘zgartirish mumkin bo‘lgan qimmatli fursatni boy beradi.

Diabetoldi holatiga tashxis qo‘yishda vrach qondagi qand miqdorini me’yoriy diapazonda ushlab turishni ta’minlovchi davolash kursini belgilashi mumkin. Bunga shunchaki hayot tarzini biroz o‘zgartirib ham erishsa bo‘ladi. Mutaxassislar jismoniy faollikni haftasiga 300 daqiqagacha oshirish, chekishni tashlash, alkogol iste’mol qilmaslik, ovqatlanish rejimi va sifatiga e’tibor qilishni tavsiya etishadi.

Foto: Unsplash.com

Diabet qanaqa bo‘ladi?

JSST tasnifiga ko‘ra, qandli diabetning bir necha ko‘rinishi bor. Bu birinchi va ikkinchi tipdagi diabet, gestatsion (homiladorlarga xos) diabet, SD tipidagi boshqa spetsifik diabetlar. Asosan kattalarda va juda kam uchraydigan latent avtoimmun diabet (LADA yoki «1,5-tipga oid diabet») alohida tip sifatida ajratilgan.

Kasallikning eng ko‘p tarqalgan ko‘rinishi 2-tipdagi qandli diabetdir. Unga kasallik aniqlangan holatlarning 95 foizi to‘g‘ri keladi, 1-tipga esa bor-yo‘g‘i 5 foiz.

1 va 2-tipdagi diabetlar turli sabablarga ko‘ra paydo bo‘ladi. 1-tipdagi diabetda oshqozon osti bezi insulin ishlab chiqarishdan to‘xtaydi, chunki insonning o‘z immun tizimi oshqozon osti bezining insulin ajralib chiqarishga mas’ul orolchali hujayralariga hujum qiladi. 2-tipdagi diabetda oshqozon osti bezi avvalgidan kamroq insulin ishlab chiqara boshlaydi, inson organizmi insulinga sezgirlikni yo‘qotadi va insulinrezistentlik paydo bo‘ladi.

Diabetning eng muhim belgilari quyidagilar:

  • Chanqoqlikning oshishi;
  • Tez-tez siydik chiqarish;
  • Ishtahaning nihoyatda ochilishi;
  • Charchoq;
  • Ko‘rish qobiliyatining tumanlashishi;
  • Qo‘l-oyoqlarning tez tez sanchishi va uvishishi;
  • O‘tkir retseptorli virus infeksiyalariga tez-tez chalinish;
  • Yaralarning juda sekin bitishi;
  • Vazn yo‘qotilishi.

Qandli diabetda ham xuddi diabetoldi singari hech qanday belgilar yuz bermasligi, qon tahlillarida glyukoza darajasining yuqoriligi bemor uchun noxush syurpriz bo‘lishi ham mumkin.

Diabet tipining aniqlashtirilishi to‘g‘ri davolanish kursini tanlashda yordam beradi. 1-tipdagi qandli diabetda umrbod insulin qabul qilish bilan terapiya belgilanadi, 2-tipda esa insulinrezistentlikni kamaytiruvchi, insulin ishlab chiqarishni yaxshilovchi yoki ortiqcha glyukozani siydik bilan chiqarib tashlovchi dorilar yozib beriladi. Kasallikning ayrim formalari irsiyatga ham bog‘liqligidan, ularni farqlash homiladorlikni rejalashtirishda va bemorning yaqin qarindoshlari orasidan risklarni aniqlashda asqatadi.

Kasallikning rivojlanishi bo‘yicha individual riskni FINDRISC shkalasi bo‘yicha hisoblab topish mumkin. Tadqiqot 45 yoshdan katta bo‘lgan barchaga, shuningdek risk guruhidagilarga tavsiya etilgan. Risk guruhidagilar quyidagilar:

  • Oilasida 2-tipdagi qandli diabet tashxisi qo‘yilgan insonlar;
  • O‘tirib ishlaydigan insonlar;
  • Gestatsion diabetga chalingan yoki yirik chaqaloq (4 kilodan ziyod) dunyoga keltirgan ayollar;
  • Gipertenziyaga chalingan, xolesterin darajasi yuqori, polikistoz tuxumdonlar sindromiga ega bemorlar va boshqalar.

Agar natijalar yaxshi, xavf darajasi past bo‘lsa, testni uch yilda bir marta qayta o‘tkazsa ham bo‘laveradi.

Diabetning paydo bo‘lishi: genetika, epigenetika va oshqozon osti bezi funksiyasining buzilishi

Mutaxassislar diabet rivojlanishining kamida 8 ta mexanizmini sanashadi. Bu genetik, epigenetik omillar, semirish, insulinrezistentlik va oshqozon osti bezi β («beta») hujayralari funksiyasining yo‘qotilishi. Ularning barchasi qandli diabet patogenezida muhim rol o‘ynaydi.

Biroq eng muhim omil — oshqozon osti bezining o‘z vaqtida yetarli miqdorda insulin ishlab chiqarish bo‘yicha to‘g‘ri ishlashi.

Qonda glyukoza miqdorining doimiy konsentratsiyasini ta’minlab turish — oson ish emas. Yormalar, ko‘plab meva va sabzavotlar, sut mahsulotlari glyukoza manbai hisoblanadi va ular iste’mol qilingan vaqtda glyukoza organizmga ko‘plab kiradi. Organizmning bu vaqtdagi vazifasi glyukozaning ortiqcha qismini zaxiraga to‘plash. Tunda, ovqat iste’mol qilish oraliqlarida va jismoniy faollik vaqtida organizmning faoliyat ko‘rsatishi uchun glyukoza, aksincha, zaxiradan qonga o‘tishi kerak.

Ko‘plab mexanizmlar insulin ishini tartibga soladi. Jigar, buyrak va mushaklar — glyukoza zaxirasi saqlanadigan asosiy joylar. Jigar glyukozaning ortiqcha qismini yog‘ga aylantiradi, oq yog‘ to‘qimasi (charvi) esa erkin suzib yurgan yog‘lar boshqa organlarga ziyon yetkazmasligi uchun ularni tutib, zaxiraga to‘playdi. Ichaklarning hujayralari hazm qiluvchi fermentlar va insulin ishini tartibga solish uchun inkretin gormonlari ishlab chiqaradi. Ichaklarning bo‘shliqlari mikrobiotlar, simbiont bakteriyalar uchun uy sanaladi, ularning ayrimlari insulinni o‘g‘irlaydi va bizning tanamizga ta’sir qilmaydigan tarzda bulochka yeyish uchun imkon yaratadi.

Shamollash holatlarida immun tizimning faollashishi organizmning qolgan qismiga kasallik davrida hujayralarni ta’minlash uchun glyukoza darajasini oshirish zaruriyati vujudga kelgani borasida signal beradi. Simpatoadrenal tizim stress chog‘ida organizmni oziq moddalar bilan ta’minlash uchun mas’ul. Bosh miya ham glyukoza darajasini nazorat qilishda ishtirok etadi.

Bu tartibga solish jarayonining istalgan biri buzilsa qonda kglyukoza miqdori oshib ketishi mumkin. Darvoqe, biz gipoglikemiyadan yaxshi saqlanganmiz, qonda qand miqdori tushib ketishi uning oshib ketishiga nisbatan kamroq uchraydigan hodisa. Organlarning diabet keltirib chiqarish darajasida buzilishiga yog‘larning charvi ko‘rinishida to‘planishdan ortib ketishi, qonga kirib, yog‘ to‘plash uchun moslanmagan organlarda yig‘ilishi sabab bo‘ladi. Lekin organlardagi boshqa kasalliklar ham diabet chaqirishi mumkin. Masalan, Itsenko-Kushing sindromi. Unda buyrak usti stressning kortizol gormoni yoki gipogonadizm — testosteron va estradiolning kamaytirilgan mahsulotini ortiqcha ishlab chiqaradi.

Diabetga sabab bo‘luvchi uglevod almashinuvi buzilishi mexanizmlaridan yana biri reproduktiv tizimning buzilishidir. Masalan, yosh ayollarda androgenlar (steroid erkaklar gormoni) ortiqcha bo‘lishi hujayralarning insulinga sezgirligini kamaytiradi, menopauza kelishi bilan estrogen miqdori kamayishi tufayli diabet riski oshadi. Shuningdek, ayrim tadqiqotlar testosteron taqchilligiga ega erkaklarda diabet rivojlanishi riski borligini ta’kidlaydi. Reproduktiv tizim bo‘lajak homilaning rivojlanishi uchun zaxiralarni to‘plash va sarf qilish ishiga aralashadi.

Diabetga olib keluvchi yetakchi omillar holatdan holatga qarab individual hisoblanadi. Ammo asosiy jarayonlar oshqozon osti bezining insulin ishlab chiqarish faoliyati buzilishi yoki hujayralarning insulinga sezgirligi kamayishidir.

2-tipdagi diabet — irsiy kasallikmi?

«Irsiy moyillik qandli diabetning nafaqat 1-tipdagi, balki 2-tipdagi rivojlanish riskida ham muhim rol o‘ynaydi. So‘nggi o‘n yilliklarda o‘tkazilgan polnogenom tadqiqotlar insulin ishlab chiqarishda ishtirok etadigan ko‘plab genlar bilan murakkab irsiy bog‘liqlik borligini ko‘rsatgan. Aynan bir genni ajratib ko‘rsatib bo‘lmaydi. Qoida tariqasida ham ota, ham onadan teppa teng meros qilib olingan diabetga moyillik yoki undan asrovchi butun bir omillar kompleksi haqida gap bormoqda.

Genlarda dasturlashtirilgan axborotlardan foydalanish homilaning bachadonda rivojlanish davriga qattiq bog‘liq. Agar homilaga oziq moddalar yetishmasa yoki qand va yog‘lar ortiqcha berilsa, katta bo‘lganida uning zaxira qilish genlari faolroq ishlaydi va inson semirish va diabetga qarshi kurashishga qiynaladi. Bu genlarda paydo bo‘luvchi maxsus belgilar —epigenetiklar sababli yuz beradi. Genetika va epigenetikaning umr davomida diabetga chalinish umumiy riskidagi ulushi 20–30 foizni tashkil etadi. Qolgan 70–80 foizi ovqatlanish, harakatchanlik, bolalikdagi va balog‘at ostonasidagi salomatlikka bog‘liq», — deydi Anna Belyayeva.

Foto: Unsplash.com

Zamonaviy ma’lumotlar inson ko‘proq 2-tipdagi diabetga moyil bo‘lishidan gapiradi, biroq risklarni hisobga olib, tavsiyalar (sog‘lom ovqatlanish, jismoniy harakatlar, ortiqcha vaznga ega bo‘lmaslik) asosida yashashni taqozo etadi. Bunday strategiya bilan 2-tipdagi qandli diabet riskini butunlay yo‘q qilish mumkin.

Qandli diabet bilan kurashish uchun eng yangi preparatlar

«10–15 yil avval qonda qand miqdorini kamaytirib, organizmning glyukoza miqdori o‘zgarishiga sezgirligini saqlab qoluvchi preparatlar paydo bo‘lishi bilan diabetologiyada katta qadam tashlandi», — deydi Anna Belyayeva.

Vrachning fikricha, bu glyukoza miqdorini nazorat qiluvchi mexanizmlarlarni ishga tushirish, uning miqdorini kun bo‘yi bir maromda ushlash imkonini beradi. Sulfonilmochevinlar va insulinlar sinfiga oid avvalgi preparatlar qand miqdorini «keskin» tushirib yuboradi, ular organizmning talablariga sezgir emas. Glyukozaning o‘rtacha miqdori pasayadi, lekin kun davomida katta farq saqlanib turadi.

Amerika diabet assotsiatsiyasi (ADA)ning so‘nggi tavsiyalariga ko‘ra, eng zamonaviy va ommaviy foydalanilayotgan preparatlar (aGPP-1, NGLT 2 ingibitorlari) bu ustunlikni saqlab qoladi, biroq «qo‘shimcha bonuslar»ga ega. Masalan, ishtahani kamaytirish, bu vazn orttirishni tormozlaydi, o‘nlab kilogramm vazn tashlashga sabab bo‘ladi, kasallikning yurak, qon tomirlar va buyrakka ta’sirini yengillashtiradi.

Uyqu, stress va ovqat: hayot tarzi 2-tipdagi diabet rivojlanishiga qanday ta’sir qiladi?

Jismoniy yuklamalar, ovqatlanish, uyqu va stress — 2-tipdagi diabetni profilaktika qilish uchun diqqat qaratish lozim bo‘lgan asosiy omillardir. Jismoniy faollik hajmi (haftasiga 300 daqiqa), ortiqcha vazndan voz kechish va ovqatlanish ratsionining muvozanatlashgani ham ahimiyatga ega.

2023 yilning martida Nature Medicine jurnalida chop etilgan tadqiqot 200 ming kishining hayot tarzi va ovqatlanish ratsioni ustidan 30 yillik kuzatuvlardan so‘zlaydi.

«Insulin miqdorining keskin sakrashiga sabab bo‘lmaydigan, o‘simlik polifenollariga boy, sanoat darajasida qayta ishlangan oziq-ovqatlar bilan kamroq ovqatlanish nafaqat 2-tipdagi diabet riskini, boshqa surunkali kasalliklar, jumladan xavfli o‘simtalar rivojlanishi riskini ham keskin kamaytiradi», — deyishmoqda ekspertlar.

Diabetning oldini olish uchun jismoniy mashqlar foydasi bir necha tadqiqotlarda o‘z tasdig‘ini topgan. Finlandiyada o‘tkazilgan diabet profilaktikasi atigi 3,5 kg vazndan xalos bo‘lish 2-tipdagi diabetga uchrash riskini ikki barobar qisqartirishini ko‘rsatgan.

Kam harakatchan hayot tarziga nisbatan haftasiga 150 daqiqa tez yurish va hokazo yengil jismoniy mashqlar bajarish ham diabet paydo bo‘lishi xavfini kamaytarishini ko‘rsatgan.

«Umuman olganda, jismoniy chiniqish darajasi qanchalik yuqori bo‘lsa, diabet paydo bo‘lish riski shunchalik kam. Biroq haftasiga 300 daqiqadan ko‘p bo‘lgan ortiqcha jismoniy zo‘riqish yurakka zarar yetkazib qo‘yishi mumkin. Shuning uchun og‘ir jismoniy mashqlar vrach nazorati ostida o‘tkazilishi kerak», — deydi endokrinolog.

Mavzuga oid